Uyingizdagi qaysi buyumlar birinchi navbatda dezinfeksiya qilinishi kerakligini bilasizmi?
Uydagi ayrim buyumlar koronavirus pandemiyasi vaqtida o‘zida ko‘zga tashlanmaydigan xatarni aks ettiradi. Lifehacker infeksiyadan himoyalanish uchun qaysi buyumlarni birinchi navbatda zararsizlantirish kerakligi haqida so‘z yuritadi.
Foto: LifehackerSmartfon
Siz kun davomida eng ko‘p qo‘lingizga oladigan narsa bu — smartfoningiz. U uyda, ko‘chada, ishxonada siz bilan birga. Ehtimol, maqolani ham smartfoningizdan o‘qiyotgandirsiz?
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, smartfonda unitazdagidan ham ko‘proq bakteriyalar to‘planadi. Barcha tavsiyalarga amal qilgan holda qo‘lingizni yuvsangiz ham, agar toza bo‘lmagan telefoningizni ushlasangiz, barcha harakatlaringiz yo‘qqa chiqadi.
Shuning uchun smartfonni dezinfeksiya qilish o‘ta muhim. Bu ishni 2:3 nisbatdagi spirt va suv aralashmasida namlangan sochiqcha bilan qilish mumkin.
Klaviatura
Foto: LifehackerKlaviatura ham tez-tez qo‘l tekkiziladigan buyum. U ham mikrob va bakteriyalarning o‘chog‘i hisoblanadi. Kompyuter klaviaturasini dezinfeksiya qilish uchun, avvalo, kompyuterni o‘chirasiz. So‘ng 70 foizli etil spirtiga botirilgan sochiqcha bilan uni artasiz. Faqat artayotganingizda suyuqlikning klaviatura orasiga oqib ketmasligiga e’tibor bering.
Eshik tutqichlari va chiroqni o‘chirib-yoqish tugmasi
Avval eshik tutqichini ushlashni yoqtirmaydigan odamlarning bu qilig‘i erish tuyulgan bo‘lsa, endi biz ularning qanchalik haq bo‘lganini anglamoqdamiz.
Ekspertlarning fikricha, eshik tutqichi yoki chiroqni o‘chirib-yoqish tugmasini ushlab, biron infeksiyani yuqtirib olish ehtimoli juda yuqori. Spirtli salfetkalar bilan, ayniqsa, yuvinish xonasi, hojatxona eshigining tutqichi va chiroqni o‘chirib-yoqish tugmalarini tez-tez artib turing.
Hojatxonadagi suvni oqizish tugmasi
Foto: LifehackerHojatxonadagi suvni oqizish tugmasi bu — har bir oila a’zosi bir kunda bir necha marotaba ushlaydigan narsa. Shuning uchun uni ham tez-tez zararsizlantirish foydadan xoli emas.
Kran tutqichlari
Uyga kelib qo‘limizni yuvish uchun birinchi navbatda kran tutqichini ushlab, uni buraymiz hamda suv tusha boshlagandan keyin qo‘limizni yuvamiz. Iflos qo‘llardagi mikroblar kran tutqichiga o‘tadi, uni ham spirtli salfetka bilna tozalab turing.
Yostiq va yumshoq o‘yinchoqlar
Uyimizdagi bu buyumlar o‘zida juda ko‘p mikroblar va bakteriyalarni to‘playdi. Uyga kelishimiz bilan divanga o‘tirib, kir qo‘llarimiz bilan yostiqqa teginamiz, o‘yinchoqlarni ushlaymiz, qo‘limizdagi mikroblar ularga o‘tadi. Shu sababdan yostiq va yumshoq o‘yinchoqlarni ham issiq suvda tez-tez yuvib turish kerak.
Ish stoli
Foto: LifehackerHozir ko‘pchilik uydan ishlayotgani uchun ish stoli tozaligi o‘ta muhim. Stol ustini spirtli sochiqcha bilan arting yoki antiseptik spreydan foydalanib, uni zararsizlantiring. Stol ustidagi organayzer va boshqa buyumlarni ham tozalab turing.
Televizor pulti
Uyda qancha ko‘p vaqt o‘tkazsangiz, shuncha ko‘p televizor ko‘rasiz yoki onlayn o‘yinlar o‘ynaysiz. Tez-tez foydalaniladigan pultni ham spirtli sochiqcha bilan artib turishni unutmang.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 55 kishiga yetdi. Ulardan to‘rt nafarining ahvoli og‘ir ekanligi aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan bir sutka ichida dunyo bo‘ylab qariyb 40 ming kishida koronavirus aniqlandi.
Mavzuga doir: Markaziy bank plastik kartalardan foydalanganda ularni spirt bilan artib turishni tavsiya qildi
Manba