Siz va farzandingiz uchun xavfli bo‘lgan uydagi narsalar
Bir qarashda zararsizdek tuyulgan uy jihoz va buyumlari salomatlik va hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin.
Foto: Fraser Health AuthorityHavo tozalaydigan vositalar
Deyarli barcha havoni tozalaydigan aromatizatorlar tarkibida uchuvchi organik birikmalar bo‘ladi. Ushbu organik birikmalar darajasining ko‘pligi burun, tomoq va ko‘z shilliq qavatlari hamda nafas yo‘llari uchun zararli hisoblanadi, qolaversa, allergik reaksiyalarga ham sabab bo‘ladi. Tadqiqotlarda ushbu vositalardan muntazam foydalanish onkologik kasalliklarga chalinish xavfini ortishiga sabab bo‘lishi aniqlangan.
Namlantiruvchi vositalar
Issiqlik pechlari yoqilganida uy havosining qurishida, ayniqsa, ko‘p qo‘llanadigan namlantiruvchi vositalardan foydalanish qoidalariga amal qilinmasa va tozalab turilmasa, filtri va boshqa ichki detallarida mog‘or paydo bo‘lishi hamda havoga tarqashi mumkin. Shu sababdan muntazam ravishda namlantiruvchi vositalar filtrlarini ko‘zdan kechirib turish hamda doimiy foydalanilsa, har kuni suvini yangilash tavsiya qilinadi. Shuningdek, bir necha soat davomida undan foydalanmaslikka ham harakat qilish kerak.
Komod(kiyim kechak yoki boshqa buyumlar turadigan yashikli javon)
Komodning bola ustiga ag‘darilib ketgani bilan bog‘liq baxtsiz voqealar bir necha marta qayd etilgan. Albatta, komod o‘zidan-o‘zi ag‘darilib ketmaydi va kattalar uchun mutlaq xavfsiz hisoblanadi. Lekin bolalar uni ochib zinapoyadan chiqqandek ko‘tarilishga harakat qilishi turli oqibatlarga olib keladi. Hatto Yevropa kompaniyalaridan birida bolalar jarohati ko‘p kuzatilgani sabab komodlarning ba’zi modellari ishlab chiqarishdan to‘xtatilgan. Mebel ishlab chiqaruvchilar shu sababdan ham oddiy xavfsizlik qoidalariga amal qilishni – maxsus moslama bilan komodni devorga qotirish va uning ustiga og‘ir buyumlar, masalan, televizor qo‘ymaslikni tavsiya qiladi.
Xushbo‘y shamlar
Mutaxassislar xushbo‘y sham yonib turgan xonada uzoq vaqt bo‘lmaslik kerakligini ta’kidlaydi. Chunki bu vaqtda havodagi xavfli moddalar konsentratsiyasi sezilarli darajada ortadi. Gap do‘konda ko‘p uchraydigan tarkibida sun’iy aromatizatorlar bo‘lgan shamlar haqida ketyapti. Bunday shamlar tarkibidagi zaharli moddalar astma va allergik reaksiyalarga olib keladi.
Bilib qo‘yish kerak:
- Shamlarni shamollatish mumkin bo‘lgan xonalarda yoqing, ko‘p yoqmang va bir necha soat ketma-ket yoqilgan holda qolmasligiga e’tibor qarating.
- Tabiiy moddalar – asal yoki soya mumidan tayyorlanganini xarid qiling.
Jalyuzi ham komodlar singari bolalar uchun xavfli hisoblanadi. Masalan, AQShda har oyda ikki nafar bola jalyuzi shnuriga bo‘g‘ilishdan vafot etadi. Shu sababdan ham bugungi kunda ishlab chiqaruvchilar shnuri kalta bo‘lgan modellarni ishlab chiqaradi. Shunga qaramay, xavfsizlik choralariga amal qilishda davom etish: iloji boricha bolalar xonasiga ilmaslik, jalyuzisi bor deraza oldiga bola karavotini qo‘ymaslik, shnurlarni bola qo‘li yetadigan balandlikda qoldirmaslik hamda uni ilgakka mahkamlab qo‘yish kerak.
Sochilib yotgan narsalar va sirpanchiq pol
Har yili yuz minglab odam shunchaki yerda sochilib yotgan narsaga qoqilib yiqilishdan jarohatlanadi. Yiqilishlarni quyidagi oddiy qoidalarga amal qilib oldini olish mumkin:
- Uyni ta’mirlash vaqtida sirpanchiq bo‘lmagan pol qoplamalarini tanlang;
- Ostona turtib chiqmasa, xavfsiz bo‘ladi; turtib chiqqan bo‘lsa, himoya gilamchalari to‘shab qo‘ying.
- Buyumlarni yerga tashlamang, qoqilish mumkin bo‘lgan yerga sumka va poyabzallarni qo‘ymang;
- Uydagi barcha xonalar yorug‘ bo‘lsin.
Manba