Befarq bo‘lmang: sil kasalligiga xos 7 simptom
O‘ta jiddiy kasalliklardan bir hisoblangan sil kasalligi stress, yaxshi ovqatlanmaslik va immunitet pastligi sabab jadallashib ketishi, buning oqibati esa yaxshilik bilan tugamasligi mumkin. Asosan havo tomchi yo‘li bilan tarqaladigan ushbu kasallik rivojlanib ketishining oldini olish uchun bir yilda bir marta tekshiruvdan o‘tish hamda unga xos dastlabki simptomlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish kerak.
Foto; “Domashniy ochag”Yo‘tal
Yo‘tal sizda 3 hafta yoki undan ko‘p vaqt davomida kuzatilayotgan bo‘lsa, demak sizda xavotirlanishga asos bor. Mutaxassisga uchrab, o‘pka va nafas yo‘llarini tekshirtirish uchun yo‘talning kuchli bo‘lishi shart emas. Aslida, uzoq vaqt davom etayotgan yo‘talga allergiya, bronxit va hatto havo namligining yetarli bo‘lmagani ham sabab bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, befarq bo‘lmasdan, vaqtida borib tekshirtiring.
Ko‘krak qafasida diskomfort
Og‘riq ushbu kasallikning keyingi bosqichlarida kuzatiladi. Dastlab esa yo‘tal, ko‘krak qafasida diskomfortni his qilish bilan birga namoyon bo‘lishi mumkin. Chuqur nafas olganda bo‘g‘ilish va nafas qisishi ham inkor qilib bo‘lmaydigan simptomlardan. Agar ushbu holat o‘tib ketmaydigan bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak.
Keskin vazn yo‘qotish
Ozish uchun hech qanday harakat qilmagan taqdiringizda ham, to‘satdan vazningiz kamayganini payqasangiz, mutaxassisga borish uchun sizda yana bir muhim sabab bor. Gap shundaki, organizmdagi bu kabi o‘zgarish ko‘p hollarda jiddiy kasalliklar, xususan, sildan ham darak berishi mumkin.
Tana haroratining biroz ortishi
Tana haroratining muntazam ravishda 37,2-37,5 daraja bo‘lishi, shuningdek, ushbu simptomning yo‘tal bilan birga kuzatilishi silga xos alomat sanaladi.
Ishtaha kamayishi yoki yo‘qolishi
Kasallik kuzatilganda organizm unga qarshi kurashish uchun bor kuchi bilan ishlaydi va boshqa tizimlar, xususan, hazm qilish tizimidan ham “qarz oladi”. Shuning hisobiga ishtaha bo‘g‘ilishi mumkin. Agar bu holat sizga begona bo‘lmasa va kamiga yuqoridagi simptomlar bilan birga kuzatilayotgan bo‘lsa, shifokorga borishni ortga surmang.
Qattiq charchash
Hech nima qilmasa ham, holsiz bo‘lish va bir zumda charchab qolish bejizga bo‘lmasligi mumkin. Lohaslik va holdan toyishning ortishi organizm qandaydir yashirin dushman bilan kurashayotganidan dalolat berishi mumkin.
Terlash
Klimaksga hali erta bo‘lishiga qaramay, birdaniga isib ketish yoki aksincha to‘satdan qizib ketish holati ham ko‘zdan qochirmaslik kerak bo‘lgan simptomlardan. Ayniqsa, kechasi terlash kuzatiladigan bo‘lsa, sil rivojlanayotgani xavfi yuqori bo‘lishi mumkin.
Manba