Salomatlik Ayollar uchun Oddiy yumushni, kichik sarguzashtga aylantiring. Bolani saranjomlikka o‘rgatish uchun 7 tavsiya

Oddiy yumushni, kichik sarguzashtga aylantiring. Bolani saranjomlikka o‘rgatish uchun 7 tavsiya

O'qildi: 292


Oddiy yumushni, kichik sarguzashtga aylantiring. Bolani saranjomlikka o‘rgatish uchun 7 tavsiya

Hamma ham uyi ozoda va tartibli bo‘lishini istaydi. Lekin bolali uyda hammasi boshqacharoq bo‘ladi. Mutaxassislar farzandni erta yoshdanoq tartibga o‘rgatish kerakligini ta’kidlaydi. “Domashniy Ochag” jurnali ishni nimadan boshlashni bilmayotgan ota-onalar uchun foydali tavsiyalari bilan bo‘lishadi.

Foto: “Domashniy Ochag”

Motivatsiya bering

Ota-onasining maqtovi va motivatsiyasini yaxshi ko‘rmagan bola bo‘lmaydi. Farzandlaringizning eng yaxshi muxlisi bo‘ling, unutmang bolani qo‘llab-quvvatlash o‘z mevasini bermay qolmaydi. Ish chala bo‘lsa bitirib qo‘yish yoki bolaning o‘rniga bajarishdan tiyiling.

O‘yin tarzida amalga oshiring

Bola saranjomlikka o‘rganishini istasangiz, buni oddiy va qiziqarli yo‘llar bilan o‘yin tarzida amalga oshiring. Masalan, xona o‘rtasiga savatcha qo‘yib, o‘yinchoqlarni kim birinchi olib kelib savatga solish o‘ynang.

Berkinmachoq o‘ynang: bolangiz shkafdagi kiyimlarni yig‘ishtirsin, siz yo‘qolgan kiyimingiz qaysi ekanini toping. Agar farzandingiz ikki yo uchta bo‘lsa, unda ish bajarish bo‘yicha musobaqa uyushtiring. Bellashish bolalarda qiziqish uyg‘otishi aniq.

Mukofotlashni ham unutmang

Mukofot va taqdirlanishlar bolalar yaxshi ko‘rgan narsalari orasida o‘yindan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Har gal bolangiz buyumlarni joyiga qo‘yganidan keyin yangi o‘yinchoq berish shart emas. Esda qolarli, taassurot qoldiradigan rag‘batlantirish tavsiya qilinadi. Masalan, farzandingiz batutda sakrashni yoqtiradigan bo‘lsa, aytilgan vazifalarni bajarganidan keyin batut markaziga olib borishingizni ta’kidlang va so‘zingiz ustidan chiqing. Agar gap, gapligicha qolib ketsa, birinchidan, sizga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi, ikkinchidan, ish yoki boshqa vazifalarni bajarishga xohishi bo‘lmaydi.

Kattaroq yoshdagi bolalar bajargan vazifalarni baholash mumkin. Ma’lum ballni yig‘ganidan keyin u loyiq bo‘lgan mukofot bilan taqdirlang.

Ishni qiziq bajarishiga sharoit yarating

Oddiy yumushni, kichik sarguzashtga aylantirish mumkin bo‘lgan ssenariy o‘ylab toping. Masalan, hayvonot bog‘idan qochgan ayiqlar buyumlarni yoyib tashlagan. Narsalarni yig‘ib joyiga keltirish orqali hayvonlar iziga tushish mumkin va hakozo.

Tanaffus e’lon qiling

Musiqa eng yaxshi motivator hisoblanadi. Agar bolangiz raqsga tushishni yoqtirsa, vazifani yaxshi bajarganidan keyin musiqiy tanaffus qiling.

Vaqt belgilang

Bolalar o‘yinqaroqlikni yaxshi ko‘radi va energiyaga to‘la bo‘ladi. Shu sabab bolangizga biron ishni bajarishdan avval vaqtni belgilash va kim tez bajarish o‘ynash tavsiya qilinadi. Natijada o‘yinga qiziqqan bola siz o‘ylagandan ham tezroq yumushlarni bajarib qo‘yadi.

Hisobla, o‘yna, yig‘ishtir

Ushbu o‘yinda son tanlashingiz kerak bo‘ladi. Tanlangan songa qarab bolangiz shuncha miqdordagi o‘yinchoqni joyiga qo‘yishi kerak. Bu o‘yin orqali siz ham birgalikda quvnoq vaqt o‘tkazasiz, ham raqamlar bilan miyani mashq qilasiz shu bilan birga xonani tozalanishiga ham muvaffaq bo‘lasiz. Yanada qiziqroq bo‘lishi uchun keyingi safar son o‘rniga rang yoki geometrik shakllar hamda buyumlarning boshqa xususiyatlaridan ham foydalansa bo‘ladi.



Manba
Ctrl
Enter
Xato topdAngizmi?
belgilab ushbu tugmalarni bosing Ctrl+Enter
Biz

Izoh qoldirish

Eng kamida 50 tadan oshiq belgi yozish kerak. Izohlar moderator tekshiruvidan o'tadi.
Hozircha izoh yo'q. Siz birinchi bo'lishingiz mumkin.