Karantindan so‘ng odatiy hayotga qaytishga yordam beradigan tavsiyalar
Karantin sabab odatiy hayot tarzimiz butkul boshqa tomonga o‘zgardi. Ish, o‘qish sabab ulgurolmaslik, shoshilish tushunchalari komfort zonaga o‘rnashish, ruhiy holatdagi o‘zgarishlarga o‘rin bo‘shatdi. Lekin, bir narsani yodda tutish kerak: ertami-kechmi virus tugaydi va yana odatiy hayot tarziga qaytamiz, Uyda ortiqcha zo‘riqishsiz, dangasa hayot tarzidan yana ritmga qaytish qiyin bo‘lmasligi, ruhiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun nima qilish kerak?Quyida ushbu savollarga javob berib o‘tamiz.
Foto: HealthlineDiqqatingizni kerakli narsaga qarating
O‘y-xayollar inson o‘zini qanday his qilishida muhim rol o‘ynaydi. Yoqimsiz xabar, taxmin va statistika o‘qilganidan keyin o‘sha voqea ko‘z oldimizga keladi. Bunda voqea real bo‘ladimi yoki to‘qima farqi yo‘q, miya stressga qarshi garmon, kortizol keyin bo‘lsa adrenalin ishlab chiqarishni boshlaydi. Adrenalin miqdorining oshishi xavotir va yomon kayfiyatga sababchi bo‘ladi. Shu bois o‘zingiz uchun muhim bo‘lgan va bo‘lmagan yangiliklarni ajratib oling va ishonchli manbadan ma’lumotlar qidiring.
Ruhiy holatingizga befarq bo‘lmang
Ruhiy holatingiz uchun 10 daqiqa ajrating: shovqindan xoli joyda qushlar sayrashi, daraxt barglari shitirlashiga quloq soling. Agar buning iloji bo‘lmasa, internetdan shunday musiqa qo‘yib, ko‘zlaringizni yuming va hech narsa haqida o‘ylamang. O‘zingizni bo‘sh qo‘ying, xavotir, asabiylashish va muammolarni biroz vaqtga uniting. Yomon fikr, xayollarni miyangizdan chiqaring, yaxshi narsalar haqida o‘ylashga, ko‘z oldingizga keltirishga harakat qiling. Siz tasavvur qilgan narsalar miya uchun real bo‘lib ko‘rinadi va o‘zingizni yaxshi his qilishni boshlashingiz bilan “baxt garmoni” — serotanin ishga tushadi. Natijada esa siz o‘zingizni sokin va baxtli his qilasiz.
Ishlaringizni rejalashtiring
Uyda qolish deganda divanda yastanish, televizor ko‘rish va ovqatlanish keladi hayolimizga, shuning uchun ham uydan turib ishlash, sport yoki xobbi bilan shug‘ullanish ko‘pchilik uchun murakkablik qiladi. Lekin hozirgi vaziyatdan kelib chiqib baho berilsa, uyda qolish ta’tildagidek hordiq chiqarish kerak degan xulosani bermasligi kerak. Aksincha, tushkunlikka tushib qolmaslik, rivojlanishdan to‘xtamaslik uchun o‘z ustida ishlash, kunni rejalashtirish kerak. Siz uxlasangiz ham, foydali ish qilsangiz ham umringiz, kunlaringiz o‘taveradi. Qanday hayot kechirish esa sizning tanlovingiz. 24 soatdan hech bo‘lmaganda 4 soatini o‘z ustingizda ishlashga sarflang. Jismoniy mashq bajaring, kitob o‘qing, anchadan beri amalga oshira olmayotgan g‘oyalaringiz haqida bosh qotiring. Hammasi — ertangi kuningiz, salomatligingiz o‘z qo‘lingizda ekanini yodda tuting.
Manba