Salomatlik Ayollar uchun Qishki kiyim va poyabzallarga zarar yetmasligi uchun ularni qanday saqlash kerak?

Qishki kiyim va poyabzallarga zarar yetmasligi uchun ularni qanday saqlash kerak?

O'qildi: 511


Qishki kiyim va poyabzallarga zarar yetmasligi uchun ularni qanday saqlash kerak?

Kiyim va poyabzallarni olib qo‘yishda ayrim jihatlar inobatga olinmasa, ular noto‘g‘ri saqlansa, kuya tushishi, matoning rangi o‘zgarishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin.

Foto: Freepik

Saqlashning asosiy qoidasi: Ko‘proq havo, kamroq yorug‘lik va namlik

Istalgan kiyim-kechakni olib qo‘yishdan avval yuvish va tozalash yoki kimyoviy tozalashga berish kerak. Bu ayniqsa och rangli poyabzallarga taalluqli. Sizga ko‘rinmagani bilan dog‘lar bir necha oydan keyin namoyon bo‘lishi, shundan keyin ketkazish yanada qiyin bo‘lishi mumkin.

Atir va dezodorant vaqt o‘tishi bilan mato rangini o‘zgartirishi, ovqat dog‘i esa kuya tushishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Kiyim-kechaklar yuvilganidan keyin yaxshilab qurimaguniga qadar uni shkafga qo‘yishga yoki taxlashga oshiqmaganingiz yaxshi. Ularni havo o‘tmaydigan, qalin polietilen paketlarda saqlamang. Havo tegmagani hisobiga mato sarg‘ayishi mumkin. Matoli qop yoki havo o‘tadigan tekstil quti(korobka)larda saqlang. Qog‘oz paket yoki eski yostiq jildlaridan ham foydalansa bo‘ladi.

Mutaxassislar kiyimlarni saqlashda vakumli qoplardan foydalanishni tavsiya qilmaydi. Joy tejash imkonini bergani bilan unda jun matosidan tikilgan palto va kurtkalarni saqlamagan yaxshi. Bu matoga zarar yetishiga olib kelishi mumkin. Jun matoli kiyim-kechakni kiyim ilgichda saqlash matoning shakli buzilishi, cho‘zilishiga olib keladi. Yaxshisi taxlab eski yostiq jildi yoki choyshabga o‘rab, olib qo‘ying. Kiyimlarni saqlash uchun 21 daraja haroratdan mukammali yo‘q. Kiyimlarni quyosh nuri va namlikdan saqlash kerakligi sabab ham garderob sifatida balkondagi shkaf yoki yorug‘lik tushmaydigan xonadan foydalaning.

Nimadan boshlash kerak?

Shkaf va kiyim ilgichdagi kiyim-kechaklarni bir joyga to‘plab ularni uchga ajrating:

  • Ustki kiyimlar: kurtka, shuba, palto;
  • Aksessuarlar: shapka, sharf, qo‘lqop;
  • Boshqa qalin, jun matosidan tikilgan kiyimlar: sviter, kardigan va jaketlar.
Kiymaydigan va yuvilishi(mashinada yuviladigan alohida, qo‘lda yuviladigani alohida)kerak bo‘lgan kiyimlarni ajrating. Kiyimlarni saqlaydigan joy yoki polkani yaxshilab artib, changlardan tozalab oling. Qog‘oz quti yoki solinadigan narsani tayyorlab oling.

Palto va kurtka

Cho‘ntaklarini tekshiring, zamok yoki tugmalarini taqib taxlang va qutiga joylang.

Shuba

Juda ham nozik va zarar yetkazish mumkinligi sabab ham shubalarni professional tozalash xizmatlariga yilda bir marta berib turish tavsiya qilinadi. Keyin esa quruq va yog‘ochdan ishlangan kiyim ilgichlarda saqlash kerak. Shuba boshqa kiyimlarning orasida bo‘lmasligi, uning ustidan g‘ilof yoki to‘q rangli mato yopilishi kerak. Mato shubadan 10-15 sm uzunroq bo‘lishi lozim, polietilendan foydalanmang.

Shapka va sharflar

Shaklini yo‘qotmasligi kerak bo‘lgan shapka ichini qog‘oz bilan to‘ldiring. Solish uchun maxsus quti topilmasa, poyabzalnikidan foydalaning.

Sviterlar

Yenglarini o‘rtasiga, pastki qismini esa yuqoriga qilib taxlang. Jun matosidan tikilgan yoki boshqalardan qalinrog‘ini qutining tagiga qo‘ying. Tosh va ko‘zli bo‘ladigan bo‘lsa, orasiga qog‘oz qo‘yishni unutmang. Qutiga solishda vertikal saqlash usulidan foydalanganingiz yaxshi.

Uzun kiyimlar

Garderobda joy bo‘ladigan bo‘lsa, jun matosidan tikilgan ko‘ylak, palto yoki plashlarni olib qo‘yishga hojat yo‘q. Bir tarafga qo‘yib ustidan matoli qop yoki g‘ilof kiydiring, ammo sellofan va plyonkadan foydalanmang.

Poyabzallar

Olib qo‘yishdan avval yaxshilab yuving yoki tozalab oling. Tozalangan oyoq kiyimni silikagelli(namiqishining oldini olish uchun)bor qopchalarga soling. Qattiq oyoq kiyimlarga iz tushib qolishining oldini olish uchun ichini g‘ijimlangan qog‘oz bilan to‘ldiring. Iloji bo‘lsa uzun etiklarni vertikal va poyabzallarning maxsus qopchalarida saqlang. Tabiiy mo‘ynali yoki teridan ishlangan poyabzalga kuya tushishining oldini olish uchun quti ichiga unga qarshi vosita qo‘yishni unutmang.



Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.