“Likopchadagi quyosh”: Homilador ayollarga pista chaqish mumkinmi?
Pista beta-karotin, A vitamini B, C, D, E, K, Mg, Zn, Se, Cu vitaminlariga boy bo‘lib, bolalar, ayniqsa, homilador ayollar uchun foydali. Uning foydalilik xususiyatlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Foto: Getty ImagesHomilador ayollarda tomir tortishishida samara beradi
Bo‘lajak onalarda oyoqning tomir tortishishi tez-tez, ayniqsa, tunda kuzatilib turadi. Uni bartaraf qilish uchun to‘g‘ri poyabzal tanlash, sayr qilish, jismoniy faollik va massaj yordam beradi. Shuningdek, mutaxassislar ratsionda yetarli miqdorda suyuqlik bo‘lishi, kalsiy va magniyga boy mahsulotlar — donli, dukkakli, quritilgan meva va yong‘oq hamda pistalar iste’mol qilish kerakligini ta’kidlaydi.
Qondagi qand miqdorini nazorat qiladi
Homiladorlik ko‘pincha gestatsion qandli diabetni keltirib chiqarishi mumkin. Buning oldini olish uchun qondagi qand miqdorini nazorat qilish va monoto‘yinmagan va polito‘yinmagan yog‘ kislotalariga boy taomlar bilan parhez qilish kerak. Monoto‘yinmagan yog‘lar yong‘oq, zaytun, o‘simlik yog‘ida, polito‘yinmagani esa qovoq, kungaboqar urug‘larida, grek yong‘og‘i yog‘ida, soya va kunjutda mo‘l bo‘ladi.
Tarkibida miya faoliyati uchun muhim bo‘lgan Omega-3 mavjud
Homila shakllanishi va rivojlanishi uchun ona ratsioni muhim sanaladi. Ayrim moddalarning yetishmasligi bola salomatligida muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Bola miyasining rivojlanishi uchun baliq, dengiz mahsulotlari Omega-3 yog‘ kislotalari muhim sanaladi. Ammo turli sabablarga ko‘ra doim ham baliq va dengiz mahsulotlarini iste’mol qilmaslik mumkin. Uning o‘rniga kanola yog‘i, yong‘oqlar, kungaboqar urug‘lari, soya dukkaklari qo‘shib tayyorlangan taom iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Bu mahsulotlarning bari yog‘ kislotalariga boy sanaladi. Topish oson va qimmat bo‘lmagan, homiladorlikning ilk oylarida ratsionning balansda bo‘lishiga hissa qo‘shadigan yana bir mahsulot pista hisoblanadi.
Bola salomatligida muhim bo‘lgan oqsilga boy
Bola rivojlanishi uchun yana bir muhim komponentlardan biri oqsil sanaladi. Uni kuniga 71 grammdan kam bo‘lmagan miqdorda iste’mol qilish kerak. Mol go‘shti, baliq, tuxum, pista va soya mahsulotlari oqsilning koni hisoblanadi. Homilador ayol ratsionida yong‘oq, pista, avokado bo‘lishi, tayyorlangan salatlarga uzum sirkasi qo‘shilishi kerak. Bunday taomlar yeyilganda organizm kerakli ozuqa moddalariga to‘yinadi. Asosiysi, vazn ortib ketmasligi uchun iste’mol mahsulotlari, yog‘ va shakar miqdorini nazorat qilib turish kerak. Pistani homilador ayollarga kunlik ratsiondagi kaloriyadan kelib chiqqan holda iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Parhezshunoslar homilador ayollarga qovurilgan pista chaqishni taqiqlamaydi, lekin qayta ishlanmagani chaqilsa, foydaliroq ekanini ta’kidlaydi.
Manba