Ramazon oyi uchun 5 ta maslahat
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ramazon oyida ro‘zadorlarga asqatuvchi maslahatlar bilan bo‘lishdi.
Foto: “Daryo”Taom iste’molida me’yorga e’tibor bering
Juda ko‘p taom yemang, suvni ham kamroq iching. Saharlik qilayotganda kishi kun bo‘yi och yurishini o‘ylab ko‘p yeb qo‘yadi. Natijada oshqozon faoliyati qiyinlashib, kishi dangasa va behafsala bo‘lib qoladi. Yodda tuting, Ramazon ochlik oyi emas, balki iymon-e’tiqod sinaladigan oydir. Keling, Ramazon oyini payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tavsiya qilganlaridek nafsimizni jilovlab, oshqozonimizning uchdan birini ovqatga, uchdan birini suvga qolgan uchdan birini havoga to‘ldiraylik.
Saxiylikni ko‘paytiring
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam doimo saxiy bo‘lganlar. Ayniqsa, Ramazon oyida saxovatlari yanada oshib ketgan. Bu muqaddas oyda kim saxovatpeshalik qilsa unga ulug‘ savoblar yoziladi. Iloji borichaushbu oyning har kunida saxiylik qiling. Birgina Qadr kechasida qilingan xayr-saxovatga Alloh juda ko‘p savoblarni va’da qilgan. Saxovatli bo‘laylik, inshoalloh, ulug‘ ajrlar egasiga aylanaylik.
Besh mahal namozga qoim bo‘ling
Alloh taolo bizga kunda besh mahal namoz o‘qishni farz qilgan. Farz amalni mukammal ado etishda sustkashlik qilmang.
Ramazon – Qur’on oyi!
Bu muqaddas oyda ko‘pchilik Qur’onni bir necha bor xatm qilish payida bo‘ladi. Ba’zilarimiz Qur’onni uch marotaba, ba’zilarimiz besh marotaba xatm qilamiz. Bu ajoyib musobaqaga o‘xshaydi. Ayniqsa, oyatlar ma’nosi tushunib o‘qilganda savobi yanada ulug‘ bo‘ladi. Shu muqaddas oyda Qur’on o‘qib qalbimizni nurga to‘ldiraylik.
Taqvodor bo‘laylik
Alloh taolo bandalariga taqvo qilishni buyurib, Baqara surasining 183-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar!Sizlardan oldingi(ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad(u sababli)taqvoli bo‘lsangiz”.
Oyatda aytilganidek ro‘zadorlik ortidan taqvodor bo‘lishga chaqirilmoqda. Taqvodor odam o‘z nafsini jilovlaydi. Shubhali narsalardan uzoq bo‘ladi. Taqvo so‘zi ko‘p tillarda mavjud emas. Uning asl ma’nosi “Allohdan qo‘rqish, U belgilagan hadlardan oshmaslik va oxiratni o‘ylab yashashdir”. Taqvo faqat Allohdan qo‘rqqanimiz barobarida unga bo‘lgan cheksiz muhabbatimiz sabab bo‘lsa yanada yaxshi.
Manba