Surunkali charchoq his qilishning 6 sababi va yechimi
Kechga borib holsizlanish, charchoqni his qilish tabiiy holat, lekin lohaslik kunning birinchi qismi yoki tongdan bezovta qilsa, bu bejizga bo‘lmaydi. Kun boshlanishidayoq charchoqni his qilish sababi nimadaligi va bunday holatda nima qilinishi kerakligiga to‘xtalamiz.
Foto: Valley Sleep CenterB12 yetishmasligiSurunkali charchoq his qilish sabablaridan biri muhim ozuqa moddalarining yetishmasligi hisoblanadi. Shifokorlarning fikricha, B12 vitamini yetishmovchiligi doimiy apatiyani(loqaydlik, hafsalasizlik, qiziqishning yo‘qolishi)keltirib chiqaradi. B12 asab tizim, hujayralar metabolizmida ahamiyatli sanaladi. Organizmga ushbu vitamin yetishmasligi, depressiyaga moyillik va hushdan ketish kabi simptomlar bilan namoyon bo‘ladigan anemiyani(kamqonlik)ham keltirib chiqaradi.
Nima qilish kerak?
Darhol dorixonadan vitamin xarid qilishga oshiqmang, ratsioningizda baliq va go‘shtli mahsulotlar bo‘lishiga e’tibor bering. Ammo yuqoridagi simptomlar yaqqol sezilsa va o‘zingizni yomon his qilayotgan bo‘lsangiz, shifokor ko‘rigidan o‘tishni unutmang.
D vitamin yetishmasligi
D vitamin, yurak faoliyati, asab tizimi va qon bosimining me’yorda bo‘lishida muhim rol o‘ynaydigan vitaminlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, immunitetning yuqori bo‘lishida hamda virus va bakteriyalarga qarshi kurashishda ham samarasi katta. Ushbu vitamin yetishmasligi nafas yo‘llari kasalliklar, xususan, shamollash va pnevmoniyaga olib keladi.
Nima qilish kerak?
Kuniga kamida bir soat, ko‘cha yoki hovlida quyosh nurlaridan bahra oling. Baliq, tuxum, jigar kabi mahsulotlarni yeyishni kanda qilmang.
Ovqatlanish
Inson o‘zini qanday his qilishida u iste’mol qilayotgan mahsulotlar, ularning oshirib yuborilishi yoki me’yordan kam ekani muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘pincha qahvani kunning ikkinchi yarmida iste’mol qilinsa, uyqusizlik yoki asabiylashish kabi holatlar kuzatiladi.
Nima qilish kerak?
Kuningizni tartibli rejalashtiring. Tongda energiya bilan ta’minlovchi mahsulotlar — tuxum, olma yoki suli yormasidan tayyorlangan bo‘tqa iste’mol qiling. Bajariladigan ishlarni kunning birinchi yarmida bajaring, kechqurun vitaminlarga boy salat yoki sho‘rva tanovul qiling, uyqu soatingiz 7-8 soatdan kam bo‘lmasligiga ham e’tibor qarating.
Foto: Modena Hair InstituteAllergiyaAksariyat odamlarning fikricha, allergiya faqat aksirish, burun oqishi va qichish bilan namoyon bo‘ladi. Aslida esa allergiyaga chalingan insonlarda kislorod yetishmasligi oqibatida organizmdagi barcha a’zolar aziyat chekadi.
Nima qilish kerak?
Xonani tez-tez changlardan tozalab artib turish, havoni yangilash kerak. Eng asosiysi esa yengil qaramaslik va allergik simptomlar kuzatilishi bilan shifokor bilan maslahatlashish kerak bo‘ladi.
Depressiya
Har doim ham yaxshi kayfiyatda bo‘lish ilojsiz. Lekin depressiya va kayfiyatsizlikning farqi bor. Uzoq vaqt tushkunlikda bo‘lish, apatiya va inson tinkasi qurishiga sabab bo‘ladi. Chunki ruhiyatning salomatlikda o‘rni beqiyos.
Nima qilish kerak?
Jiddiy yo‘qotishlar yoki hayotiy zarbalarga uchragan odam tushkun kayfiyatdan chiqishi uchun shifokor va yaqinlari ko‘magi zarur bo‘ladi. Shuningdek, ovqatlanish va atrof-muhitning ham ta’siri katta ekanligini unutmaslik kerak.
Ichak-hazm faoliyatining buzilishi
Ichaklarda ko‘p miqdorda immun hujayralari joylashgani sabab ham inson salomatligi va o‘zini qanday his qilishi, ichaklar faoliyati qandayligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi.
Nima qilish kerak?
Shifokorga uchrash va qon tahlili topshirish kerak. Ichaklar mikroflorasi tiklanishi uchun parhezga rioya qilish va zararli odatlardan voz kechish kerak bo‘ladi.
Manba