Nega vazn kamaymaydi: modda almashinuvi jarayonini sekinlashtiradigan kundalik odatlar
Inson organizmida metabolizm — modda almashinuvi jarayoni yosh o‘tib borishi bilan sekinlashadi. Ayniqsa, bu menopauzani boshdan kechirgandan keyin seziladi: ushbu vaqtda ayollarga odatdagi ovqatlanishni asta-sekin kamaytirish tavsiya etiladi, chunki organizm asosiy jarayonlarga kamroq kaloriya sarflay boshlaydi. “Noviy ochag” nashri ushbu jarayonni sekinlashtiradigan bir qancha kundalik odatlar bilan bo‘lishdi.
Foto: “Noviy ochag”Mushak to‘qimalarining kamayishi, gormonal o‘zgarishlar, organizmdagi ko‘plab jarayonlarning umumiy sustlashishi 50 yoshdan keyin metabolizmning sezilarli darajada sekinlashishi, vazn ortishi va uni yo‘qotish qiyinlashishiga sabab bo‘ladi. Ammo ayollar vazn yo‘qotishga harakat qilib, xatolarga yo‘l qo‘yishi va shu bilan metabolizmni yanada sekinlashtirishi mumkin.
Sut mahsulotlaridan oz iste’mol qilish
Makmaster universiteti mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni tasdiqladiki, kuniga 3-7 porsiya sut mahsulotlari iste’mol qilgan ayollar yog‘ni tezroq va osonroq eritadi. Salomatlik va go‘zal qomat uchun qayg‘uradiganlarning kundalik ratsionida yogurt, tvorog, kefir va boshqa sut mahsulotlari, albatta, bo‘lishi kerak.
Uglevodlarni butunlay yo‘q qilish yoki kamaytirish
Yana bir yomon fikr — uglevodlarni ratsiondan butunlay chiqarib tashlash. Haqiqatan ham yengil uglevodlar salomatlik va vazn uchun xavfli bo‘lib, ular insulinning ko‘tarilishiga olib keladi. Ammo sekin, murakkab uglevodlar shunchaki zarur. Aks holda organizm yetarli energiyani olmaydi va mashg‘ulot paytida yoki undan keyin kamroq kaloriya sarflaydi. Har bir taom bilan birgalikda murakkab uglevodlarning bir qismini iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Quyoshda kam vaqt o‘tkazish
Quyosh nuri metabolizm va modda almashinuvi uchun zarurdir. Ertalabki quyosh nuri ayniqsa foydali: tadqiqotlar ertalab ko‘p vaqtini tashqarida o‘tkazadigan odamlarning tana massasi indeksi tongni uyda o‘tkazadiganlarga qaraganda pastroq ekanini bir necha bor tasdiqladi. Ertalab quyoshda kuniga yarim soat sayr qilish o‘z sog‘lig‘i haqida qayg‘uradigan har bir kishi uchun zarur bo‘lgan kunlik talabdir.
Nonushtani juda kech qilish
Kunning birinchi taomi uchun eng qulay vaqt — uyg‘ongandan keyin bir soat ichida va eng yaxshisi birinchi 15 daqiqada. Tonggi nonushta — kaloriyalarni energiyaga aylantirish mexanizmini ishga tushirish imkonini beradi.
Qahva ichmaslik
Qahva ajoyib ichimlik va ertalab bu metabolizm uchun kerak bo‘lgan narsadir. Metabolizm kofeinning yurak urish tezligini oshirish qobiliyati bilan kuchayadi: organizmga ko‘proq energiya kerak bo‘ladi va uni ilgari saqlangan zahiralardan ajratib ola boshlaydi. Qahva qora, iloji bo‘lsa shakarsiz ichilgani ma’qul.
Kam suv ichish
Organizmda sodir bo‘ladigan barcha hujayrali jarayonlar suvsiz amalga oshmaydi. Shuning uchun suyuqlik yetarli bo‘lmasa, u sekin davom etadi yoki shunchaki to‘xtaydi. Ko‘proq suv ichish bilan organizm energiya ishlab chiqarishi va ortiqcha yog‘ni eritishi osonroq bo‘ladi.
Ovqatlanmaslik yoki och qolish
Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, qancha kam ovqat iste’mol qilinsa, shuncha tez vazn kamayadi. Ammo bu noto‘g‘ri fikr. Aksincha, organizm doimiy stress holatiga tushsa, teskari natijaga erishish mumkin. Chunki bu holatda organizm allaqachon saqlangan yog‘ni bor kuchi bilan tejashga kirishadi va olingan har bir kaloriyani energiyaga emas, balki saqlashga o‘tadi. Shuning uchun vaqtida oz-ozdan tez-tez ovqat iste’mol qilish kerak.
Manba