Baliq ikrasi qanday foydali xususiyatlarga ega?
Ziyofat va bayram dasturxonlaridan o‘rin oladigan baliq ikrasi nimasi bilan foydali ekani haqida Harper’s Bazaar nashri ma’lumot berib o‘tadi.
Foto: Harper’s BazaarUmuman olganda foydali moddalarning koni hisoblangan ikralarning barchasi tarkib jihatidan bir-biriga juda o‘xshash. Istalgan baliq ikrasining 30 foizi tez singadigan, yuqori sifatli oqsildan iborat bo‘ladi.
B guruhi va А, D, Е vitaminlariga boy ekani hisobiga yurak-qon tomirlardan tortib, asab va harakat-tayanchgacha bo‘lgan barcha tizimlarning faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Tarkibidagi antioksidantlar zararli radikallardan himoya qilib, yallig‘lanish jarayonini kamaytirib, qarish jarayonini sekinlashtiradi.
Fosfor, kaliy, magniy va kalsiydan tashqari, rux, temir hamda yod ham serob bo‘ladi. Ushbu minerallar qon aylanishi, moddalar almashinuvi va miya faoliyati uchun muhim sanaladi, xotirani charxlab, diqqat va ish samaradorligining oshishiga hissa qo‘shadi.
Qizil ikrada omega-3 yog‘ kislotasi boshqa baliq ikralariga qaraganda ko‘proq bo‘ladi. Ushbu yog‘ kislotalari qondagi xolesterin miqdorini me’yorlashtirib, infarkt xavfini kamaytiradi.
Tarkibi jihatidan juda ham o‘xshash bo‘lgan qizil va qora ikraning narxi o‘rtasidagi farq ishlab chiqarishning o‘ziga xosligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ulardan biroz arzonroq turadigan sariq(cho‘rtan baliqniki) ikrada bo‘lsa, foydali moddalardan tashqari, kaloriya ham kamroq bo‘ladi. Tarkibi o‘xshashligiga qaramay, qizil ikra(ayniqsa lososniki)ning foydali xususiyatlari boshqalarga qaraganda ko‘proq. Losos ikrasi to‘q qizil rangda va ta’mi biroz taxirroq bo‘ladi
Qadoqlangan tayyor mahsulotlarga tuz, shakar, konservant va hatto bo‘yoqlar qo‘shilgani sabab ham qanday ikra xarid qilishingizdan qat’i nazar, birinchi bo‘lib tarkibini o‘qish tavsiya qilinadi. Negaki bu qo‘shimchalar hisobiga ikraning kaloriyasi ko‘payishi, oqibatda foydali xususiyatlari kamayib, organizm uchun zararli bo‘lishi mumkin.
Mavzuga doir:
- Qizil ikra iste’mol qilinganida organizmda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi?
- Olivyedan zerikkanlar uchun: Yangi yil dasturxoni uchun 5 xil noodatiy salat retsepti
- Sog‘lom bo‘lishga va uzoq umr ko‘rishga yordam beradigan ovqatlanishga oid 6 odat
Manba