Salomatlik Ayollar uchun Uy tozalashda ko‘pchilik ayollar yo‘l qo‘yadigan xatolar

Uy tozalashda ko‘pchilik ayollar yo‘l qo‘yadigan xatolar

O'qildi: 369


Uy tozalashda ko‘pchilik ayollar yo‘l qo‘yadigan xatolar

Eski odatlarni o‘zgartirish va yangi usulda tozalashni o‘rganish vaqti keldi. “Noviy ochag” nashri uyni tozalashda yo‘l qo‘yiladigan xatolarni sanab o‘tdi.

Foto: “Noviy ochag”

Barcha xonalar uchun bitta matodan foydalanish

Mato doimo har xil yuvish vositalari bilan aloqa qilishiga qaramay, uning yuzasida bakteriya, zamburug‘ va parazitlar saqlanib qolishi mumkin. Xuddi shu tozalovchi mato yordamida ularni xonadan xonaga olib yuriladi. Agar u bilan oshxona, so‘ngra bolalar xonasi tozalansa, bu juda xavflidir. Buning oldini olish uchun turli rangdagi mikrofiber matolaridan foydalanish tavsiya etiladi. Ularni har bir xona uchun ajratib, tozalash ishni osonlashtiradi, shuningdek, tug‘ilajak muammolarning oldi olinadi.

Chang tozalaydigan vosita — pipidastrdan foydalanish

Ushbu changni tozalash vositasi uzoq vaqt davomida samarasiz deb hisoblangan. Ishlab chiqaruvchilarning ishontirishlaridan farqli o‘laroq, ular faqat changning tarqalishiga yordam beradi. Changga qarshi kurashda nam tozalashdan ko‘ra yaxshiroq vositalar hali ixtiro qilinmagan. Sirtni suv yoki tozalash vositasi bilan namlangan mikrofiber mato yordamida artib olish va ortiqcha namlikni yumshoq qog‘oz sochiq bilan quritish mumkin.

Changyutkich filtrlarini tozalashni unutish

Filtr chang va kir bilan to‘lganligi sababli changyutkichning tozalash quvvati pasayishni boshlaydi. Bundan tashqari, chang zarralarini orqadan chiqarishi mumkin, bu esa kvartiradagi havoni yanada yomonlashtiradi. Shuning uchun har bir tozalashdan keyin changyutkichning chang to‘playdigan idishlari va qoplarni bo‘shatish kerak. Qurilma elektr tarmog‘idan uzilganidan so‘ng korpus, trubka va boshqa jihozlarini nam mato bilan artib olish tavsiya etiladi.

Barcha oshxona anjomlarini idish yuvish mashinasida yuvish

Ba’zi jihozlarni, masalan, sarimsoq maydalagich, blender yoki qirg‘ichni idish yuvish mashinasiga qo‘ymaslik kerak. Texnika har doim ham tiqilib qolgan oziq-ovqat zarralarini yuvishga qodir emas. Agar ular tozalanmasa, keyingi foydalanishda ular oziq-ovqatga aralashib, zaharlanishiga olib kelishi mumkin. Iloji boricha oshxona jihozlarini qo‘llar bilan yuvish va darhol quritib qo‘yish tavsiya etiladi.

Oshxona rakovinasini idish-tovoq gubkasi bilan tozalash

Gubka oshxonadagi eng nopok narsalardan biridir. Unda bakteriyalar to‘planadi, ayniqsa uni o‘z vaqtida dezinfektsiyalash va yangilash unutilsa. Aynan u bilan oshxona rakovinasini tozalash bu vaziyatni yanada yomonlashtiradi. Rakovinani yuvish uchun alohida gubka yoki matodan foydalanish lozim. Qolaversa, uni muntazam ravishda dezinfeksiyali eritmalarda yuvishni unutmaslik juda ham muhim.

Uy tozalashni poldan boshlash

Agar avval pol artilib, keyin stol va shkafdagi chang tozalansa, ehtimol bu ishni ikki baravarga qiyinlashtiradi. Chunki yuqoridan tushgan changlar yana polda to‘planadi va ularni yana qayta tozalashga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun tozalashni har doim yuqoridan pastga qarab boshlash kerak. Deraza, tokchalar va mebellarni artib olish, divan va kreslolarni tozalash, shundan keyingina pollarni artish mumkin.

Kir yuvish mashinasini hech qachon tozalamaslik

Nopok kiyimlar bilan birga, o‘lik teri hujayralari, chang ham mashina ichiga o‘rnashadi. Ular eshikka, quvur va filtrga joylashadi. Vaqt o‘tishi bilan mashinaning ichki qismlari shunchalik kir bo‘lib qoladiki, keyinchalik bu kiyimlarda yoqimsiz hid kelishiga olib keladi. Vaqti-vaqti bilan kir yuvish mashinasini tozalab turish uni uzoq muddat muammosiz xizmat qilishiga yordam beradi.

Taxtakachni idish yuvish suyuqligi bilan tozalash

Idish yuvish vositasi va issiq suv faqat ko‘rinadigan oziq-ovqat qoldiqlarini olib tashlaydi. Ammo uning zarralari ancha chuqurroqda ham bo‘lishi mumkin. U yerda ular chirib, patogen bakteriyalar rivojlanishi uchun qulay muhit yaratadi. Shuning uchun yog‘och va plastik taxtakachlarni vodorod periks qo‘shilgan suvda namlash(0,5 l suv uchun 2 choy qoshiq), keyin toza suvda yaxshilab yuvib tashlab, quritish tavsiya etiladi.



Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.