Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘p ishlash inson salomatligiga qanday xavf tug‘dirishini ma’lum qildi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari muntazam ravishda ortiqcha ishlash o‘lim xavfiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda JSST va Xalqaro mehnat tashkilotining 17-maydagi hisobotiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
Foto: UnsplashHisobotda qayd etilishicha, xavfli chegara — haftasiga 55 soatlik ish. Shundan so‘ng xodimning sog‘lig‘ida muammolar yuzaga kela boshlaydi.
“Tadqiqotlarga ko‘ra, haftasiga 55 soat va undan ortiq ishlash haftasiga 35-40 soat ishlaydiganlar bilan taqqoslaganda insult xavfini 35 foizga, yurak ishemik kasalliklarini 17 foizga oshishiga olib keladi”, — deyiladi JSST xabarida.
Shuningdek, ta’kidlanishicha, 2016-yilda dunyo bo‘ylab 398 ming kishi insultdan va 347 ming kishi yurak kasalliklaridan vafot etgan. Ushbu o‘lim holatlari aynan ortiqcha ishlash holatlari bilan bog‘lanmoqda.
Ekspertlarning qayd etishicha, ortiqcha ishlash, ayniqsa, erkaklar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi — barcha o‘lim holatlarining 72 foizi. Shu bilan birga, ko‘p ishlaydigan insonlar soni “o‘sib bormoqda va hozirda dunyo aholisining 9 foizini tashkil etadi”.
“Hech bir ish insultga chalinish yoki yurak kasalligi xavfiga duchor bo‘lishga arzimaydi”, — deydi JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus.
Mavzuga doir: Yaponiya hukumati mamlakatdagi ortiqcha ishlash an’anasiga qarshi kurash boshladi
Manba