Koronavirus va tromblar: xavfli asoratning dastlabki belgilari
Koronavirus bilan kasallangan bemorda kuzatiladigan eng ko‘p tarqalgan asoratlardan biri — tromb paydo bo‘lishi hisoblanadi. Shvetsiyadagi Uppsala universiteti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda koronavirus organizmga kirganidan keyin qon ivishini faollashtiradigan oqsilni ko‘paytirishi aniqlangan. Aslida koronavirusda tromb organizm immunitetining kuchli javobi hisobiga paydo bo‘ladi. 100 foiz holatda shunday bo‘lmasa ham tromboz rivojlanadigan, ayniqsa, o‘pka sohasidagi va yurak arteriyasi trombozi kuzatiladigan bemorlar soni kam emas. Qanday simptomlar tromb rivojlanayotganidan darak berishi haqida “Domashniy ochag” nashri ma’lumot berib o‘tadi.
Foto: FreepikOyoqlarda tomir tortishishi
Oyoq-qo‘llarida tromb bo‘lgan aksariyat bemorlar xuruj bezovta qilishidan avval oyoqlarida tomir tortishganini ma’lum qilgan. Agar shu holat sizda kuzatiladigan bo‘lsa, shifokorga murojaat qiling. Aks holda bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Oyoq-qo‘llarning sanchib og‘rishi
Qo‘l va oyoqda igna sanchilgandek og‘riq tez-tez takrorlansa, ayniqsa, ushbu alomat aynan bir qo‘l va oyoqda bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki bu trombga xos klassik simptom sanaladi.
Terining oqarishi
Tromb me’yordagi qon sirkulyatsiyasini qiyinlashtiradi, shuning hisobiga terining muayyan qismida oqarish kuzatiladi. Agar bir oyog‘ingiz ikkinchisidan oqroq ekanini payqasangiz, shifokorga murojaat qilishni unutmang. Bu salomatlik bilan bog‘liq jiddiy muammodan darak berishi mumkin.
Teri haroratining o‘zgarishi
Teri haroratining o‘zgarishi tromb paydo bo‘lishining yana bir keng tarqalgan simptomlaridan biri. Qon aylanishining buzilgani hisobiga tromb paydo bo‘lgan tana qismining terisi sovuq yoki issiqroq bo‘lib qolishi mumkin.
Bel sohasida og‘riq
Tos sohasi yoki qorin bo‘shlig‘idagi tomirlarning birida kuzatiladigan qon quyilishi, bel sohasida og‘riq bilan namoyon bo‘ladi.
Haddan ortiq terlash
Yuqoridagi simptomlarning haddan ortiq terlash bilan birga kuzatilishi sizni xavotirga solishi kerak. Aksariyat hollarda terlashning ko‘payishi yurak yoki o‘pka sohasida tromb paydo bo‘lganida kuzatiladi.
Nafas qisishi
O‘pkada tromb paydo bo‘layotganidan xabar beruvchi yana bir keng tarqalgan simptom – nafas qisishi hisoblanadi. Agar sizda shunga o‘xshash muammo kuzatilsa, shifokorga murojaat qilishni kechga qoldirmang.
Mavzuga doir:
- Koronavirus parhezi: kasallikka chalinganda voz kechish kerak bo‘lgan 6 ta mahsulot
- Inson koronavirusni boshdan kechirib, buni o‘zi sezmay qolishi mumkinmi?
- Koronavirusga chalingan insonning organizmida qanday o‘zgarishlar yuz beradi?
Manba