Vazn yo‘qotishning faqat shifokorlarga ma’lum bo‘lgan sirlari
Inson vazni nafaqat to‘g‘ri ovqatlanish, balki turmush tarzi hamda salomatlik bilan ham chambarchas bog‘liq. Agar kim o‘ziga mos vazn yig‘ishda muvaffaqiyatga erishishni istasa, to‘g‘ri ovqatlanish mutaxassisi, sport murabbiyi, shuningdek, shifokor bilan ham maslahatlashishi zarur. Sababi ular vazn tashlashda qo‘l keladigan o‘ziga xos sirlardan xabardor.
Foto: “Domashniy ochag”Sog‘liq uchun iste’mol qilinayotgan dori vositalari vaznga ta’sir qilishi mumkin
Gipertoniya, qandli diabet, tushkunlik va boshqa keng tarqalgan kasalliklarga qarshi qabul qilinayotgan dori vositalari vazn ortishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar vazn yo‘qotishda qiyinchiliklar paydo bo‘lsa, shifokorlar ana shunday dorilar o‘rniga semirtirib yubormaydigan, muqobilini tavsiya etadi.
Parhezdan avval qalqonsimon bezni tekshirish kerak
Qalqonsimon bez inson vazniga bevosita ta’sir qiladi, hatto modda almashinuvi jarayoniga ham o‘zgarishlar kiritadi. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, agar vazn orttirish yoki kamaytirishda natija kutilganidek bo‘lmasa, qalqonsimon bez gormonlarining kengaytirilgan tahlilini o‘tkazish zarur. Natijalarni baholashda odatdagidek emas, balki optimal parametrlarga e’tibor qaratish kerak.
Spirtli ichimliklar vazn tashlashga xalaqit beradi
Spirtli ichimliklarning barcha turdagisi tanada modda almashinuviga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, uning tarkibida yengil uglevodlar mavjud bo‘lib, insulin moddasi tufayli qandli diabet kasalligini ham keltirib chiqaradi. Umuman, spirtli ichimliklar tananing har bir a’zosiga o‘z zararini yetkazadi.
Sportsiz vazn yo‘qotish mumkin emas
Ortiqcha vazndan xalos bo‘lish uchun inson salomatligi hamda modda almashinuvi jarayoni me’yorda ishlash kerak. Albatta, jismoniy mashqlarsiz bunga erishish mumkin emas. Shifokorlar uy sharoitida amalga oshiriladigan mashg‘ulotlarni muntazam bajarishni tavsiya etadi. Shuningdek, vazn kamaytirish uchun sport zallariga borish shart emas.
Me’yordagi qomatning kaliti – sog‘lom uyqu
Mukammal vazn uchta ustunga asoslangan. Ular sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik va yetarli uyqu. Kuniga 8 soatdan kam uxlash natijasida ochlik hissi uchun javobgar bo‘lgan grelin gormoni darajasi ortadi. Bundan tashqari, uyquning yetishmasligi xatti-harakatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Vazn kamaytirishni istaganlar ishni uyquni me’yorlashtirishdan boshlashi kerak.
Mushak og‘irligidan xavotir olmaslik lozim
Sport bilan faol shug‘ullangan insonlarda nafaqat vazn kamayishi, balki ortishi ham kuzatiladi. Aslida bu yaxshi natija, sababi tanada paydo bo‘lgan mushaklar o‘z og‘irligiga ega bo‘ladi hamda ular modda almashinuvini yaxshilaydi. Mushaklar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p kaloriya energiyaga aylanadi. Shuni ham yodda tutish kerakki, 30-40 yoshlar orasida mushak massasining tabiiy pasayishi kuzatiladi. Ammo ularni saqlab qolish uchun ko‘proq jismoniy harakat qilish tavsiya etiladi.
Manba