Peshonaga nima uchun ajin tushadi va undan qanday xalos bo‘lish mumkin?
Ajinlar ichki hissiyotlarimizning yuzdagi ifodasidir. Ma’lumki, tabassum, achchiqlanish, qovoq uyish kabi mimik harakatlar ajinlarga yo‘l ochadi. Yaqqol ko‘zga tashlanadigani esa peshonadagi katta – kichik “ariqcha”lardir. Xo‘sh, undan tabiiy yo‘l bilan xalos bo‘lishning chorasi bormi?
Foto: PixabayAsabiylik ajin tushiradi
Yosh ulg‘aygani sayin yuz terisining elastiklik xususiyati yo‘qolib boradi va kollagen tolasi ishlab chiqarilishi kamayadi. Shu bois terida turli notekisliklar yuzaga keladi. Bu holatda vertikal ajinlardan ko‘ra gorizontal chiziqlar ko‘payishi nisbatan ko‘proq kuzatiladi. Quyida ajinlarning yuzaga kelishi sabablariga to‘xtalamiz:
- yuz mimikasi haddan tashqari ko‘p va noto‘g‘ri ishga solinishi;
- chekish;
- stress, emotsional beqarorlik, asabiylik;
- jismoniy zo‘riqish;
- nosog‘lom turmush tarzi, organizmda vitamin va mineral moddalar yetishmovchiligi, ekologiya ta’siri, mavsum o‘zgarishlari – sovuq va quruq ob–havo.
Yuzdagi ajinlardan xalos bo‘lish chorasi ko‘p. Xususan, kosmetologiyada inyeksiya, botoks va bir qator jarrohlik usullari yordamida teri tarangligi tiklanmoqda. Ammo peshonadagi chiziqlarga qarshi kurashishda zamonaviy “mo‘jiza”larga ko‘p ham ishonib bo‘lmaydi. Avvaliga uy sharoitida bajarilishi mumkin bo‘lgan choralarni qo‘llab ko‘rish kerak.
Kokos yog‘i. Mazkur moy oziqlantiruvchi xususiyatga ega. Uning ikki-uch tomchisi kifoya. Kokos yog‘i bilan peshona sohasi yengil uqalansa, ajinlar yoziladi. Shuningdek, Ye vitaminiga boy yuz kremlari ham mushkulingizni oson qilishi mumkin.
Kislorod almashinuvi. Har tong va uyquga yotishdan oldin derazani oching-da, to‘yib nafas oling.
Suv. Organizmdagi suyuqlik miqdori me’yoridan kamaymasligi uchun sutkasiga 1,5-2 litr suv ichish lozim.
Ovqatlanish. Achchiq, sho‘r va yog‘li taomlarni kamroq yegan ma’qul. Taomnoma vitamin va mineral moddalar, antioksidantlarga boy mahsulotlardan tashkil topsin. Meva-sabzavotlar, barra ko‘katlar, yog‘siz go‘sht ovqatlanish ratsionining asosini tashkil etishi lozim. Ye vitaminiga to‘yingan — o‘simlik yog‘i, tuxum, yong‘oq, baliq va sut mahsulotlari; K darmondorisiga boy — karam, brokkoli, mol go‘shti, ismaloq; S vitamini zaxirasiga mo‘l — na’matak, qorag‘at, apelsin, limon va boshqa sitrus mevalar ajinlarni kamaytirish barobarida yangilari paydo bo‘lishining oldini oladi.
Skrab. Haftada ikki marta yuz terisini skrab yordamida tozalab turing. Aylanma harakatlar terida qon aylanishini yaxshilaydi, shu bilan birga, o‘lik hujayralar ajralib chiqishi osonlashadi. Bu ajinlarning chuqurroq joylashuvidan himoya qiladi.
Krem. Uzum danagi qo‘shilgan, tarkibida alfa-gidroksil moddasi bor, Ye va S vitaminiga to‘yintirilgan yuz kremlari teri parvarishida juda muhim.
Uyqu. 7-8 soat to‘yib uxlang!Chunki tunda yuz terisi kollagen moddasini faol ishlab chiqaradi.
Mashq qilamiz!
Qoshlarni pastga tushiring-da, shu holatda ikkisini bir-biriga yaqinlashtiring. So‘ng qoshlar ko‘tariladi va bir - biridan uzoqlashtiriladi. Ushbu mashqni har kuni, bir necha marotaba bajaring. Natijasi: mimik harakatlar ajin kelib chiqishining oldini oladi. Teri tonusi ortib, taranglashadi.
Ko‘zni yuming-da, ikki barmog‘ingiz bilan qovoqlarni berkiting. So‘ng qoshlarni pastga tushiring. Qosh-qovoq mushaklari yordamida qovoqlarni yuqoriga ko‘tarishga urinib ko‘ring. Bu mashq bajarilgan mahal qovoq va qosh o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladi. Mashq uch soniya davom etishi va o‘n marotaba qaytarilishi lozim.
Niqoblarga nima deysiz?
Bir dona atalangan tuxum oqini yuzingizga surtib, qurishini kuting. So‘ng qog‘oz salfetkani iliq suvda ho‘llab, niqobni artib olasiz. Mazkur usul ikki oy davomida hafta ikki marta bajarilsa, peshonadagi ajinlar ancha kamayadi.
Mana bu retsept uchun esa to‘rt tomchi limon sharbati va ikki osh qoshiq sut kerak bo‘ladi. Masalliqlar aralashmasini peshona, shuningdek, yuzdagi ajinlarga surtib, 20 daqiqa qoldirasiz. Shundan so‘ng niqob iliq suvda chayib olinadi.
Mavzuga doir:
- Yuzda ajinlar paydo bo‘lishini tezlashtiradigan kundalik odatlar
- Osilgan qovoqlarni operatsiyasiz qanday o‘z holiga keltirish mumkin?
- Yulduzlarning ishlov berilmagan suratlari: 10 mashhur ayolning yirik planda ko‘rinishi(foto)
Manba