Salomatlik Ayollar uchun Shaxsiy hayot, ish va jamiyatda muvaffaqiyatga erishish uchun muhim bo‘lgan 5 tavsiya

Shaxsiy hayot, ish va jamiyatda muvaffaqiyatga erishish uchun muhim bo‘lgan 5 tavsiya

O'qildi: 309


Shaxsiy hayot, ish va jamiyatda muvaffaqiyatga erishish uchun muhim bo‘lgan 5 tavsiya

Shunday vaqtlar bo‘ladiki, arzimagan qo‘pollik yoki axloqsizlik bilan insonlar o‘rtasidagi munosabatlarga nuqta qo‘yiladi yoki noto‘g‘ri fikr shakllanadi. Elementar tamoyillar bilan shaxsiy hayot, karyera va jamiyatda muvaffaqiyatga erishish, atrofdagilarda ijobiy xulosa qoldirish mumkin. Shuni hisobga olgan holda, kundalik hayotda amal qilinishi kerak bo‘lgan eng oddiy, ammo kerakli axloq va madaniyat bilan bog‘liq jihatlarga to‘xtalamiz.

Foto: Kinopoisk.ru

Salomlashish

Salomlashish axloq va madaniyatning eng yuksak ko‘rinishlaridan biri. Did bilan kiyingan, chiroyli qiyofa egasi bo‘lsangiz ham atrofdagilar bilan salomlashmaslik siz haqingizda yetarlicha tasavvur beradi. Salomlashish, muomala faqat manfaat ustiga qurilmasligi, rahbarga berilgan salom, qorovul yoki oddiy ishchiga ham birdek bo‘lishi kerak. Odamlar bilan so‘rashish ularning statusi bilan bog‘liq bo‘lmasligi, sizni qanchalik madaniyatli va tarbiyali ekanligingizdan dalolat beradi. Salomlashish madaniyati, shuningdek, bugungi kunda dolzarb bo‘lgan yozishmalarda ham aks etishi, oddiy masala bo‘yicha murojaatda ham bu qoidalarga amal qilinishi kerak.

Suhbatdoshga bepisand munosabatda bo‘lmaslik

Yuzma-yuz muloqot vaqtida suhbatdoshingizga bepisand munosabatda bo‘lmang, aytilayotgan so‘zlarni diqqat bilan tinglang, kerak joyda asosli fikr bering. Suhbat davomida telefonga chalg‘imang, to‘g‘ringizdagi inson sizga dardini aytayotgan, maslahat so‘rayotgan bir vaqtda telefonga qarab o‘tirish hurmatsizlikni bildiradi. Agar telefonda zarur ishingiz bo‘lsa, suhbat oldidan biroz vaqt ajratib hal qilib keyin suhbatga kirishing. Suhbat rasmiy bo‘ladimi yoki do‘stona farqi yo‘q, telefoningizni vaqtincha ovozsiz rejimga qo‘ying.

Kechikmaslik

Aytilgan joyga kechikmaslikka, vaqtida borishga harakat qiling. Uchrashuvlarga kechikkandan ko‘ra, ertaroq borgan afzal. Sizga kutish yoqmaydi to‘g‘rimi, boshqalarga ham shunday ekanini yodda tutib, o‘zingizni kutayotgan odam o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Shuningdek, uchrashuvlar to‘satdan bo‘lmasligiga oldindan rejalashtirishga harakat qiling.

Foto: Biel’s Document ManagementTartibli tashqi ko‘rinish

Tashqi ko‘rinishingizga e’tibor bering. Ko‘rinishga e’tibor berish degani qimmatbaho brenddan kiyinish kerak degani emas. Toza, dazmollangan va tartibli libos, g‘ijim, yuvilmagan qimmatbaho kiyim-kechakdan ming karra afzal. Ko‘rinishga qarab kutib olinishi, muomalaga qarab kuzatilishi haqidagi gapda jon borligini unutmang.

Muomala madaniyati

Oddiy, uzr, rahmat, iltimos so‘zlarini ishlatishni yoddan chiqarmang. Bu laganbardorlik emas, madaniyat ko‘rsatkichi hisoblanadi. Sizga yaxshilik qilgan insonlarga samimiy minnatdorchilik bildirib, biron yeringiz kamayib qolmaydi. Boshqa bir insonni vaqti kelganda tanqid qilish, vaqti kelganda ijobiy xususiyatlarini tan ola bilish zarur.



Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.