Krossovkani kir yuvish mashinasiga solish mumkinmi? Kiyim-kechaklar bilan bog‘liq ko‘p uchraydigan savollarning javobi
Ba’zida moda murakkab va ularni tushunish mumkin emasdek tuyuladi. Xarid qilingan kiyimlardagi tushunarsiz detallar va ularni nima qilish haqidagi ma’lumotlar esa sizga bu borada yordam berishi mumkin.
Foto: CosmopolitanNima uchun kiyim cho‘ntaklari tikilgan(yopiq)bo‘ladi?
Jinsi, palto, pidjak va yubkalardagi cho‘ntaklarning qo‘l soladigan qismi tikib qo‘yilganiga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Gap shundaki, do‘konda kiyim kiyib ko‘rish jarayonida xaridorlar uning cho‘ntagiga qo‘l solib ko‘rishni yaxshi ko‘radi. Ikki-uch marta ushbu holat takrorlanishi esa matoning cho‘zilishi va ko‘rimsiz holga kelishiga sabab bo‘ladi. Aynan shuning uchun ham ishlab chiqaruvchilar bunday usulni o‘ylab topgan. Xaridor sotib olganidan keyin, xohishiga qarab cho‘ntakning choklarini ochishi mumkin.
Krossovkani kir yuvish mashinasida yuvsa bo‘ladimi?
Foto: CosmopolitanIloji boricha bunday qilish tavsiya qilinmaydi. Chunki yuvish jarayonida poyabzal barabanlarga uriladi va holat yomonlashadi. Qolaversa, suvning taglik ichiga kirgani sabab uning amortizatsion xususiyatiga zarar yetishi mumkin. Yaxshisi uni qo‘lda yuving yoki maxsus tozalaydigan markazlarga olib boring. Bog‘ichlarini esa alohida olib yuvishni unutmang.
Nima uchun poyabzal qutisiga mayda sharchali qog‘oz paket solinadi?
Foto: CosmopolitanMazkur paketchalarga silikagel — namlik va yomon hidni o‘ziga oladigan sorbent solingan bo‘ladi. Ularni tashlab yuborishga shoshilmang. Paketchalar yomg‘ir yoki nam bo‘lgan poyabzalni tezroq qurishiga yordam beradi. Bundan tashqari, telefon yoki boshqa texnika suvga tushib ketganida ham yordam berishi mumkin. Buning uchun texnikaning atrofiga mana shunday paketchalar qo‘yib, bir necha soatga qoldiring.
Nima uchun komplekt kiyimlarda kichkina mato bo‘lagi qo‘shib beriladi?
Foto: CosmopolitanQo‘shimcha sifatidagi bunday matolar tajriba uchun bo‘ladi. Ya’ni issiq suv, kir yuvish kukuni ta’sirida kiyimda qanday o‘zgarish kuzatilishini ushbu matoda sinab ko‘rsa bo‘ladi.
Qanday liboslarni kiyim ilgichda saqlab bo‘lmaydi?
Foto: CosmopolitanTrikotaj va jun matosidan tikilgan liboslarni kiyim ilgichda saqlash, ularning shakli buzilishi yoki osilib qolishiga olib keladi. Bunday kiyimlarni shunchaki taxlab shkafga qo‘yish mumkin, g‘ijim bo‘lmaydi. Shuningdek, uzun liboslarni kiyim ilgichga yelka qismidan ilib qo‘ymaslik kerak. G‘ijim bo‘lgani sabab har safar yangidan dazmol qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Yaxshisi bunday liboslarni shkafga o‘rtasidan bukib ilib qo‘ying.
Kiyimdagi qanday yorliqlarni olish, qaysilarni esa olmaslik kerak?
Foto: CosmopolitanKiyimdagi nomsiz ishlab chiqaruvchilar tomonidan tikilgan yorliqlarni olib tashlang. Dizaynerlarning brend liboslari “nashivka”lari esa bundan mustasno. Ularni boshqalaridan ajratib olish oson — qattiq va sifatli matodan tikilgan bo‘ladi. Zo‘rg‘a tikilgan, bachkana va ilinib turgandek bo‘lgan yorliqlar esa kerak emas. Kiyim xarid qilganda uning tashqi tomonidagi yorliqni darhol olib tashlash kerak, keyinroq mato rangi o‘zgarishi, yorliq olinganidan keyin esa farqi bilinib, dog‘ga o‘xshab qolishi mumkin. Ko‘rinmay turadigan bo‘lsa va noqulaylik keltirib chiqarmasa, kiyim ichidagi yorliqlarni olib tashlashga hojat yo‘q. Olib tashlash niyatingiz bo‘lsa, undagi matoni yuvish va dazmollash haqida yozilgan tavsiyalarni qayd qilib oling yoki suratga tushiring.
Manba