Margarin, kolbasa va erta qarishga sabab bo‘ladigan boshqa mahsulotlar
Organizmning erta qarishiga bir qancha omillar, shuningdek, iste’mol mahsulotlari ham ta’sir ko‘rsatadi. Zararli bo‘lgan mahsulotlarni ratsiondan chiqarish orqali nafaqat yosh, balki sog‘lom ko‘rinish, o‘zingizni yaxshi his qilishingiz mumkin.
Foto: FreepikMargarin
Ushbu mahsulot surunkali kasalliklarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladigan zararli transyog‘larning koni. Yog‘ning ushbu turi organizmdagi suv balansining buzilishiga ham faol ta’sir qiladi. Surunkali suvsizlanish ajin paydo bo‘lishi va tana a’zolarining erta qarishiga olib keladi.
Yarimtayyor mahsulotlar
Iste’moldan avval mikroto‘lqinli pechda isitishning o‘zi kifoya qilgani bilan vaqtni tejashga yordam beradigandek tuyuladigan ushbu mahsulotlar tarkibida tuz ko‘p bo‘ladi va sizga ishlaringizga ulgurishga ko‘mak berayotgandek tuyulgani bilan salomatlikka jiddiy zarar yetkazadi. Ularni haddan ortiq iste’mol qilish shishlar va teri ahvolining yomonlashishiga olib keladi.
Energetik ichimliklar
Tongda sizga energiya yetishmasligi uyquning yetarli bo‘lmasligi va kech uxlash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Energetiklar tarkibida shakar, kofein, natriy va kislotalar miqdori juda ham ko‘p ekani hisobiga tish emali(tishning tabiiy qoplamasi), hazm tizimida muammolar kuzatiladi, peshob haydashni tezlashtirgani sabab, organizm suvsizlanadi. O‘n yil ichida yoki erta qarishni istamasangiz, bu kabi ichimliklardan tiyilishga harakat qiling.
Shirinliklar
Shakar erta qarishga olib keladigan birinchi raqamli dushman hisoblanadi. Shu sababdan ham undan butkul voz kechilmagan taqdirda ham iste’mol qilish miqdorini kamaytirish kerak. Chunki glyukozaning ko‘pi surunkali kasalliklar va qandli diabet kelib chiqishi xavfini ko‘paytiribgina qolmay, saraton hujayralari uchun ham yaxshigina oziqa sanaladi.
Glikemik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan mahsulotlar
Oq undan tayyorlanadigan non, pasta va boshqa mahsulotlar tarkibida qondagi qand miqdorini oshishiga hissa qo‘shadigan tez hazm bo‘ladigan uglevodlar ko‘p bo‘ladi. Glikemik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va erta qarish o‘rtasida bog‘liqlik borligi olimlar tomonidan aniqlangan. Agar yuzingizda husnbuzar va teri bilan bog‘liq muammolar kuzatiladigan bo‘lsa, ratsioningizni o‘zgartirishga harakat qiling.
Spirtli ichimliklar
Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish organizmda radikal o‘zgarishlar, xususan, hujayralar yangilanishiga javob beradigan A vitamini yetishmasligiga olib keladi.
Kolbasa va boshqa go‘sht mahsulotlari
Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlarda, kolbasa va shunga o‘xshash mahsulotlar tarkibidagi nitrat va nitritlar onkologik kasallik kelib chiqishi xavfini oshirishi aniqlangan. Mazkur moddalar organizmda hujayralar oksidlanishi va ularning DNK o‘zgarishiga olib keladi. Yuz terisi uchun esa ushbu jarayon o‘ta xavfli hisoblanadi. Shu sababdan ham ratsionga tabiiy go‘sht oqsilga boy mahsulotlarni kiritish, kolbasa, sosiska kabi mahsulotlardan esa voz kechish tavsiya qilinadi.
Manba