Salomatlik Goʼzallik Yuksak iroda sohibasi: Dunyodagi eng qo‘rqinchli ayol qanday qilib ko‘plab insonlarning kumiriga aylandi? (foto)

Yuksak iroda sohibasi: Dunyodagi eng qo‘rqinchli ayol qanday qilib ko‘plab insonlarning kumiriga aylandi? (foto)

O'qildi: 426


Yuksak iroda sohibasi: Dunyodagi eng qo‘rqinchli ayol qanday qilib ko‘plab insonlarning kumiriga aylandi? (foto)

Elizabet Velaskes juda kam uchraydigan Videmana-Rautenshtrauxa sindromidan aziyat chekadi. Dunyoda Elizabetdan tashqari yana bir yo ikki kishi shunday sindromga chalingan. U bir kuni internet tarmog‘ida unga “dunyodagi eng qo‘rqinchli ayol” deb nom berilgan videoni tomosha qildi. Ushbu video qizning hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi va u millionlab odamlarning kumiriga aylandi.

“U hech qachon gapira olmaydi va yurmaydi”

Foto: Cosmopolitan

Lizzi 1989-yil 13-martda Rita va Gvadelupa Velaskes oilasida dunyoga kelgan. Qizning og‘irligi 1,2 kilogrammni tashkil qilgan. Shifokorlar ota-onaga bolaning atrofida amniotik suyuqlik yo‘qligi va uning tirik tug‘ilishi mo‘jiza ekanligini ma’lum qilgan. Shuningdek, ular bolaning hech qachon gapira olmasligi, yurolmasligi, o‘zi mustaqil harakatlana olmasligini ham aytgan. Ammo ota-ona bundan tushkunlikka tushmasdan, qizaloqni uyiga olib ketgan. Ularga ko‘pchilik go‘dakdan voz kechish taklifini bergan, lekin oila bunga rozi bo‘lmadi va qo‘ldan kelganicha qiziga g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi.

Foto: Cosmopolitan

Lizzi bolaligidan mehr-muhabbatga o‘ralib ulg‘aygan. Uning immuniteti o‘ta zaif bo‘lib, sindrom tufayli u vazn yig‘a olmasdi. Qizaloqning 4 yoshida o‘ng ko‘zi ko‘rmay qoldi. Shifokorlar buning tagiga yeta olmadi, Lizzi esa ota-onasi ko‘magida o‘zini xuddi boshqa bolalar kabi ekanligiga ishondi.

“Boshingni baland tut, tabassum qil va o‘zingni qo‘lga ol”

Foto: Cosmopolitan

Hammasi Elizabet 5 yoshida bog‘chaga borganida o‘zgardi. U birinchi marta atrofdagi odamlar unga dahshat bilan qarashini sezdi va nima uchun bunday bo‘layotganini tushunmas edi. “Men nima uchun bunday qarashlarini tushunmadim. Ko‘pchilik mendan qochardi, men ularga yomonlik qilmagan bo‘lsam. Shuningdek, men o‘zimni hamma kabi juda yaxshi, ajoyib qiz deb bilardim”, — deydi Lizzi.

So‘ngra u nima bo‘layotganini tushunish uchun ota-onasidan so‘radi. Shunda ular: “Lizzi, seni boshqa bolalardan ajratib turadigan narsa — bu sening o‘ta nozikligingdir. Ammo sindrom uchun sening kimligingning ahamiyati yo‘q. Boshingni ko‘tar, tabassum qil, o‘zingni qo‘lga ol. Shundagina odamlar ham seni ular bilan bir xil inson ekanligingni tushunadi”, — deya javob qaytardi.

Foto: Cosmopolitan

U chindan ham shunday yo‘l tutdi. Hammasi asta-sekin iziga tusha boshladi. Lizzi ongli ravishda boshqa talabalar singari tadbirlarda ishtirok etish, muloqot qilish va do‘stlashish to‘g‘risida qaror qabul qildi. “Bu qo‘rqinchli edi, ammo men buning samara berishiga ishonar edim”, — deb eslaydi Lizzi.

Lizzi har kuni ertalab oynaga qarab, “Ushbu sindromni yo‘qtishning iloji bormi?Shunday bo‘lsa, hayotim biroz yengilroq kechar edi. Men ham boshqa bolalar kabi bo‘lar edim, yaxshi ko‘rinish uchun chiroyli kiyimlar sotib olmas edim”, — deya o‘ylar edi. U hammasiga tayyor edi. Qaniydi, bir kuni boshqacha bo‘lib uyg‘onsayu, ichidagi tuyg‘ulariga qarshi boshqa kurashmasa. U har kuni buni orzu qilar va ko‘ngli azoblanishidan charchamas edi.

“Qanday yoqimsiz narsalarni xohlasanagiz ayting, men undan foydalanishni bilaman”. 

Foto: Cosmopolitan

Lizzi 17 yoshga to‘lganida internetda o‘zi haqidagi rolikka ko‘zi tushdi. Sakkiz soniyalik videoga minglab izohlar qoldirilgan edi. “Dunyodagi eng qo‘rqinchli ayol”, “Bir yaxshilik qil, qurol olib, o‘zingni o‘ldir” kabi jumlalarni o‘qidi. Ularning orasida hech kim “U bola, tinch qo‘ying”, “Qizning hikoyasini bilmaysiz va nima uchun bunday ko‘rinishini ham” deb aytmagan edi.

Lizzi qattiq tushkunlikka berildi. U erishmoqchi bo‘lgan maqsadlar bir zumda yo‘qqa chiqdi. Ammo uning ota-onasi yana qo‘llab-quvvatladi. Shundagina Elizabet atrofdagilarning nafrati uning uchun kuch bo‘lishiga ishondi. “Men o‘z ma’ruzalarim bilan notiq bo‘lishimni, odamlarga ilhom berishni xohlayotganimni angladim. Kitob yozishni, kollejni tugatishni, oila va karyera qilishni maqsad qildim”, — deydi Lizzi bu haqda.

Foto: Cosmopolitan

Shundan so‘ng u internetdan kerakli materiallar izlay boshladi. Avvalo, shaxsiy brendini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Unga imkon berilganida odamlar oldida nutq so‘zlar, o‘ziga va hayotga bo‘lgan ijobiy munosabatlar haqida videolar suratga olar hamda o‘zining veb-saytini ochgan edi. Shu tarzda YouTube 17 yoshli Elizabetni yangi darajaga olib chiqdi.

“Mening taqdirim butunlay mening qo‘limda, xuddi sizniki o‘zingizda bo‘lgani kabi”

Hozirda Lizzining kanalida 800 mingdan ortiq obunachi bor. Uning 2014-yil TED konferensiyasidagi nutqi qariyb 12 million marta tomosha qilingan. 2015-yilda “Jasur qalb: Lizzi Velaskesning hikoyasi” nomli hujjatli film chiqdi. Bu shunchaki Lizzining hayoti haqidagi hikoya emas, balki shunday qiyinchiliklar bilan yashayotgan insonlar haqida edi. 2017-yilda Lizzi o‘zining “Unzipped” nomli serialida rol ijro eta boshladi va shu yilning o‘zida uning “Mehribon bo‘lishdan qo‘rqmang” nomli to‘rtinchi kitobi chiqdi. Lizzi 17 yoshida faqatgina oila qurishdan tashqari,  o‘zi va’da qilgan barchasiga erishdi, ammo u hali hammasini oldinda deb biladi.

Foto: Cosmopolitan

Lizzi shu tarzda taniqli insonga aylandi, endi uning oldiga odamlar suhbatlashish yoki shunchaki quchoqlashish uchun kelar edi. Hujjatli film namoyishidan so‘ng Lizzining ota-onasi ham qiziga qoyil qoldi, ularning hattoki fan-klublari ham bor. Lizzi hozirda ota-onasidan alohida yashaydi. U o‘zi va itlari Olli va Oliviya uchun uy sotib olgan.

Ehtimol, insonlar uchun Lizzining hayoti hayratlanarli tuyilar, aslida esa unday emas. U kasallik tufayli juda og‘ir kunlarni boshidan kechiradi. Shuningdek, undan bunday vaqtlarda qanday qilib ijobiy munosabatda bo‘lishni so‘rashadi: “Og‘ir kunlarimda yolg‘iz qolishga, qayg‘uli musiqa tinglashga va zararli taomlar iste’mol qilishga yo‘l qo‘yaman. Bu bilan ichimdagi salbiy tuyg‘ular chiqib ketadi. Ertasi kuni yana quyosh chiqadi va men o‘z yo‘limda davom etaman”, — deya javob beradi Lizzi.

Shubhasiz, Lizzi juda ko‘p sinovlarni boshdan kechirganiga qaramasdan, quyidagi jumlalarni takrorlashda o‘zida kuch topadi: “Mening taqdirim butunlay mening qo‘limda, sizniki o‘zingizda bo‘lganidek. Boshqaruv o‘zingizda va yaxshi yoki yomon yo‘lni tanlash ham faqatgina o‘zingizga bog‘liq”.




Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.