“Hammasiga shakar sababchi” hamda qandli diabet haqidagi boshqa yanglish fikrlar
Qandli diabet tashxisi insonning hayotini sezilarli darajada o‘zgartirishi va uni chalkashtirib yuborishi mumkin, chunki bugungi kunda bu kasallik atrofida juda ko‘p o‘z tasdig‘ini topmagan fikrlar mavjud.
Foto: Marie ClaireQandli diabet – to‘qimalarning insulinga sezgirligining pasayishi yoki oshqozon osti bezi tomonidan insulin sekretsiyasi yetishmovchiligi tufayli qondagi glyukoza(shakar)darajasining oshishi bilan birga keladigan uglevod almashinuvining buzilishi.
Insulin – bu oshqozon osti bezi tomonidan uglevodlarni oziq-ovqat bilan iste’mol qilishga javoban ishlab chiqariladigan gormon. Qondagi glyukoza hujayra ichiga kirib, keyin organizm tomonidan ishlatilishi uchun zarurdir. Glyukoza energiyaning eng muhim manbai hisoblanadi. Insulin yetarli bo‘lmaganda yoki to‘qimalarning insulinga sezgirligi pasayganda, qonda glyukoza to‘planib, bir qator asoratlarni keltirib chiqaradi.
Bugungi kunda ushbu kasallik bilan bog‘liq ko‘plab noto‘g‘ri fikrlar mavjud bo‘lib, bu uning xususiyatlarini, jumladan, uning oldini olish va unga qarshi kurashish usullarini noto‘g‘ri tushunishga olib kelishi mumkin.
Qandli diabet juda ko‘p shakar iste’mol qilishdan kelib chiqadi
Qandli diabetning ikki turi mavjud. Birinchi toifa diabet me’da osti bezi hujayralarini tananing o‘z immunitet tizimi tomonidan yo‘q qilinishi va natijada insulin yetishmasligi tufayli rivojlanadi. Ikkinchi toifa diabet qandli ovqatlarni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish natijasida rivojlanadi, deyish ham noto‘g‘ri. Ammo agar ortiqcha vazn yoki semizlik qiynasa, ushbu turdagi diabetning rivojlanish ehtimoli yuqori bo‘ladi, bu insulin ta’sirida nuqsonga olib kelishi mumkin.
Qandli diabet jiddiy kasallik emas
Qandli diabetning ikkala turi ham nazoratni va muayyan qoidalarga rioya qilishni talab qiladi. Qandli diabet nazorat qilinmasa, buyrak patologiyasi(terminal buyrak yetishmovchiligigacha), yurak-qon tomir asoratlari, diabetik oyoq sindromining rivojlanishi va ko‘rish organlarining patologiyasi kabi jiddiy va hatto hayot uchun xavfli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Qandli diabetni yaxshi nazorat qilish asoratlar xavfini sezilarli darajada kamaytiradi, ammo bu kasallikning o‘zi jiddiy emas deganimas.
Diabetning yengil shakli bo‘lishi mumkin
Qandli diabetning “yengil” turi yo‘q. Biroq prediabet tashxisi qo‘yilgan bo‘lishi mumkin, ya’ni glyukoza darajasi odatdagidan yuqori, ammo ikkinchi toifa diabetga tashxis qo‘yish uchun hali yetarli emas. Agar prediabet tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, turmush tarzini o‘zgartirish, masalan, diyetani yaxshilash, faolroq bo‘lish, ortiqcha vazn bo‘lsa, vazn yo‘qotish va chekishni tashlash ikkinchi toifa diabet rivojlanishini sekinlashtirishga yordam beradi.
Agar diabet tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, shakar iste’molini to‘xtatish kerak
Uglevodlar tanadagi muhim energiya manbalaridir. Ular ikkita asosiy turga bo‘linadi – oddiy va murakkab. Oddiy yoki tez uglevodlarni sezilarli darajada kamaytirish kerak, chunki ular iste’mol qilinganda qonda glyukoza tezda ko‘tariladi, bu uning darajasida sezilarli o‘zgarishlarga olib keladi va organizmning holatiga yomon ta’sir qiladi.
Murakkab yoki sekin uglevodlarga afzallik beriladi. Shakarni o‘z ichiga olgan mahsulotlarni to‘liq chiqarib tashlash, tananing muqobil manbalardan energiya olishiga olib keladi va shu bilan organizmda zaharli moddalar to‘planadi.
Qandli diabet irsiydir
Qandli diabet – bu irsiy moyillikka ega bo‘lgan kasallik. Shuni ta’kidlash kerakki, bu kasallikning o‘zi emas, balki irsiyat bilan diabet turiga moyillik meros bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga doir:
- Qonda shakar miqdorini pasaytirishga yordam beradigan 5 ta mahsulot
- Qandli diabetda muntazam iste’mol qilish kerak bo‘lgan 10 ta mahsulot
- 40 yoshdan keyin ratsiondan chiqarish tavsiya etiladigan mahsulotlar
Manba