Biz deyarli har kuni iste’mol qiladigan qalbaki mahsulotlar
Do‘konda chiroyli yorliq yopishtirib qo‘yilgan har qanday mahsulotga uchmaslik, salomatlikni xavf ostiga qo‘ymaslik va mablag‘ni qalbaki mahsulotga sarflamaslik uchun quyidagilarga amal qilish tavsiya qilinadi.
Pishloq
Foto: PixabayPishloqning sifatlisi arzon bo‘lishi mumkin emas. Masalan, asl parmezan pishlog‘i qattiq bo‘ladi, do‘kon peshtaxtasidagi parmezan deb yozib qo‘yilgan, ammo yumshoq bo‘lgan pishloqqa palma yog‘i qo‘shilgan bo‘ladi.
Qanday tekshirish mumkin?
Tarkibini ko‘zdan kechiring. Asl pishloq sut, tarkibida shirdon suvi bo‘lgan ferment va achitqidan tashkil topgan bo‘ladi. Yorliqda uzundan uzun stabilizatorlar, quritilgan sut va konservantlar yozilgan ro‘yxatga ko‘zingiz tushsa, bilingki bu qalbaki pishloq. Pishloqning bir bo‘lagini olib, unga yod tomizib ko‘ring, agar ko‘karsa, demak, pishloq tarkibida kraxmal bo‘ladi. Bu pishloq emas, pishloqli mahsulot ekanidan darak beradi. Boshqa yo‘li ham bor: pishloq bo‘lagini olib olovga tuting, sifatli pishloq erib kuygan sutning hidi chiqadi. Qalbaki mahsulot esa yonib ketadi.
Zaytun yog‘i
Foto: PixabayO‘rta yer dengizi oshxonasini sevuvchilar, zaytun yog‘ining to‘q shisha idish yoki temir bankaga solinganini olish kerakligini yaxshi biladi. Chunki ayrim tadbirkorlar pul ishlash uchun o‘simlik, makkajo‘xori yoki soya moyiga bo‘yoq va “aromatizator” qo‘shib, zaytun moyi yorlig‘ini yopishtirib sotuvga chiqarish hollari ham kuzatilib turadi.
Qanday tekshirish mumkin?
Asl va qalbaki moyni ta’midan faqatgina ekspertlar aniqlay oladi. Siz esa boshqa yo‘lni sinab ko‘ring: shisha idishga solingan moyni muzlatkichga qo‘ying. Haqiqiy mahsulot quyuqlashib, cho‘kmalar hosil bo‘ladi.
Shokolad
Foto: PixabayShokoladning qanday ekani, ta’mi qanday bo‘lishi uning tarkibidagi kakao yog‘iga bog‘liq bo‘ladi. Asl kakaoda antioksidantlar, polifenol va alkaloidlar bo‘lib, bunday kakaodan tashkil topgan shokoladning ifori ham boshqacha bo‘ladi, insonga foyda beradi va kayfiyatni ko‘taradi. Ammo, shokoladdagi kakao yog‘ini boshqa o‘simlik yog‘i bilan almashtirib ishlab chiqaradiganlar ham yo‘q emas.
Qanday aniqlash mumkin?
Tarkibini o‘qib chiqing va qanday yog‘ ishlatilganiga diqqatingizni qarating. Haqiqiy shokolad silliq yaltiroq bo‘lib, plastilinga o‘xshamaydi. Palma yog‘i qo‘shilgan shokolad ovozsiz bo‘linadi, haqiqiysini bo‘lganda esa, kisirlagan ovoz eshitiladi. Shokolad bo‘lagini barmog‘ingizga qo‘yib kuting, sifatli mahsulot erib qo‘lingizga yopishadi.
Smetana, tvorog va sut
Foto: PixabayO‘simlik yog‘lariga kraxmal qo‘shib yorqin bankalarga solingan har qanday mahsulot ham smetana bo‘lavermasligini unutmang. Ba’zi ishlab chiqaruvchilar, boshqa mahsulotlarni ustiga sut yoki tvorog yorlig‘ini yopishtirib sotuvga chiqaradi. Lekin yaxshilab ko‘z tashlansa, ko‘zga ko‘rinmaydigan darajada kichkina qilib sutli ichimlik yoki tvorog mahsuloti deb yozilganini ko‘rish mumkin.
Qanday tekshirish mumkin?
Bir qoshiq smetanani qaynoq suvga soling. Asl smetana tezda aralashib ketadi, tarkibida soya oqsili bo‘lgan smetana esa cho‘kma hosil qiladi.
Turli qo‘shimcha va arzon yog‘lar qo‘shilgan tvorog qizdirilganda yog‘ ajralib chiqadi. Sutni esa faqatgina tatib ko‘rib aniqlash mumkin.
Qahva
Foto: PixabayDonli qahvani qalbakilashtirish oson bo‘lmagani uchun firibgar tadbirkorlar eruvchan qahva ishlab chiqarishni afzal biladi. Kuydirilgan shakar, arpa va soya dukagiga ham qahva deb yorliq yopishtirilib sotilishi mumkinligini unutmang.
Qanday tekshirsa bo‘ladi?
Sifatli qahva arzon bo‘lmaydi. Yaxshisi esa, donli qahva sotib olib undan mustaqil ravishda tayyorlash.
Manba