Salomatlik Goʼzallik Hali ulgurasiz: 35 yoshgacha qildirish tavsiya etilmaydigan kosmetik muolajalar

Hali ulgurasiz: 35 yoshgacha qildirish tavsiya etilmaydigan kosmetik muolajalar

O'qildi: 312


Hali ulgurasiz: 35 yoshgacha qildirish tavsiya etilmaydigan kosmetik muolajalar

Kosmetik muolajalarni bilar-bilmas, yosh bo‘lishga qaramay amalga oshirish yuz terisini shikastlashi va qarish jarayonining jadallashishiga hissa qo‘shishi mumkin.

Kollaj: “Daryo”

Jarrohlik liftingi

Inyeksion yoki apparatli metodlar bilan bartaraf qilib bo‘lmaydigan yumshoq to‘qimalardagi yaqqol ko‘zga tashlanadigan muammolarga jarrohlik liftingi orqali yechim topishni 40 yoshgacha amalga oshirmagan yaxshi. Hali yoshingiz 35 da ham bo‘lmasa va sizga mazkur muolajani amalga oshirish taklif qilinadigan bo‘lsa, ikkilanib o‘tirmasdan kosmetologni o‘zgartiring.

Botoks

Aksariyat qizlar botoksni 20 yoshda ham amalga oshirsa bo‘laveradi, deb o‘ylaydi. Unutmang, ushbu muolajadan keyin yuzdagi emotsiyaning bir qismi yo‘qoladi. Botoks qilinganidan keyin mushaklar bo‘shashib, ajinlar paydo bo‘lishi mumkin. Qolaversa, botoks narkotikka o‘xshaydi — bir marta qildirgandan keyin takrorlamasligingizning ehtimoli kam. Chunki bir necha oydan keyin ajinlar muolajadan avvalgidan ham sezilarliroq ko‘rinadi. Aynan shu sabab ham tajribali kosmetologlar 35 yoshdan keyin zarurat bo‘lgandagina botoks qildirishni tavsiya qiladi.

Mezoterapiya

Turli vitaminlar, oziqlantiruvchi moddalar ekstraktlaridan iborat mezoterapiyadan keyin yuzda sezilarli nuqtalar qoladi va bu biroz muddatdan keyin o‘tib ketadi. Gap shundaki, muntazam ravishda tozalab, parvarish qilinganda terining o‘zi taranglashib tabiiy tiniq bo‘ladi, ammo vitaminli muolajalarga o‘rganib qolganidan keyin teri dangasa bo‘lib qoladi va tashqi yordam kutadi. Aynan shu sabab ham mezoterapiyani 28-30 yoshdan keyinga qoldirish tavsiya qilinadi.

Biorevitalizatsiya

Gialuron kislota bilan amalga oshiriladigan muolajadan keyin terida darhol ijobiy o‘zgarish kuzatiladi, tiniqlashadi, ajinlar kamayadi. O‘z ishining ustasi bo‘lgan kosmetologlar terining o‘zi kollagen ishlab chiqaradigan ahvolda bo‘lganda bunday muolaja qildirishga hojat yo‘qligini ta’kidlaydi. Chunki tashqi yordam bilan kollagenning tabiiy ajralish jarayoni sekinlashishi, bu esa ajinlarning avvalgidan ham ko‘proq ajralishiga olib kelishi mumkin. 35 yoshgacha krem, zardob va ajinga qarshi yog‘lardan foydalaning hamda terini to‘g‘ri tozalashni unutmaslikning o‘zi ham yaxshi samara beradi.

Fraksion lazerli yoshartirish

Samarali ekaniga qaramay, mazkur muolajani yaqqol ko‘zga tashlanadigan o‘zgarishlar paydo bo‘lganidan keyingina amalga oshirish kerak. Teri va yuzdagi bunday o‘zgarishlar asosan 40 yoshdan keyin kuzatiladi. Husnbuzar va yuzdagi chandiqlarni yo‘qotish uchun foydalaniladigan fraksion lazer yoshartirish maqsadida qo‘llaganda, ajinlarni sezilarli kamaytirishi mumkin. Bu qadar faollikka hojat bo‘lmagan teriga zarar yetkazishi mumkinligi sabab ham yosh qizlarga ushbu muolaja kerak emas.




Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.