Baland poshnali oyoq kiyim va bosh og‘rig‘i o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
Kun davomida tik turish va yurish hisobiga oyoqlar zo‘riqadi. Chiroyli ammo noqulay poyabzal esa muammoni yanada jiddiylashtiradi. Og‘riqning takrorlanishi esa shunchaki o‘tib ketmasligi, butun tana, shuningdek, miya faoliyatiga ham ta’sir qilishi mumkin. Vaqtida e’tibor berilmaslik esa jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Foto: Getty ImagesNima uchun oyoq kaftining salomatligiga befarq bo‘lmaslik kerak?
Oyoq kafti odamning og‘irligini ko‘taradi, gavdani muvozanatda bo‘lishini ta’minlaydi va organizmni turli jarohatlanishlardan saqlaydi. Baland poshnali yoki aksincha tag qismi haddan ortiq tekis va uchli bo‘lgan poyabzallarda yurish hamda harakatlanish qiyinchilik keltirib chiqaradi. Noto‘g‘ri zo‘riqish hisobiga oyoqda muammolar paydo bo‘lishi, o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rilmasa, kuchli deformatsiyaga olib kelishi mumkin.
Yassi oyoqlik eng ko‘p tarqalgan patologiyalardan biri hisoblanadi.
Yurishda tana og‘irligining oyoqlarga noto‘g‘ri taqsimlanishi quyidagi oqibatlarga olib keladi:
- oyoq bo‘g‘imlari deformatsiyasi;
- belda og‘riq;
- varikoz;
- umurtqa pog‘onasining qiyshayishi.
Qanday oyoq kiyimlardan voz kechgan yaxshi?
Travmatolog-ortopedlar zo‘riqishni 5-6 karra ko‘paytirgani sabab ham baland poshnali oyoq kiyim kiyishni tavsiya qilmaydi. Keltirib chiqaradigan og‘riq va noqulayliklar yassi oyoqlikning rivojlanishiga ta’sir qiladi. Tasavvur qiling: har gal qadam bosganda zarbli to‘lqin oyoq uchidan umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismigacha tarqaladi. Uning kuchini hisoblash oson: vaznning uchdan ikki qismi kun davomida tashlangan qadamlar soniga ko‘paytiriladi. Odatda 2-3 foiz zo‘riqish bosh miyada kuzatiladi.
Poshnali tufli sabab oyoqning tovon qismi odatdagidan boshqacharoq harakatlanadi va zo‘riqadi. Bunda har qadamda miyaga ko‘proq zarb bo‘ladi va tabiiyki boshda og‘riq paydo bo‘ladi. Tizzalarga og‘irlik tushadi va artroz kelib chiqish xavfi yuqori bo‘ladi. Noto‘g‘ri oyoq kiyimdan foydalanganda umurtqa pog‘onasining pastki qismida surunkali og‘riq paydo bo‘ladi.
Mutaxassislar uggi va baletka kiyishni ham tavsiya qilmaydi. Ingichka tagcharmdan tikilgan poyabzalda harakatlanganda tovonga qo‘shimcha yordam bo‘lmaydi. To‘g‘ri himoya bo‘lmagani hisobiga oyoq, tos, bel mushaklari zo‘riqadi, oqibatda yassi oyoqlik, suyaklar artrozi, yallig‘lanish va umurtqa pog‘onasidagi og‘riqlar rivojlanadi.
Obrazni o‘ziga xos ko‘rsatgani bilan uchli tuflilar ham salomatlik uchun zararli hisoblanadi. Gap shundaki, ortiqcha zo‘riqish sabab oyoq kafti barmoqlaridagi qon aylanishi yomonlashadi. Shu sabab ham oyoq kiyimni to‘g‘ri o‘lchamdagisini tanlash kerak. Kunning ikkinchi yarmida oyoqlar shishgani sabab ham poyabzalni kechqurun kiyib ko‘rib, xarid qilish tavsiya qilinadi.
Simptomlar namoyon bo‘lganda nima qilish kerak?
Noqulaylik, og‘irlik va og‘riq oyoqlar zo‘riqayotganidan darak beruvchi alomat sanaladi. Ular paydo bo‘lganda avvalo garderobdagi poyabzallarni ko‘zdan kechirish kerak. Ortopedlar 2-4 sm balandlikdagi, old qismi keng hamda bog‘ichli modellarni tanlashni maslahat beradi. Shuningdek, oyoq kaftini anatomik to‘g‘ri holatda bo‘lishini ta’minlovchi, og‘riq va charchoqni kamaytiruvchi ortopedik pataklar ham yaxshi samara beradi. Har bir odamning oyoq kaftidan kelib chiqib yasalgan individual pataklar esa yanada yaxshi samara beradi.
Vaqtida e’tibor berilsa, salomatlikdagi muammolarni bartaraf qilsa bo‘ladi. Ammo buning uchun befarq bo‘lmaslik va o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish kerak. Yaxshi mutaxassis tashxisdan kelib chiqib individual davo choralari va ijobiy natijaga erishish uchun strategiya tuzib beradi.
Manba