Makiyajni tozalashda eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan 8 xato
Yuzdagi pardoz, ayniqsa, ko‘zdagi bo‘yoqlarni tozalashda eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan 8 ta xato tufayli aksariyat ayollar kelajakda dermatolog ko‘rigiga borishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Cosmopolitan ana shu 8 xato ketma ketligini tuzib chiqdi. Ular bilan tanishib chiqish salomatlik hamda go‘zallik borasida foydali bo‘lishi shubhasiz.
Foto: CosmopolitanMakiyajni paxta yostiqchalar yordamida tozalash
Uzoq yillardan buyon makiyajni tozalashda ushbu usuldan foydalaniladi. Ammo bu noto‘g‘ri. Ko‘z atrofidagi mayda ajinlar, qovoq terisining osilishi – aynan paxta yordamida ishqalanishdan kelib chiqadi. Buni to‘g‘ri bajarish uchun tozalash vositasini ikki marta ko‘proq namlash va ko‘zlar yopilgan holda 5-7 soniya tutib, yengil harakat bilan yuzdagi bo‘yoqlarni tozalash mumkin. Namlik ostida erigan tush va boshqa bo‘yoqlar shundan keyingina oson tozalanishi mumkin. Shu orqali ko‘z atrofidagi teriga zarar bermaslikka erishish mumkin.
Qovoq va ko‘zlarni tozalashda bitta vositadan foydalanish
Ko‘pincha ayollar yuz va ko‘z bo‘yoqlarini tozalashda umumiy bo‘lgan yuz pardozini tozalovchi vositadan foydalanadi. Afsuski, yuz uchun mo‘ljallangan vosita ko‘z atrofi terisi uchun mos kelmaydi va natijada bir qancha muammolar paydo bo‘ladi. Qaytaga ko‘z atrofi terisiga mo‘ljallangan tozalovchi vositadan yuz uchun ham foydalanish unchalik ham zarar keltirmaydi. Agar turli xil vositadan foydalanish qiyinchilik tug‘dirsa, ko‘proq ko‘z sohasi terisi uchun mo‘ljallangan vositadan foydalangan afzal.
Ko‘zni o‘ng va chapga harakat qilish orqali tozalash
Kipriklardagi tushni orqa va oldinga harakatlantirish orqali tozalash ko‘pchilikda kuzatiladigan holat. Shundan so‘ng, albatta, kiprik ham to‘kiladi. Tepadan pastga qarab, ya’ni kiprik ildizlaridan to uchigacha yo‘naltirilgan harakat orqali tozalash maqsadga muvofiq.
Makiyajni tozalashdan so‘ng yuzni yuvmaslik
Pardoz tozalovchi vositani qo‘llagandan so‘ng yuz terisida qandaydir yopishqoq qatlam paydo bo‘ladi. Ushbu jarayondan so‘ng yuzni penka yordamida yuvish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, namlantiruvchi krem surish ham yaxshi natija beradi.
Paxtadan noto‘g‘ri foydalanish
Ko‘pincha tejamkorlik tufayli ikki tomonlama tozalash imkoni mavjud bo‘lgan paxta yostiqchasidan foydalaniladi. Bir tomoni ishlatishga yaroqsiz holga kelganida ham ikkinchi tarafidan foydalanishda davom etiladi. Bu ham navbatdagi xatolardan biri bo‘lib, teri tozalanishi o‘rniga bo‘yoqlar teri yuzasiga qayta suriladi. Shuning uchun bu kabi paxta yostiqlarni to‘rt qismga bukib, so‘ngra foydalanish samarali usul hisoblanadi.
Makiyaj tozalash jarayonini to‘liq yakunlamaslik
Ayrim qizlar ko‘z sohasi terisi juda nozik ekanligidan xabar topganidan so‘ng ularni oxirigacha mukammal tozalamaydi. Albatta, kipriklar orasida tush qoldiqlari qolib ketadi va bunga unchalik ham e’tibor berilmaydi. Qachonki paxta yuzasida bo‘yoqlar aks etmagandagina, tozalash oxirigacha yakunlangan deb hisoblash mumkin.
Qoshlarni tozalamaslik
Qoshga suriluvchi vositalar odatda yog‘li yoki mumga asoslangan bo‘lishi mumkin. Ularni tozalamaslik natijasida qosh tolalari siyraklashib, to‘kilishiga ham olib keladi. Shuning uchun ko‘z sohasi tozalanganda qoshlarni ham unutmaslik lozim.
Qovoqlarga piling yoki skrab surtish
Bu jarayon mayda ajinlarni bartaraf etadi, deb o‘ylash noto‘g‘ri fikr. Aksincha, bu orqali yana ko‘z terisi zarar ko‘radi. Terining shu qadar nozikligi tufayli har qanday tashqi kimyoviy yoki jismoniy ta’sir uning jarohatlanishiga olib keladi. Unutmaslik kerak, ko‘z sohasi terisini namlash va juda nozik harakatlar bilan tozalash tavsiya etiladi.
Manba