Tuz ta’sirida rivojlanishi mumkin bo‘lgan 4 ta jiddiy kasallik
Salomatlikka zarar yetkazmaslik uchun shifokorlar har kuni tuz iste’molini 5 grammdan oshirmaslikni maslahat beradi. Aksariyat hollarda ushbu me’yor ortib ketishi tabiiy, ko‘pchilik buni hatto bilmaydi ham. Sababi ko‘plab oziq-ovqatlar tarkibida yashirin tuz miqdori mavjud bo‘lib, ayniqsa, tayyor ovqatlar tom ma’noda natriy bilan to‘yingan bo‘ladi. Afsuski, tavsiya etilgan tuz iste’molining miqdorini oshirib borish sog‘liq uchun xavflidir. Shuningdek, ushbu jarayon organizmda jiddiy kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Har kuni oz miqdorda tuz iste’mol qilish orqali sezilarli darajada kamayishi mumkin bo‘lgan ba’zi kasalliklar ro‘yxati bilan quyida tanishib chiqish mumkin.
Foto: The ChallengerYosh bilan bog‘liq demensiya
Qonda natriy miqdori qancha yuqori bo‘lsa, tafakkur buzilishi xavfi shuncha ko‘proq. Kolorado universiteti tadqiqotchilari shunday xulosaga kelgan. Olib borilgan tajriba natijalariga ko‘ra, 65 yoshdan oshgan insonlarda, ayniqsa, muntazam ravishda me’yoridan ortiq tuz iste’mol qiladiganlarda demensiya kasalligining rivojlanishi 30 foizga oshadi.
Buyrakda toshlar
Tuz juda ko‘p iste’mol qilinsa, peshobda oqsil miqdori ko‘payadi. Bu buyrak kasalligi hamda unda toshlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biridir. Agar buyraklar faoliyati yaxshi bo‘lsa, ularni uzoq vaqt sog‘lom saqlash uchun tuz iste’molini me’yordan oshirmaslik tavsiya etiladi.
Oshqozon yarasi
Ko‘p tuz iste’mol qilish o‘z-o‘zidan oshqozon yarasini qo‘zg‘atmasligi mumkin. Ammo shilliq qavat Helicobacter pylori bakteriyalari tomonidan zararlangan bo‘lsa, unda natriyni ortiqcha iste’mol qilish xavfni bir necha barobarga oshiradi.
Gipertoniya
Tuz tanadagi suyuqlikni ushlab turadi, bu esa yurak ishlashini qiyinlashtiradi. Natijada qon bosimi oshishi holati kuzatiladi. Agar bemorda qon bosimi muntazam ravishda ko‘tarilib tursa, tuz hamda u qo‘shiladigan mahsulotlar iste’molini kamaytirish kerak.
Manba