Birinchi yordam: nima uchun kuygan joyga muz qo‘yish mumkin emas?
Birinchi yordamning asosiy qoidasi — tez harakat qilish. Ikkinchi va eng muhim qoida esa to‘g‘ri yo‘l tutish. Ko‘pchilik bu borada sog‘liqqa zarar yetkazadigan xatolar qilib qo‘yadi. Quyidagi maslahatlar bu borada yordam beradi.
Foto: ShutterstockBurundan qon ketishi
Xato: boshni orqaga tashlash. Birinchidan, bu samarasiz va qon ketishini to‘xtatishga hech qanday yordam bermaydi, ikkinchidan, bu qonni yutib yuborish va keyinchalik qayt qilishga olib kelishi mumkin.
To‘g‘ri yo‘l: oldinga egilib, burun ko‘prigini siqing. Agar qon ketishi 10 daqiqada to‘xtamasa, burunga paxta tiqib, shifokorga boring.
Kuyish
Xato: kuygan joyga muz yoki yog‘ surtish. Bunday xalqona davolanish zararli, chunki yog‘ issiqlik beradi va vaziyatni yanada kuchaytiradi. Boshqa tomondan, muz teri hujayralarini haddan tashqari sovitib yuborishi va ularning zararlanishiga olib kelishi mumkin.
To‘g‘ri yo‘l: kuygan joyni oqayotgan sovuq(muzdek emas!) suv ostida bir necha daqiqa ushlab turing, so‘ngra toza, quruq bandaj bilan o‘rab, tibbiy yordamga murojaat qiling.
Og‘ir shikastlanishlar
Xato: shikastlangan odamni qimirlatish. Agar jabrlanuvchi joyida qolganda jiddiy shikastlanish xavfiga duch kelmasa, hech qachon bunday qilmang. Boshqa barcha holatlarda yaradorni qimirlatmaslik, ag‘darish yoki tana holatini boshqa yo‘l bilan o‘zgartirish mumkin emas — shu tariqa olgan jarohatlari, shu jumladan, umurtqa pog‘onasi yoki ichki a’zolari zararlanishi mumkin.
To‘g‘ri yo‘l: tez yordam chaqiring va jabrlanuvchi atrofidagi bo‘sh joyni maksimal darajada oshiring, shunda shifokorlar unga to‘siqsiz yordam qilishlari mumkin.
Kesilish va jarohatlar
Xato: yarani tupik bilan tozalashga urinish. Tupik bakteriyaga qarshi xususiyatlarga ega deb ishoniladi, lekin bu cho‘pchak. Og‘izda juda ko‘p bakteriyalar bor(masalan, ular tish plastinkasida), ular yaraga tushganda infeksiyani kuchaytirishi mumkin. Xuddi shu sababga ko‘ra, yarani daryo yoki ko‘ldagi suv bilan yuvish ham xavfli.
To‘g‘ri yo‘l: yarani vodoprovod suvi yoki fiziologik aralashma bilan yuvib tashlang, bunday aralashma uyingizda yoki mashinangizning dori qutisida bo‘lishi lozim.
Bo‘g‘im chiqishi yoki sinishi
Xato: issiq kompress tayyorlash. Bu bilan vaziyatni yanada og‘irlashtirasiz. Issiqlik qon oqimini oshiradi, bu esa shish paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
To‘g‘ri yo‘l: ko‘kargan yoki singan joyni muz yoki kompress bilan sovitib, shikastlangan tana qismini harakatsiz qoldiring va iloji boricha tezroq shifokorga murojaat qiling.
Ko‘z shikastlanishi
Xato: ko‘zdan begona narsalarni olib tashlashga urinish. Faqatgina biror-bir kimyoviy modda kirsagina, darhol sovuq suv bilan ko‘zni yuvish kerak. Boshqa barcha hollarda begona narsalarni mustaqil ravishda olib tashlashga urinish zararni yanada kuchaytirishi va hatto yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
To‘g‘ri yo‘l: shikastlangan ko‘zni bint bilan bog‘lang va darhol shifokorga murojaat qiling.
Yo‘l-transport hodisasi
Xato: qo‘rqinchli joyi yo‘q deb, shifokorga bormaslik. Adrenalin ta’sirida tana og‘riqni “yashirishi” mumkin, hatto jiddiy jarohatlardan keyin ham jabrlanganlarga ahvoli yaxshi bo‘lib tuyuladi. Aksariyat hollarda yordamning tezligi hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
To‘g‘ri yo‘l: agar mashinangiz ozmi-ko‘pmi jiddiy shikastlangan bo‘lsa, o‘zingizni yaxshi his qilayotgan bo‘lsangiz ham, albatta, shifokorga murojaat qiling.
Manba