Sivilizatsiya kasalligi — osteoxondroz rivojlanishining sabablari
Osteoxondroz umurtqa pog‘onasi orasida joylashgan disklarning shikastlanishidan kelib chiqadi. Disklar ham, amortizator ham, umurtqa pog‘onasini mustahkamlovchi vazifani bajaradi. Disklar tog‘ay to‘qimasidan tuzilgan bo‘lib, 60-80 foizi suvdan iborat. Suvning kamayishi disk to‘qimalarida yoriq paydo bo‘lishiga, so‘ngra ularning qalinligi kamayishiga va oqibatda umurtqa pog‘onalari orasi torayishiga olib keladi. Natijada umurtqa pog‘onasi orasidan chiqadigan nerv tomirlarining siqilishi kuzatiladi.
Foto: PinterestKasallik rivojlanishining sabablari:
- Odamning tik yurishi. Tik yurganda umurtqa pog‘onasiga katta kuch tushadi, ayniqsa, bel va bo‘yin qismiga. Yillar davomida tog‘ay to‘qimalarida distrofik o‘zgarishlar kelib chiqadi va osteoxondroz rivojlanadi.
- Insonning turmush tarzi. Shahar aholisining kam harakat qilishi, ishi yuzasidan ko‘p o‘tirishga to‘g‘ri kelishi. Bu holatlar disk atrofida qon aylanishini sustlashtiradi va tog‘ay to‘qimasining suvsizlanishiga olib keladi, natijada disk quriy boshlaydi.
- Umurtqa pog‘onasi atrofidagi mushaklarning zo‘riqishi va siqilishi. Bu ham qon aylanishini kamaytiradi va disklarga zarar yetkazadi.
Boshlang‘ich davrda umurtqa pog‘onasi atrofida noqulaylik yoki yengil og‘riq bo‘ladi. Sekin-asta harakat cheklanadi, ayniqsa, bo‘yin va bel sohasida. Kamdan kam holatlarda og‘riq keskin kuchli bo‘ladi, bu to‘satdan og‘ir yuk ko‘targanda sodir bo‘lishi mumkin.
Yillar o‘tgach, asta-sekin og‘riqning kuchi oshadi, ichki a’zolarda ham og‘riqlar paydo bo‘ladi, chunki barcha ichki a’zolar orqa miya bilan nerv tomirlari orqali bog‘langan. Harakat cheklanishi ko‘payadi. Yomon oqibatlardan biri esa — diskda churra paydo bo‘lishi mumkin, uni davolash esa juda murakkab.
Davo choralari:
Davolash ishlari shifokor nazorati ostida olib boriladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- og‘riqni qoldiradigan, umurtqa pog‘onasi disklari regeneratsiyasini va qon aylanishini yaxshilaydigan dori-darmonlar.
- fizioterapiya muolajalari;
- davolovchi badantarbiya;
- sog‘lom turmush tarzi.
Mavzuga doir:
- Umurtqa pog‘onasida muammo bor-yo‘qligini uy sharoitida aniqlashga yordam beradigan tavsiyalar
- Bo‘g‘imlarda muammo bor yoki yo‘qligini aniqlashga yordam beradigan oddiy test
- Nega tunda oyoq og‘riydi?Mushaklar spazmining sabablari
Manba