Supermarketdan sotib olingan mahsulotlarni dezinfeksiya qilish kerakmi?
Koronavirus tobora keng tarqalayotgani sababli ko‘pchilikda supermarketdan xarid qilingan mahsulotlarni dezinfeksiya qilish kerakmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. “Korrespondent.net” shu haqda material tayyorladi.
Foto: EPAKoronavirus buyumlar yuzasida qancha yashaydi?
AQSh salomatlik milliy instituti olimlari guruhi yangi turdagi koronavirus turli buyumlar va mahsulotlar yuzasida qancha yashashini o‘rgandi.
Dastlab olimlar koronavirus havo-tomchi yo‘li bilan yuqishini aytgan edi, keyinroq koronavirus ancha og‘ir virus ekanligi, u havoda uzoq vaqt saqlanmay, biron yuzaga o‘rnashib olishi ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun koronavirus yuqishining asosiy omillaridan biri iflos qo‘llar hisoblanadi.
Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda boshqa tibbiy tashkilotlar qo‘llarni yuvish va gigiyena qoidalariga rioya etish koronavirus bilan kurashishda muhim ahamiyatga ega ekanligini bir necha bor ta’kidladi.
Boshqa respirator viruslar kabi koronavirus ham kasallangan inson aksirganida yoki yo‘talganida ajraladigan tomchilar orqali boshqalarga yuqadi. Kasal odam aksirganida millionlab virus zarralariga ega uch mingtagacha tomchi ajralib chiqishi mumkin.
Amerikalik olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, koronavirus turli yuzalarda uch soatgacha yashashi mumkin.
Shuningdek, tadqiqot koronavirus karton qutilardan boshlab plastik va metallar yuzasida ancha vaqt yashashini ham ko‘rsatdi. Biroq vaqt o‘tgan sayin uning konsentratsiyasi va insonga yuqish xususiyati kamayadi.
Tadqiqot mualliflari koronavirusni aerosol ko‘rinishida purkab ko‘rdi. Barcha tekshiruvlar 21—23 daraja haroratda o‘tkazildi. Havoning namlik darajasi 40 foizni tashkil etdi.
Gonkonglik olimlar koronavirus turli yuzalarda qancha yashashi bo‘yicha ro‘yxat tuzdi:
- Qog‘oz – 3 soat.
- Mis – 4 soat.
- Karton - 1 kun.
- Yog‘och va materiallar – 2 kun.
- Plastik va po‘lat— 3-7 kun.
- Pul va shisha – 4 kun.
- Tibbiy niqob – 7 kungacha.
Tadqiqotlar virusni bir daqiqada 60 va undan yuqori foizli spirt yoki tarkibida gipoxlorit natriy mavjud 0,5 foizli oqartiruvchi yordamida o‘ldirish mumkinligini ko‘rsatdi.
Virusga, shuningdek, harorat ham ta’sir ko‘rsatadi. Agar +4 daraja virusning hayot faoliyati uchun ideal harorat hisoblanib, uning faolligini ikki haftagacha saqlab qolsa, +70 daraja virusni besh daqiqada o‘ldiradi.
Ko‘p martalik materialdan tikilgan niqoblarni 60 darajada yarim soatdan kam bo‘lmagan vaqt mobaynida yuvish kerak. Koronavirus 37 daraja haroratda ikku kun yashaydi.
Supermarketdan sotib olingan mahsulotlarni yuvish kerakmi?
Bu savolga aniq javob yo‘q, biroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda kasalliklar profilaktikasi va nazorati Amerika markazlari bunday holatda virus yuqishi ehtimoli kam ekanligini ta’kidlamoqda.
Boshqa ekspertlar ham ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlagan.
Birinchidan, karton qutilarni sovunlab yuvib bo‘lmaydi, ularga antiseptik bilan ishlov berish ham imkonsiz. Chunki karton ivib qoladi.
Ikkinchidan, antibakterial vositalar tarkibidagi moddalarning inson organizmiga tushishi sog‘lik uchun zararli bo‘lishi mumkin. Hatto sabzavotlar va mevalarni ham sovunsiz, oddiy suv bilan yuvish tavsiya etiladi.
Mavzuga doir:
- Video: Qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvish kerakligini targ‘ib etayotgan o‘zbek shou-biznesi vakillari va Filipp Kirkorov
- Olimlar karantin qachongacha davom etishi kerakligini ma’lum qildi
Manba