Yosh ko‘rinishga yordam beradigan ovqatlanish bilan bog‘liq odatlar
Ovqatlanish organizmning ahvoli va hayot tarzining qanday kechishiga ta’sir qiladigan muhim omillardan biri sanaladi. Iste’mol qilingan mahsulot tashqi ko‘rinish, faollik va emotsional holatda o‘z aksini beradi. Vazn ortishi nafaqat hazm jarayoni, balki teri ahvoli yomonlashishi, sochlar to‘kilishi va tirnoqlar mo‘rtlashishiga olib keladi. Ovqatlanish borasidagi sog‘lom odatlar esa bu kabi muammolarning oldini olibgina qolmay, bartaraf etilishiga ham hissa qo‘shadi.
Ovqatlanishda me’yorni biling
Me’yorga amal qilgan holda, oshirib yubormasdan ovqatlanish kerak. Buning uchun portsiya hajmini aniqlab olish kerak. Kaft kattaligidagi portsiya siz uchun me’yor bo‘ladi.
Ovqatlanish rejimini tanlang va unga rioya qiling
Kun davomida nonushta, tushlik va kechki ovqatni qoldirmasdan yeyish kerak. Orada yengil va foydali mahsulotlar bilan tamaddi qilib olsa ham bo‘ladi.
Ratsion balansda bo‘lishiga e’tibor qarating
Oqsil, yog‘ va uglevodlarning yetarli miqdorda bo‘lishi organizmning to‘laqonli faoliyati uchun muhim sanaladi. Kunlik ratsionda 30 foiz oqsil, 30 foiz yog‘ va 40 foiz uglevod bo‘lishi kerak. Salomatlik va vazn borasida individual o‘zgarish istovchilar parhezshunoslarga murojaat qilishi kerak.
Taomni sifatlisini tanlang
Nimani qanday ahvolda iste’mol qilish ham o‘ta muhim. Iloji boricha parhez usulida tayyorlangan taomlarga e’tibor qaratish kerak. Dimlab, qaynatib pishirilgan yeguliklar bilan tanovul qiling, shuningdek, sabzavot va mevalarni ham kanda qilmang.
Suv balansiga rioya qiling
Suv metabolizmni jadallashtirib, toksinlarni organizmdan chiqarib yuborishga yordam beradi. Yetarli miqdorda suv ichish teri ahvoli yaxshilanishi, shuningdek, vazn kamayishiga ham hissa qo‘shadi.
Turmush tarzi va ovqatlanishni o‘zgartirmoqchi bo‘lganlarga organizmning kislotali reaksiyasiga sabab bo‘ladigan mahsulotlardan tiyilish tavsiya qilinadi. Har qanday mahsulotning parchalanishi davomida organizmda kislota yoki ishqorli reaksiya yuz beradi. Ishqordan farqli ravishda kislota organizmni sekin tark etadi va to‘planish xususiyatiga ega bo‘ladi. Ishqor va kislota o‘rtasidagi balans buzilsa, turli kasalliklar rivojlanadi, kishi o‘zini yomon his qiladi va qarish jarayoni tezlashadi.
Manba