Salomatlik Salomatlik Yurak bilan hazillashmang: kardiologga uchrash kerakligidan darak beruvchi 9 simptom

Yurak bilan hazillashmang: kardiologga uchrash kerakligidan darak beruvchi 9 simptom

O'qildi: 327


Yurak bilan hazillashmang: kardiologga uchrash kerakligidan darak beruvchi 9 simptom

Siz oddiy va odatiy deb o‘ylagan alomatlar shunchaki kuzatilmasligi, ularga e’tibor berilmasa, oqibati salbiy yakun topishi mumkin. Marie Claire qanday simptomlar yurak bilan bog‘liq kasalliklar xavfidan ogohlantirishi haqida ma’lumot berib o‘tadi.

Foto: Freepik

Ko‘krak qafasidagi og‘riq

Yurakning ko‘krak qafasiga og‘riq berishi aksariyat hollarda jismoniy yoki emotsional zo‘riqishlardan keyin kuzatiladi. Bunda chap qo‘l, yelka va chakka sohasida diskomfort seziladi. Mashg‘ulotlar yoki jismoniy faollikdan keyin ushbu alomatlarning tezda o‘tib ketishi befarq bo‘lishingizga sabab bo‘lmasligi kerak. Aslida, yurak sohasidagi istalgan og‘riq hissining paydo bo‘lishi mutaxassisga murojaat qilish uchun sabab bo‘la oladi.

Nafasning qisishi va nafas bilan bog‘liq muammolar

Bu nafaqat koronavirus, balki yurak salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammo borligidan darak beruvchi simptom hisoblanadi. Nafas qisishi va havo yetishmasligi nafaqat sport mashqlaridan keyin, balki uyquning o‘rtasida ham kuzatilishiga bir qancha kasalliklar sabab bo‘ladi. Shunday ekan e’tiborsiz bo‘lmasdan, darhol shifokorga murojaat qiling.

Qon bosimining o‘zgarishi

Qon bosimining 140 ga 90 bo‘lishi gipertoniya, ammo hatto 130 ga 80 qon bosimi bilan yuradiganlar ham xavf guruhiga kiradi. Aynan shu sabab ham ular kardiologga murojaat qilib, gipertonik kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘ladigan qo‘shimcha omillar bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Bosh og‘rishi, bosh aylanishi va hushdan ketish

Bunday simptomlar kuzatilganda odamlar aksariyat hollarda nevrologga murojaat qiladi. Aniq sababi topilmasa, demak, o‘zgarish yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Yurak faoliyati bilan bog‘liq muammolar, pulsning buzilishi

Yurak urushining tezlashishi yoki aksincha holat kuzatilganda kardiologga murojaat qilishni kechiktirmaslik kerak. Bunga boshqa kasallik sabab bo‘lsa ham, kardiolog kompleks davo uchun ko‘rsatma berishi, zaruriyati bo‘lganda kerakli mutaxassisga yo‘naltirishi mumkin.

Xolesterin miqdorining yuqoriligi

“Yomon” xolesterin miqdorining yuqori ekani yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shu sabab ham kardiologga uchrash, tashxis qo‘yish yanada aniq bo‘lishi uchun xolesterin miqdori bilan bog‘liq tahlillar topshirish kerak.

EKGda o‘zgarish

Siz o‘zingizni yaxshi his qilgan taqdirda ham, EKGda o‘zgarish chiqishi yurak bilan bog‘liq muammodan darak berishi mumkin. Bunday holat kuzatilganda kardiologga murojaat qilib, davo choralarini ko‘rishni boshlang. Qancha oldin harakat qilsangiz, shuncha erta oldini olishga erishasiz.

Charchoq, jismoniy faol bo‘la olmaslik

Hatto oddiy uy yumushlarini bajarishga ham holingiz bo‘lmasa, biroz toza havoda sayr qilgan taqdirda ham, charchab qolsangiz, zudlik bilan shifokorga borish tavsiya qilinadi. Gap shundaki, ayrim hollarda yurak bilan bog‘liq kasalliklar yaqqol ko‘zga tashlanadigan simptomlar — nafas qisishi va og‘riqdan tashqari, charchoq va lohaslik bilan ham boshlanishi mumkin.

Irsiyat

Qarindoshlaringiz orasida yurak bilan bog‘liq jiddiy kasalliklardan aziyat chekkan va shu sabab erta hayotdan ko‘z yumgan kishilar bo‘lsa, kardiolog tavsiyasiga binoan profilaktik choralarga amal qilib yuring. Yog‘li ovqatlanmang, zararli odatlardan voz keching, asabiylashishni bas qilib, toza havoda vaqti-vaqti bilan sayr qilib turing.

Mavzuga doir:

  • Qon bosimini dorilarsiz pasaytirish uchun 8 tavsiya
  • Qon bosimining oshishiga sabab bo‘ladigan 5 odat
  • Bosh miya ichki bosimi oshganidan darak beruvchi simptomlar


Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.