Bolalarda qandli diabetning 7 ta dastlabki simptomlari
Qandli diabetning birinchi toifasi ma’lum bir sabablarga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalar diabeti deb ataladi. Shuning uchun ham ko‘pincha 30 yoshgacha bo‘lgan bemorlarga tashxis qo‘yiladi va kasallikning eng yuqori cho‘qqisi 14 yoshda yuz beradi. Birinchi toifa qandli diabet oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqara olmasa paydo bo‘ladi va kasallik juda tez rivojlanadi. Bunday vaqtda bolaga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish uchun kasallik alomatini bilish va shifokorga murojaat qilish zarur.
Foto: “Domashniy ochag”Haddan tashqari chanqoq
Kuchli va asossiz chanqoq tananing to‘g‘ri namlik muvozanatini saqlab qolish uchun kurashayotganidan darak beradi. Glyukoza juda ko‘p bo‘lsa, tana uni peshob orqali chiqarib yuborishga harakat qilishi mumkin. Natijada tanada suvsizlik yuz beradi va bola chanqaydi.
Tez-tez peshob qilish
Eng ogohlantiruvchi belgi bo‘lib, odatda bola yoki o‘spirin yotoq o‘rnini ho‘l qilganda kuzatiladi. Ammo ushbu sabab orqali hojatxonaga tez-tez tashrif buyurish shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun sababdir.
Bosh og‘rig‘i yoki xira ko‘rish
Qonda shakar darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, bolada tez-tez bosh og‘rig‘i kuzatiladi. Bundan tashqari, o‘spirinlarda ko‘rish qobiliyati yomonlashadi.
Ishtahaning kuchayishi
Barcha o‘spirin bolalar ham ko‘p ovqat yeyishi mumkin, chunki o‘sayotgan organizm ko‘proq ozuqa talab etadi. Ammo ulardagi ishtaha avvalgidan kuchli bo‘lsa va ochlik hissi ovqatlangandan keyin ham o‘tib ketmasa, shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir. Buning sababi insulin yetishmasligi bilan glyukoza qonda to‘planib, hujayralarga kirib bormaydi va energiya ishlab chiqarishda qatnashmaydi. Shuning uchun bola doimo ochlikni his qiladi.
Charchoq
Agar hujayralarda glyukoza bo‘lmasa, yetarli darajada energiya hosil bo‘lmaydi. Natijada tanada charchoq kuchayadi. Ilgari amalga oshirib yurgan vazifalar uchun keyinchalik kuch yetmay qolishi mumkin. Ushbu holatda imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qilish zarur.
Vazn kamayishi
Odatda ko‘pchilik qandli diabetga chalinganlar ortiqcha vaznga ega bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Ammo har doim ham shunday emas. Glyukozasiz qolgan och hujayralar energiya bilan ta’minlash uchun organizm mushak to‘qimalari va yog‘ zaxiralarini yo‘q qiladi va bemor vazn yo‘qotishni boshlaydi.
Kayfiyat o‘zgarishi va asabiylik
Albatta, aksariyat o‘spirinlarda kayfiyatning o‘zgarishi odatiy holdek tuyuladi. 2007-yilda Amerika Diabet assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan kichik bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, qonda shakar miqdori ko‘payganda bolalar ko‘proq o‘zgaruvchan va asabiy bo‘lib qolar ekan. Shuning uchun ota-onalar farzandining ruhiy holati va kayfiyatiga ham bee’tibor bo‘lmasligi lozim.
Manba