Mazali va foydali: kosmetik vositalar o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan tabiiy mahsulotlar
Iste’mol mahsulotlari tashqi ko‘rinish va salomatlik uchun muhim rol o‘ynaydi. Ularning ayrimlari ratsionda bo‘lmasligi so‘lg‘in ko‘rinish va holsizlikka sabab bo‘lsa, ba’zilarini kanda qilmaslik kosmetik vositalari o‘rnini bosishi, ya’ni tabiiy va go‘zal ko‘rinishga sababchi bo‘lishi mumkin.
Foto: Bundilla ClinicYuz rangi uchun
Bulg‘or qalampiri(qizil va sarig‘i)va sabzi terini sog‘lom ko‘rsatib, unga chiroyli rang beradi. Bundan tashqari, mazkur mahsulotlar tarkibidagi karotin ko‘zlarning porlab turishini ta’minlaydi. Shotlandiyalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda bulg‘or qalampiri va sabzini iste’mol qilgan ayollarning o‘ziga xos tarzda latofatli ekani aniqlangan. Go‘zal va sog‘lom ko‘rinishni istaydiganlarga bulg‘or qalampiridan tayyorlangan salat va sabzili sharbat iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Yanoqlarga urg‘u berish
Yanoqlarning yanada jozibali bo‘lishi uchun tonal krem yoki rumyanadan foydalanish yoki shunchaki ismaloqni ratsionga kiritish kerak. Parhezshunoslar ushbu mahsulotning mikroelementlarga boy ekani sabab organizmda namlikni ushlab turishi, shuningdek, teri va mushaklarni mustahkam va elastik saqlashini ta’kidlaydi.
G‘uncha lablar uchun
Lablar g‘uncha singari chiroyli bo‘lishi uchun turli amaliyotlarni o‘tkazish shart emas. Shunchaki qizil bulg‘or qalampirini iste’mol qilib ham maqsadga erishish mumkin. Tarkibidagi kapsaitsin sabab mazkur mahsulot qon sirkulyatsiyasini yaxshilaydi, bu esa lablarning ko‘rinishiga ham ta’sir etmay qolmaydi.
Sog‘lom teri uchun
Yuzdagi husnbuzar, yallig‘lanishlarga qarshi kurkuma yaxshi samara beradi. Tarkibidagi A va C vitamini sabab yallig‘lanish jarayoni bartaraf etiladi va teri toza va sog‘lom ko‘rinadi. Yuz terisi yanada sog‘lom ko‘rinishi uchun esa qon sirkulyatsiyasini yaxshilash xususiyatiga ega bo‘lgan likopinga boy tarvuzli sharbat iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Manba