Birinchi yordam: deyarli hamma yo‘l qo‘yadigan 7 ta keng tarqalgan xato
Salomatlik va hatto yashab qolish ham birinchi yordam qanchalik to‘g‘ri ko‘rsatilishiga bog‘liq!Quyidagi xatolarni bilib oling, agar siz o‘zganing hayotini saqlab qolmoqchi bo‘lsangiz, bu xatolardan qochishga harakat qiling.
Birinchi yordam bemor hayotini saqlab qolishi yoki jabrlanuvchini sog‘lig‘idan butunlay mahrum qilishi mumkin. Odamlar birinchi yordam ko‘rsatishda tez-tez yo‘l qo‘yadigan, shu bilan jabrlanganlarning sog‘lig‘iga qo‘shimcha zarar yetkazadigan eng keng tarqalgan xatolarni to‘pladik — ularni eslab qoling va hech qachon qilmang!
Burundan qon ketishi
Xato: Boshingizni tepaga ko‘taring. Birinchidan, bu usul samarasiz va qon ketishini to‘xtatish uchun hech qanday yordam bermaydi. Ikkinchidan, bemor qonni yutib yuborishi va keyinchalik uning qayt qilishiga olib kelishi mumkin.
Buni qanday to‘g‘ri bajarish kerak: Oldinga egilib, barmoqlaringiz bilan burunni chimchilab ko‘ring. Agar qon 10 daqiqa ichida to‘xtamasa, burun teshiklarini paxtali tampon bilan berkitib, shifokor bilan bog‘laning.
Kuyish
Xato: Kuygan joyga muz yoki moy surting. Ushbu “xalqona davolar” foydali emas, balki zarar keltiradi. Chunki yog‘ bilan qoplangan hujayralar issiqlikni saqlab qoladi va holatni yanada og‘irlashtiradi. Muz, aksincha, teri hujayralarini muzlatib yuborishi va ularning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.
Buni qanday bajarish kerak: Kuygan joyni sovuq(muz emas!) oqayotgan suv ostida bir necha daqiqa ushlab turing, keyin toza, quruq bint bilan yoping va shifokorga murojaat qiling.
Og‘ir jarohatlar
Xato: Yaradorni harakatlantirishga urinish. Buni hech qachon qilmang. Faqat joyida qolish jabrlanuvchiga jiddiyroq shikast yetkazishi xavfini oshiradigan holatlar bundan mustasno. Masalan, yong‘in, bino qulashi yoki portlash. Boshqa barcha holatlarda yaradorni harakatga keltirish, ag‘darish yoki tananing holatini boshqa tomonga o‘zgartirish mumkin emas — bu jarohatlarni, shu jumladan, umurtqa pog‘onasini yoki ichki organlarni yanada shikastlashi mumkin.
Buni qanday qilib to‘g‘ri bajarish kerak: Tez yordamni chaqiring va jabrlanuvchining yonida ko‘proq bo‘sh joy hozirlang. Shunda shifokorlar unga osonlik bilan yaqin kela oladi.
Kesish va yaralar
Xato: Yarani tupik bilan tozalashga urinish. Tupikning bakteritsid xususiyatlariga ega ekanligiga ishonishadi, ammo bu cho‘pchak. Darhaqiqat, og‘zimizda juda ko‘p bakteriyalar mavjud(ular tishda uchraydi), ular yaraga kirsa, infeksiyani kuchaytirishi mumkin. Aynan shu sababga ko‘ra, yaralarni daryo yoki ko‘l suvlari bilan yuvish xavflidir.
Buni qanday to‘g‘ri bajarish kerak: Yarani vodoprovod suvi yoki sho‘r suv bilan yuving, bu sizning uyingiz yoki mashinangizda birinchi tibbiy yordam to‘plamida bo‘lishi kerak.
Pay cho‘zilishi yoki sinish
Xato: Jarohatni iliq kompress qiling. Bu bilan siz vaziyatni faqat og‘irlashtirasiz. Issiqlik qon oqimini ko‘paytiradi, bu esa yanada kuchli shishishga olib kelishi mumkin.
Buni qanday to‘g‘ri qilish kerak: Ko‘kargan yoki singan joyni muz yoki muzdek kompress yordamida sovitib, tananing jarohatlangan qismini harakat qilishiga yo‘l qo‘ymang va imkon qadar tezroq tez yordam chaqiring. shifokorga murojaat qiling.
Ko‘z shikastlanishi
Xato: Ko‘zdan begona narsalarni olib tashlashga urinish. Bu holatda yagona istisno shuki, agar biror-bir kimyoviy modda ko‘zga kirsa, bu holda darhol ko‘zingizni sovuq suv bilan yuving. Boshqa barcha holatlarda, begona narsalarni mustaqil ravishda olib tashlashga urinish faqat shikastlanishni kuchaytirishi va hatto, o‘nglab bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Nima qilish kerak: Shikastlangan ko‘zni bint bilan yoping va darhol tibbiy yordamga murojaat qiling.
Avtohalokat
Xato: Shifokorga ko‘rinmang, chunki bu “xavotirlanadigan hech narsa” emas. Adrenalin ta’siri ostida tanamiz og‘riqni “niqoblashi” mumkin va hatto,Ajiddiy jarohatlardan keyin ham jabrlanganlar o‘zlarida hamma narsa tartibda deb o‘ylashlari mumkin. Bu paytda aksariyat hollarda tibbiy yordam ko‘rsatish tezligi hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Buni qanday to‘g‘ri bajarish kerak: Agar sizning mashinangiz jiddiy shikastlangan bo‘lsa, “o‘zimni yaxshi his qilyapman”, deb o‘ylasangiz ham, shifokorga ko‘rining.
Manba