Nima uchun kir yuvish mashinasining ichki qismini tozalash kerak va bu qanday amalga oshiriladi?
Vaqt o‘tishi bilan kir yuvish mashinasi kiyimlarni avvalgidek yaxshi yuvmaydi va kiyimlarda nam, mog‘or hidi paydo bo‘ladi. Buning oldini olish uchun muntazam ravishda kukun solinadigan qism, barabanga e’tibor berish va profilaktik tozalashni amalga oshirish kerak, deb yozadi “Noviy ochag”.
Foto: “Noviy ochag”Kir yuvish mashinasining ichki qismini qanday yuvish kerak?
Kir mashinasida bakteriya va mog‘or to‘planishining oldini olish uchun vaqti-vaqti bilan sirka va iste’mol sodasi kabi oddiy vositalardan foydalanish mumkin. Ushbu mahsulotlar kukun va kir qoldiqlarini tozalashga yordam beradi.
Asosiy usul
- Ikkita idish olinadi: birida suyuq aralashma tayyorlash uchun iste’mol sodasi suv bilan aralashtiriladi, ikkinchisida sirka(taxminan bir stakan)quyiladi.
- Iste’mol sodasi kukun solinadigan qismga va sirka esa mashina barabaniga quyiladi.
- So‘ngra mashina rejimi eng yuqori harorat va uzoq vaqtga qo‘yiladi.
- Sikl tugagandan so‘ng toza gubka yordamida baraban artib olinadi.
Har doim baraban eshigiga, aniqrog‘i, rezina tasmaga e’tibor berish lozim, u yerda yuvish paytida mayda chiqindi, chang va kir suvlar to‘planadi. Eshik doimo mahkam yopilgani tufayli namlanadi, uning ustida mog‘or to‘planadi va natijada yoqimsiz hid paydo bo‘ladi. Shuning uchun yuvishdan keyin eshikni taxminan yarim soat ochiq qoldirish tavsiya etiladi.
Eshikning rezina tasmasini muntazam ravishda artib, vaqti kelganda to‘plangan barcha chiqindilarni olib tashlash kerak: chang, ip, soch, tanga, jun va boshqalar. Agar mog‘or paydo bo‘lgan bo‘lsa, uni maxsus tozalash vositasi, oqartiruvchi yoki sirka bilan ketkazish mumkin.
Kukun solinadigan qism
Kukun solinadigan qism ham vaqt o‘tishi bilan kir bo‘ladi, mog‘or bilan qoplanadi va suv ta’siridan sarg‘ayadi. Uni tozalash uchun avval ushbu qismni tortib chiqarish kerak.
Iste’mol sodasi yoki boshqa tozalash vositasi va issiq suv ostida tozalanadi. Agar o‘ta kir bo‘lsa, u issiq suv, soda, sirka, limon kislotasi va idish-tovoq sovuni solingan idishga solinadi. 20-30 daqiqaga qoldirib, so‘ngra gubkaning qattiq tomoni bilan artib olinadi. Zang yoki boshqa kirlar uchun eski tish cho‘tkasidan ham foydalanish mumkin.
Nasos filtri
Filtr kir yuvish mashinasining muhim qismidir, ko‘pincha u mashinaning pastki o‘ng tomonida, eshik orqasida joylashgan bo‘ladi. Uni kamida 6 oyda bir marta tozalash kerak, aks holda kir yuvish mashinasi suvni sekinroq to‘kadi va bu kir yuvish sifatiga yomon ta’sir qiladi, shuningdek, yoqimsiz hidga olib kelishi mumkin. Filtrni soat miliga teskari burab, mashina ostiga chiqariladigan suv uchun idish qo‘yiladi. Tozalangandan keyin qayta joylashtiriladi.
Manba