Umurtqa pog‘onasiga zarar yetkazadigan odatlar
Umurtqa pog‘onasi organizmning eng muhim organlaridan biri bo‘lib, uning salomatligi nafaqat bel, balki ko‘plab ichki organlarning holatiga bevosita ta’sir qiladi. Umurtqa pog‘onasi turli qismlarining shikastlanishi yoki egrilik qon aylanishining buzilishiga olib keladi va natijada yurak xastaligi, miya faoliyatida buzilish, ovqat hazm qilish va boshqa kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi.
Foto: CosmopolitanSiz ham umurtqa pog‘onasini kundan kunga sezilmaydigan tarzda zararlaydigan odatlar bor-yo‘qligini tekshirib ko‘ring va darhol ulardan xalos bo‘ling.
Chekish
Chekish nafaqat yurak-qon tomir tizimiga, balki umurtqa pog‘onasiga ham zarar yetkazadi va umurtqa disklarning erta degeneratsiyasiga olib kelishi mumkin. Haqiqat shundaki, bu odat disklardagi qon aylanishiga to‘sqinlik qiladi, bu ularning suvsizlanishiga va ozuqa moddalarining yetishmasligiga, keyinchalik esa yo‘q bo‘lishiga olib keladi. Inson qancha ko‘p cheksa, umurtqa pog‘onasi shunchalik ko‘p zararlanadi.
Sut mahsulotlarini rad etish
Kalsiy suyak salomatligi uchun, ayniqsa, 45-50 yoshdan keyin muhim ahamiyatga ega. Sut mahsulotlari ushbu foydali elementning eng oddiy va arzon manbai bo‘lib qolmoqda. Ularni iste’mol qilmaslik orqali suyak mo‘rtlashadi va osteoporoz rivojlanish xavfini oshiramiz. Ammo tibbiy sabablarga ko‘ra, laktozasiz parhezda ratsionga yashil bargli sabzavotlar, baliq, yong‘oqlar va boshqa kalsiyga boy mahsulotlarni kiritish tavsiya etiladi. 50 yoshga qadar kuniga kamida 1000 mg kalsiy, 50 dan keyin esa 1200 mg yoki undan ko‘proq miqdorda kalsiy kerak bo‘ladi.
Egilib yurish odati
Stolga to‘g‘ri o‘tirishingiz va har qanday vaziyatda qomatni tik tutish kerak. Inson ulg‘aygani sari qaddini tik tutib yurishi qiyinlashadi, lekin keksa yoshda to‘g‘ri umurtqa pog‘onasi ko‘proq muhimdir, chunki ichki organlarga yuk sezilarli darajada oshadi. 30 yoshdan keyin muntazam ravishda yoga va umurtqa pog‘onasini to‘g‘rilashga qaratilgan boshqa amaliyotlar bilan shug‘ullanish foydali.
Oyoqlarni chalkashtirib o‘tirish
Bu odat ham avvalgisiga bog‘liq. Oyoqlar chalkashtirilganda, qomat doimiy ravishda egiladi. Bu holat lumbosakral umurtqa pog‘onasidagi yukni oshiradi va qo‘shimcha ravishda tos bo‘shlig‘ida va oyoq tomirlarida qon ta’minotini buzadi va vaqt o‘tmay tromboz, artroz va varikoz tomirlariga olib keladi.
Smartfonga qaramlik
Smartfon bilan juda tez-tez va uzoq vaqt ishlash umurtqa pog‘onasi holatiga ham yomon ta’sir qiladi: telefon yelkaga qo‘yib gaplashilganda, umurtqa ko‘proq zo‘riqadi. Vaqt o‘tishi bilan, bu hatto disklarning siljishiga va jiddiy egrilikka olib kelishi mumkin.
O‘tirib ishlash
Ish uzoq vaqt qimirlamasdan ko‘p vaqt sarflashni talab qilsa, albatta, umurtqa pog‘onasiga g‘amxo‘rlik qilishingiz kerak. Birinchidan, har soatda kichik tanaffuslar qilish lozim. Ikkinchidan, umurtqa pog‘onasining bo‘yin va yelka qismlarida og‘riqning oldini olish uchun kuniga bir necha marta mashq bajarishga arziydi. Bu nafaqat umurtqa pog‘onasini mustahkamlashga yordam beradi, balki ortiqcha vazn bilan kurashishga imkon beradi.
Noto‘g‘ri to‘shak
Umurtqaning sog‘lig‘i uchun o‘rta qattiqlikdagi to‘shakda uxlash tavsiya etiladi, bu uyqu paytida umurtqa pog‘onasini va boshning fiziologik holatini optimal darajada bir xilda qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, egrilik va qon aylanishining buzilishidan qochish mumkin.
Ko‘p qahva ichish
Qahva ajoyib ichimlik bo‘lib, sog‘liq uchun juda ko‘p foyda keltirishi mumkin, ammo shuni yodda tutish kerakki, kofein tom ma’noda suyaklarimizdan kalsiyni yuvib, sinish xavfini oshiradi. Tez-tez qahva ichadiganlar ratsionda kalsiyni o‘z ichiga olgan yetarli miqdorda oziq-ovqat mavjudligiga ishonch hosil qilishi lozim.
Og‘ir sumka
Katta hajmli, og‘ir sumka olib yuradiganlarning umurtqa pog‘onasi katta xavf ostida. Sumka qanchalik katta bo‘lsa, uni turli xil kerakli narsalar bilan to‘ldirish vasvasasi shunchalik yuqori bo‘ladi, natijada umurtqa pog‘onasidagi yuk shunchalik yuqori bo‘ladi. Uni kichikroq model bilan almashtirish organizm uchun yaxshi.
Baland poshnali tuflilar
Baland va ingichka poshnalar umurtqa pog‘onasi uchun birinchi raqamli dushman. Agar baland poshnali tuflilardan butunlay voz kechishga tayyor bo‘lmasangiz, hech bo‘lmaganda ularni kiyish chastotasini kamaytirish mumkin. Qolgan vaqtda esa qulay yoki juda kichik poshnali poyabzal va etiklarga ustunlik bering.
Mavzuga doir:
- Bel og‘riganda darhol shifokor ko‘rigidan o‘tish shart bo‘lgan holatlar
- Osteoxondroz nima va u bilan qanday kurashish mumkin?
- Osteoxondroz nima va u bilan qanday kurashish mumkin?
- Ko‘richakni o‘tkazib yubormaslik uchun: kasallikning kutilmagan alomatlari
Manba