Baxt maktubi: Tushkun kayfiyatdan xalos bo‘lish uchun kundalik tutishga odatlaning
Psixologlar fikricha mavjud stresslardan qutilish va kishi o‘zini yaxshiroq tushunishida, kundalik tutishning ahamiyati katta. Inson kechinmalarini kundalikka tushirar ekan, muammolarga chetdan qarash va unga yechim topishga muvaffaq bo‘ladi. Elle nashri kundalik tutishning nechog‘lik muhim ekanini o‘quvchilarga ta’kidlash maqsadida, Texas universiteti professorining shaxsiy hayotiy tajribasi hamda u asosida chiqargan xulosalarini misol qilib keltirgan.
Foto: ShutterstockUnda yozilishicha, Jeyms Pannerbayker 70-yillar boshlarida sevib turmush qurganiga qaramay, oradan 3 yil o‘tib oilaviy janjallar kelib chiqa boshlaydi. Tushkunlikka tushgan Jeymsning na ovqatida, na uyqusida tayin bo‘ladi, kamiga ichkilik va chakishga ruju qo‘yadi, odamlardan o‘zini olib qocha boshlaydi.
Kunlardan bir kuni esa u, ma’yus hayotini butkul o‘zgarishiga sababchi bo‘lgan narsani payqab qoladi: stol ustida anchadan beri ishlatilmay turgan yozuv mashinasiga ko‘zi tushadi. Qandaydir ko‘rinmas kuch ta’sirida mashinka qarshisiga borib o‘tirganini bilmay qolgan Pannerbaykerning barmoqlari o‘ziga bo‘ysunmagan holda hamma-hammasini: bolaligi, sevgisi, turmush qurishi, munosabatlari, shuningdek, karyerasi va ehtimoliy o‘lim haqidagi fikrlarini qog‘ozga tushira boshlaydi. U keyingi kunlar ham kutilmagan natija sodir bo‘lguniga qadar yozishda davom etadi va hayratda qoladi: undagi ruhiy holat yaxshilangan, o‘zini qiynayotgan g‘amdan forig‘ bo‘lganday his eta boshlaydi va rafiqasiga nisbatan qayta sevgi uyg‘onadi, o‘zida ertangi kunga ishonch, maqsad va ularni amalga oshirish uchun imkoniyatlarni tuyadi.
Foto: ShutterstockBu hayotiy tajriba, Texas universitetining bo‘lajak professori bo‘lgan Pannerbaykerni, hayotini emotsional jarayon va his-hayajonga to‘la kechinmalarni qog‘ozga tushirish o‘rtasidagi aloqani o‘rganishga bag‘ishlashiga sabab bo‘ladi.
O‘zining ko‘p yillik izlanishlari natijasida Pannerbayker, kechinmalarni qog‘ozga tushirish depressiyaga qarshi muvaffaqiyatli uslub ekanini isbotlaydi. Tadqiqotda ishtirok etgan ishtirokchilar his-tuyg‘ularini qog‘ozga ko‘chirib o‘zlarini erkin, baxtli, omadli jismoniy va aqliy barkamol his eta boshlaganlar.
Ayni damda stress va xavotirda bo‘lgan, ishidan ayrilgan va qalbi parchalangan insonlar bo‘lsa ushbu metodni sinab ko‘rishingizni tavsiya qilamiz. Darhaqiqat kutilgan natijaga erishmoqchi bo‘lsangiz o‘zingizni aldamay, ovutmay his qilyotgan tuyg‘ularingizni boricha qog‘ozga to‘kib-sochishingiz kerak bo‘ladi, aksincha bo‘lsa kundalikdan ham qalamdan ham o‘pkalamang.
Foto: ShutterstockQaroringiz qat’iy ekaniga ishonchingiz komil bo‘lsa, unda siz uchun Pannerbayker texnikasini tushuntirib o‘tamiz.
Hammasi juda oddiy, kamida 3 kun davomida 20 daqiqa sizni qiynayotgan va o‘ylantirayotgan hayollarni barchasini yozishingiz kerak. Taymerda vaqtni belgilang, daftarni yoki kompyuterda vord dasturini oching va yozishni boshlang, yozganda ham orfografik-punktuatsion xatolar va ikkilamchi narsalarga e’tibor bermay yozing toki qiynayotgan negativ sizni tark etsin. Taymer vaqt bo‘lganini eslatganida to‘xtang va shu yo‘sinda har kuni yozishni davom ettiring. Sizni aynan nima qiynayotganini tushunib yetmaguningizcha ertasiga, indiniga yozishda davom etavering va oxiri yozganlaringizni shafqatsizlarcha yo‘q qiling: xohlang yirting, xohlang yoqib yuboring, nima qilsangiz qiling, negativdan qutilganingizni bilib yengil tortsangiz bo‘lgani.
Pannerbayker usuli bilan negativdan qutulib bo‘lgan bo‘lsangiz, endi pozitivni o‘zingizga chaqirish vaqti keldi va bunda sizga Megan Xeysning “O‘zingni baxtli deb yoz: pozitiv kundalik san’ati” kitobidagi usul qo‘l keladi. Muallif fikricha, ushbu etapda inson shukronalik, sevgi, baxt va muvaffaqiyatlar, yuksak maqsadlarga e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi. Aslida ushbu usulni biz havas bilan qaraydigan shaxslar muntazam qo‘llaydi. Yozuvchi Ronda Bern esa odam ijobiy o‘y-hayollarini vizualizatsiya qilsa omad, baxtga erishishi sog‘ligi yaxshilanishini ta’kidlaydi. Luiza Hey bo‘lsa, kishilarni negativlardan qochib, pozitiv hayollarni affermatsiya qilishga chaqiradi.
Foto: Shutterstock
Xullas, siz to‘rt muchangiz sog‘ligiga shukur qilishingiz, ota-onangiz, farzandingiz yo bo‘lmasa turmush o‘rtog‘ingiz bilan nima uchun faxrlanishingiz ulardagi qaysi xislatlarni qadrlashingiz, ishingizni nima uchun yaxshi ko‘rishingizni yozar ekansiz, aslida mavjud, ammo ular haqida fikr yuritib ham ko‘rmaganingiz uchun so‘ngandek tuyilgan, odatiy hol bo‘lib qolgan haqiqatni ko‘proq anglay boshlaysiz. Hammasini yangidan boshlashdan avval o‘zingizni va his-tuyg‘ularingizni tushunishga, ularni tahlil qilishga urinib so‘ngra xulosa chiqaring, shunda oradan vaqtlar o‘tib pushaymon qilmaysiz, aksincha o‘zingizning oqilona tanlovingizdan quvonchni tuyasiz, aziz o‘quvchi.
Manba