Salomatlikda muammo borligidan darak beruvchi teridagi o‘zgarishlar
Yuzning so‘lg‘in va rangsiz ko‘rinishini tonal krem bilan yashirsa bo‘ladi, ammo ba’zida ko‘zga yaqqol tashlanadigan o‘zgarishlar salomatlik bilan jiddiy muammolar borligidan darak berishi mumkin. Ularga bee’tibor bo‘lmaslik, bartaraf qilish uchun esa shifokorga borishni ortga surmaslik kerak.
Foto: FreepikQosh to‘kilishi
Ayollar qosh to‘kilishini ko‘pincha yosh o‘tishi bilan bog‘liq muammolarga yo‘yadi. Ammo qoshning, ayniqsa, chakkaga yaqin tomondan to‘kilishi gipotireoz, ya’ni qalqonsimon bez gormonlarining yetarlicha ishlab chiqarilmasligidan darak beradi. Tez-tez charchoqni his qilish, holdan toyish, sovqotish va terining qurishi gipotireozga xos boshqa belgilar sanaladi. Agar ushbu simptomlar kuzatiladigan bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Oddiy qon tahlili orqali gipotireozni aniqlash mumkin.
Yuzda tuk va husnbuzarlarning ko‘payishi
Avvalgidan ko‘ra yuzdagi husnbuzar va tuklarning ko‘payishi organizmda testesteron gormonining faol ishlab chiqarilayotganidan, ba’zi vaqtlarda bu tuxumdonlar polikistozi sindromidan darak berishi mumkin. Qolaversa, mazkur gormonal o‘zgarishga insulin miqdorining oshgani ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin va bunday vaziyatda tarkibida shakar ko‘p bo‘lgan mahsulotlardan tiyilish kerak bo‘ladi.
Yonoqlardagi qizil dog‘lar
Yuzning qizarishi odatiy hol bo‘lishi mumkin, ammo yonoq va iyaklar qizaradigan bo‘lsa hamda uzoq vaqt davomida ketmasa, bu volchanka(autoimmun kasallik)dan darak berishi mumkin. Artrit, bo‘g‘imlar va mushaklardagi og‘riq esa ushbu kasallikka xos boshqa simptomlar sanaladi.
Ko‘z ostida halqalar paydo bo‘lishi
Ko‘z ostida bunday halqalarning paydo bo‘lishi ratsionda tuz haddan ortiq ko‘pligi yoki surunkali allergiya sabab ko‘z atrofidagi qon-tomirlarning kengaygani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Agar halqalar qizarish bilan namoyon bo‘lsa, dermatomiozitga tekshirtirib ko‘rish kerak. Ushbu autoimmun kasallik mushaklar og‘rig‘i, umumiy holsizlik bilan bog‘liq bo‘ladi. Salomatligingizga befarq bo‘lmasdan, shifokor ko‘rigidan o‘tishni unutmang.
Manba