TikTok’da tobora ommalashayotgan ozishning yangi usuli: bu chindan ham ish beradimi?
Foydali va mazali ekani bilan mashhur bo‘lgan chia urug‘i turli shirinlik, bo‘tqa va taomlarga qo‘shiladi. Endilikda esa TikTok foydalanuvchilari vazn tashlash maqsadida uni suvga qo‘shib ichishni boshladi.
Foto: BoombateBlogerlarning aytishicha, bu ishtahani bo‘g‘ib, kun davomida uzoq vaqt to‘q yurishga yordam beradi. Ichimlik juda ham oddiy tayyorlanadi. Buning uchun ikki osh qoshiq urug‘ni katta stakandagi suvga aralashtirish va bir necha daqiqaga qoldirish kifoya qiladi. Ayrimlar xushta’m bo‘lishi uchun laym yoki limon sharbatini qo‘shgan. Vaqt o‘tganidan keyin urug‘ yumshab, ichimlik biroz quyuqlashadi. Tavsiyaga ko‘ra, ichimlikni taom tanovulidan 30 daqiqa avval ichish kerak. Shundan keyin tushlik vaqtiga borib ortiqcha ovqatlanish kuzatilmaydi.
Aslida ham shundaymi, degan savolga mutaxassislar ha deb javob beradi. Urug‘lar oshqozonda shishgani sabab ham ichimlik to‘qlik hissini sezishga sabab bo‘ladi. Chia urug‘ining shu bilan birga vazn tashlash va salomatlikka ijobiy ta’sir qiladigan bir qator foydali xususiyatlari bor. Mazkur mahsulot vitamin, yog‘ va oqsillarni koni sanaladi.
Foto: BoombateTarkibidagi murakkab uglevod hisoblangan kletchatkalar semizlik bilan kurashishga samarali yordam beradi. Mutaxassislarning aytishicha, kletchatka to‘qlik hissini keltirib chiqarib, hazm jarayonini yaxshilashga yordam beradi. Shuningdek, ichaklar saratoni, ikkinchi darajali qandli diabet, insult va yurak-qon tomir kasalliklarining oldini oladi.Nutritsiolog Kerri Farrayolining aytishicha, chia urug‘i qo‘shilgan suv uzoq to‘q tutadigan yog‘larga boy ekani sabab ham ozishga yordam berishi mumkin. Parhezshunos Bonni Taub-Diks ushbu jarayon qondagi qand miqdorining oshishisiz sodir bo‘lishi va bu salomatlik uchun muhimligini ta’kidlagan.
Chia urug‘lari organizmga foydali bo‘lsa-da, ularning ta’siri vazn yo‘qotish jarayoni bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatadigan aniq dalillar yo‘q. Tadqiqotlarda turli natija — ijobiy yoki natijaning yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Masalan, tajribalardan birida vazni ortiqcha bo‘lgan 90 nafar ishtirokchi 12 hafta davomida har kuni chia urug‘ini iste’mol qilgan, ammo hech qanday o‘zgarish kuzatilmagan. Boshqa bir 6 oy davomida kuzatilgan tadqiqotda esa chia urug‘ini maxsus parhezga qo‘shish ikkinchi darajali qandli diabeti bor bemorlarning vazn tashlashiga yordam bergani aniqlangan. Mutaxassislar ushbu layfxakning zararsizligi va darhaqiqat ish berishi, ammo undan ozish uchun yagona emas, qo‘shimcha usul sifatida foydalanish kerakligini ta’kidlaydi.
Manba