Organizm uchun selen moddasi qay darajada muhim?
Unchalik ham ahamiyatga ega bo‘lmagandek tuyuladigan selen moddasi tana uchun eng muhim elementlardan biri hisoblanadi. U antioksidant moddalarni sintez qilishda faol ishtirok etadi. Antioksidantlar tanaga erkin radikallar bilan kurashish, yallig‘lanish reaksiyalarini to‘xtatish, qarish jarayonini oldini olish va ultrabinafsha nurlarining zararli ta’siridan himoya qilishga yordam beradi.
Foto: Harper’s BazaarSelen yurak-qon tomir tizimi uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘pgina hollarda yurak ishemik kasalligi qonda selen miqdori past bo‘lgan odamlarda paydo bo‘lishi isbotlangan. Bundan tashqari, selen bir qancha yurak kasalliklarini keltirib chiqaradigan yallig‘lanish jarayonlarini to‘xtata oladi. Shuningdek, u tromblar paydo bo‘lishini bartaraf etadi va qon tomirlari devorlarini mustahkamlaydi.
O‘tgan yillar mobaynida selenga bo‘lgan qiziqish uning immunitet tizimini mustahkamlash xususiyati tufayli bir necha bor oshdi. Selen yetishmasligi tufayli organizmda immunitet reaksiyasi susayadi va viruslarning hujumiga dosh bera olmaydi. Natijada kasal bo‘lish kuzatiladi. Selen immunoglobulin ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi va organizmni virus hamda kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyadan himoya qiladi.
Tanadagi selen miqdori – qalqonsimon bez uchun muhimdir. Ushbu organ modda almashinuvini me’yorlashtirish, ichki organlar faoliyatini yaxshilash gormonlar darajasini tartibga solish kabi bir qator hayotiy vazifalarni bajaradi. Surunkali selen yetishmovchiligi bilan Xashimoto trioditi rivojlanishi mumkin. Ushbu kasallik − qalqonsimon bez hujayrlariga hujum qila boshlaydi, bu esa uning zararlanishiga olib keladi. Mazkur kasallik juda xavfli bo‘lib, bir qator noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, selen moddasi asab tizimining salomatligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu kognitiv funksiyani normallashtiradi. Xotira va diqqatni jamlashni yaxshilaydi. Tanadagi yetarli miqdordagi selen insonni Alsgeymer va yosh bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa kasalliklardan himoya qiladi.
Xo‘sh, selen qanday mahsulotlar tarkibida bo‘lishi mumkin?Braziliya yong‘oqlari, tovuq filesi, tuxum, grechka, zig‘ir urug‘lari va shiitake qo‘ziqorinlari selenga boy hisoblanadi. Agar parhez bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashgan holda selenga boy maxsus dori vositalarini qabul qilish mumkin.
Manba