Gormonlar bilan bog‘liq muammo borligidan darak beruvchi simptomlar
Gormonal muvozanatning buzilishi salomatlik bilan bog‘liq jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sabab ham qaysi simptomlar gormonlarning ko‘p yoki kamligidan darak berishi haqida ma’lumotga ega bo‘lish kerak.
Foto: Marie ClaireGipotireoz alomatlari
Kuchsizlik, uyqu bosishi, loqaydlik, terining qurishi, soch to‘kilib, tirnoqlarning mo‘rtlashishidan tashqari, ich qotishi, shishlar, vazn ortishi, shuningdek, qon bosimi, puls va haroratning pasayishi qalqonsimon bez gormonlarining yetarlicha ishlab chiqarilmayotganidan darak beradi. Gipotireoz deb ataladigan bu holat yod tanqisligi, ayrim murakkab kasalliklar oqibatida kuzatilishi mumkin ekani sabab ham darhol shifokorga murojaat qilish muhim.
Tireotoksikoz belgilari
Boshqa tomondan, asabiylashishning ortishi, sal narsaga ko‘z yosh to‘kish, kayfiyatdagi o‘zgaruvchanlik, terlashning ortishi, yuz terisining qizarishi, yurak urishining tezlashishi, shuningdek, arterial qon bosim va haroratning ko‘tarilishi qalqonsimon bezdan ajralayotgan gormon miqdori oshib ketganini bildiradi. Gipertireoz yoki tireotoksikoz deb ataladigan mazkur holatda yuqoridagilardan tashqari, nafas qisishi, arzimagan jismoniy harakatda ham tez charchash, soch to‘kilishi, menstrual siklning o‘zgarishi kuzatilishi mumkin. Buning bir necha sabablari bo‘lishi mumkin. Ularni aniqlash va chora ko‘rish uchun darhol endokrinologga murojaat qilish kerak.
Gipokortizmga xos alomatlar
Kuchsizlik, uyqu bosishi va loqaydlik bilan birga, terining bukiladigan tana qismlarida pigmentlar kuzatilishi buyrak usti bezlaridan kortizol kam ajralayotganidan darak beradi. Bu mutaxassisga zudlik bilan murojaat qilishni talab qiladigan juda jiddiy ahvol sanaladi.
Qandli diabetning alomatlari
Ko‘p suv ichganda ham chanqoq sezilishi, og‘iz qurishi va badbo‘y hid anqishi, shuningdek, peshobning tez-tez ajralishi qandli diabetga xos simptomlar sanaladi. Bu holat oshqozon osti bezidan insulin gormoni kam ajralgani hisobiga sodir bo‘ladi. Bunda o‘zboshimchalik qilish yoki shifokorga borishni ortga surish yaramaydi.
Jinsiy gormonlarga xos muammolardan darak beradigan belgilar
Ayollardagi menstrual siklning o‘zgarishi, og‘riq kuzatilishi jinsiy gormonlar bilan bog‘liq muammo borligidan darak beradi. Gormonal tekshiruvlar murakkab ekani sabab ham shifokor ko‘rsatmasisiz tahlil topshirish tavsiya qilinmaydi.
Paratireod bezi faoliyatida muammo borligidan dalolat beruvchi alomatlar
Kalsiy va fosforning kam yoki ko‘pligi nafaqat D vitamini yetishmovchiligi, balki buyrak xastaliklariga xos kasallik hamda paratireod bezi faoliyatida muammo borligidan darak berishi mumkin. Gap shundaki, ushbu bezdan fosfor-kalsiy almashinuvini me’yorlashtiradigan gormon ajraladi. Shu sabab ham buyrakdagi toshlar, suyak va tishlarning minerallashishidagi muammolar, soch hamda tirnoqlarning mo‘rtlashishi, mushaklarning spazm va tortishishga moyilligi ushbu gormonning yetishmasligi yoki oshiq ekanini bildirishi mumkin.
Mavzuga doir:
- Kutilmagan tarzda ruhiyatga ta’sir qiladigan mahsulotlar
- Oshqozon-ichak tizimi uchun zararli 6 mahsulot
- Qanday ichimliklar ozishga yordam beradi?
- Ishlaymiz va ozamiz. Vazn yo‘qotish uchun ishda rioya qilish kerak bo‘lgan 4 qoida
- Ozish jarayonida organizm duch keladigan 5 ta xatar
Manba