Ozgandan keyin osilib qolgan terini qanday taranglashtirsa bo‘ladi?
Ko‘pchilik tez va samarali vazn tashlashni istab, qattiq parhezga amal qiladi hamda oyiga 10, hatto 20 kilo ozishga muvaffaq bo‘ladi. Aslida esa ozishning fiziologik me’yoriga ko‘ra, vazn haftasiga 1 kilo, oyiga esa 4 kilodan ko‘p tashlanmasligi kerak. Keskin ozishga erishilganda teri quruq bo‘lib qolishi, tarang bo‘lmasligi va bo‘shashib qolishi mumkin. Bunday vaqtda nima qilish kerak?Quyida ushbu savolga javob beramiz.
Foto: “Domashniy ochag”Kuniga 2 litr suv
Kun davomida 2 litr suv ichish qoidasi bahsli hisoblanadi, bugungi kunda parhezshunoslar organizm qancha suv talab qilsa, shuncha ichilishi kerak degan fikrda to‘xtalgan. Aynan parhez amal qilingan kunlarda teri qurishdan aziyat chekadi. Bunday vaqtda uni suvsizlanishdan saqlash kerak bo‘ladi.
Massaj
Massaj birvarakayiga ikki vazifani uddasidan chiqadi: teridagi almashinuv jarayonlarini yaxshilaydi hamda uni taranglashtiradi. Massajni apparat yoki qo‘l yordamida ham amalga oshirsa bo‘ladi. Mutaxassis ko‘magidan foydalanishga imkon yoki sharoitingiz bo‘lmasa, tananing muammoli qismlarini mustaqil ravishda massaj qilishingiz mumkin. Undan avval yog‘ surting. Bunda qon aylanishi yaxshilanadi. Terini uqalaydigan harakatlar bilan massaj qiling.
Kontrast dush qabul qiling
Kontrast dush qabul qilish teri ahvolini yaxshilab, organizmdagi qon aylanish jarayonini jadallashtiradi. Shu bilan birga moddalar almashinuvi, mushaklar tonusi faollashadi, hujayralar kislorod bilan to‘yinadi va hatto asablar bilan bog‘liq zo‘riqishlar ham bartaraf bo‘ladi. Jarayonni qaynoq emas, issiqroq suvdan boshlab, haroratni sekin-asta pasaytirish kerak. Suvni muzdek bo‘lmasligiga ham e’tibor qarating.
Muz bo‘lagidan foydalaning
Terini taranglashtirishning yana bir samarali usuli — unga muz bo‘lagi surtish hisoblanadi. Muz bo‘lagi moychechak, marvak(marmarak)qaynatmasi asosida bo‘lishi kerak. Buning uchun muz formasiga sovitilgan qaynatmani solib, muzlatkichga qo‘yish kerak.
Dengiz tuzi qo‘shilgan vanna qabul qilish
Bunday muolaja terini namlantirib, taranglashishga hissa qo‘shadi. Toksinlar ajralib, moddalar almashinuvi yaxshilanadi. Xushbo‘y ifor taralishi va qulaylik uchun bir necha tomchi efir yog‘ini qo‘shsa ham bo‘ladi.
Skrabdan foydalanish
Teri taranglashishi uchun uni yaxshilab tozalash, epidermisning dag‘al qatlamini yo‘qotish kerak bo‘ladi. Skrablar bu borada yaxshi samara beradi. Undan foydalangandan keyin teri tarang va elastik bo‘lib qoladi. Skrabni uy sharoitida asal, qahva yoki smetanadan ham tayyorlasa bo‘ladi.
Asalli muolaja
3 osh qoshiq asalga 7—8 tomchi efir yog‘i qo‘shib, muammoli qismga surting. Ustidan plyonka o‘rab 30 daqiqaga qoldiring. Keyin esa issiq suv bilan yuvib tashlang. Ushbu muolajani skrabdan amalga oshirsangiz, yanada yaxshi. Asalga allergiyasi bo‘lganlar zaytun yog‘idan foydalansa ham bo‘ladi. Yuvgandan keyin namlantiruvchi krem surtish tavsiya qilinadi.
Sport, piyoda yurish va mashqlarni bajarish
Bunday vaqtda teri kislorodga muhtoj bo‘ladi. Chunki aynan u hujayralarni kerakli mikroelementlar bilan ta’minlab, ularga yangilanish imkonini beradi. Aynan shu sabab ham jismoniy faol bo‘lishga harakat qilish kerak. Qancha ko‘p bo‘lsa, yig‘ilgan toksinlardan shuncha tez qutulish mumkin bo‘ladi.
Vitamin va oqsil
Parhez amal qilingan vaqt mobaynida organizmda vitamin va minerallar tanqisligi kuzatiladi. Bu esa terida aks etmay qolmaydi. Aynan shu vaqtda A, C, E va B guruhi vitaminlari, Omega-3, magniy, rux, kalsiy va kollagenga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘ladi. Shu sabab ham tarkibida bu kabi vitamin va minerallarga boy bo‘lgan, hayvon va o‘simlik oqsili mujassam bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish kerak. Aynan oqsil mushaklar massasiga javob beradi, shuningdek, teri salomatligida ham muhim rol o‘ynaydi. Bulg‘ori qalampiri, ismaloq, karamning barcha turini, sitruslar va kivi iste’mol qilishni unutmang. Baliq, yong‘oq va zaytun yog‘ini ham kanda qilmang.
Terini namlantirish
Teridagi muammolarni bartaraf qiladigan va ozgandan keyin tiklash xususiyatiga ega bo‘lgan, tarkibida namlantiruvchi moddalar bor kremlardan foydalaning. Qolaversa, tarkibida A, E, va C vitaminlari, tabiiy yog‘lar, o‘simlik ekstraktlari, kollagen va gialuron kislotasi bo‘lgan kremlardan foydalaning. Terini sog‘lom va go‘zal saqlash uchun esa asta-sekinlik bilan ozishga harakat qiling.
Manba