Har kuni iste’mol qilish zararli bo‘lgan 7 mahsulot
To‘g‘ri ovqatlanish nafaqat ko‘rinishingizga, balki salomatlik — yurak qon-tomir, hazm tizimi, immunitet, shuningdek, metabolizmda ham ijobiy o‘zgarish bo‘lishiga olib keladi. Buning uchun ratsiondan o‘rin olgan mahsulotlarga e’tiborli bo‘lish, tuz va shakarga boy bo‘lgan yeguliklardan iloji boricha voz kechish kerak.
Foto: FreepikKrestgulli sabzavotlar
Antioksidantlarga boy va foydali bo‘lgan gulkaram, brokkoli singari sabzavotlar ratsiondan o‘rin olishi kerakligiga shubha yo‘q, ammo haddan ortiq iste’mol qilish gipotireoz — qalqonsimon bez gormonlarining kamayib ketishiga olib kelishini unutmaslik kerak. Agar siz karam yeyishdan voz kecha olmasangiz, unda uni tovada biroz qovuring yoki boshqa mahsulotlar bilan qo‘shib taom tayyorlashga harakat qiling.
Tunets baliqlari
Tunets simobga boy ekanligi uchun ham uni me’yoridan ortiq iste’mol qilish ushbu moddaning organizmda to‘planishi hamda bolalar, homilador ayollarga yomon ta’sir qilishi, shuningdek, kattalarda yurak xurujiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sabab ham mutaxassislar ushbu baliq mahsulotining yengilroq variantini tanlash hamda haftada bir martadan ko‘p iste’mol qilmaslikni tavsiya qiladi. Oqsilga boyligi sabab tunets iste’molidan butkul voz kechish yaramaydi, shunchaki me’yorga amal qilish kerak.
Mevali smuzi
Mevalardan tayyorlanadigan smuzining salomatlikka foydasi bor va semirtirmaydigandek tuyilishi mumkin, ammo har doim ham emas. Gap shundaki, ushbu mahsulotda shakar miqdori ko‘p bo‘ladi. Agar mazali va tetiklashtiradigan smuzidan voz kecha olmasangiz, uni sabzavotlisiga almashtirish tavsiya qilinadi. Bu kundalik iste’mol qilinadigan shakar miqdorini kamaytirishga yordam beradi.
Quritilgan mevalar
Quritilgan mevalar iste’molidan keyin kishi energiyaga to‘lishiga shubha yo‘q, ammo uni iste’mol qilishda bir narsani yodda tutish kerak: quritilgan mevalarda barra holdagisidan ko‘proq shakar bo‘ladi. Vazn tashlamoqchi bo‘lganlarga ushbu mahsulotdan tiyilish, haftada ikki marta oz-ozdan iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Myusli va boshoqli o‘simliklar
Ushbu mahsulotlar ham shakarning koni ekanini yoddan chiqarmaslik kerak. Gap shundaki, yorma holiga kelgunicha qayta ishlangan mahsulot avvalgidek bo‘lmaydi va natijada siz qayta ishlangan, foydasiz uglevodlarni iste’mol qilasiz.
Konservalangan pomidor va tomat pastasi
Barcha konservalangan mahsulotlarning bankasida, tarkibida sintetik estrogen bisfenol-A bo‘lgan smola qoldiqlari bo‘lishi mumkin. Olimlar allaqachon smolaning bir qancha — reproduktiv tizim, yurak kasalliklari, qandli diabet va vazn to‘plashga olib kelishi mumkinligini aniqlagan. Tomatning kislotasi yuqori ekani sababli esa undan taom tayyorlashda foydalanish ovqat tarkibida bisfenol paydo bo‘lishiga olib keladi. Unutmang, sintetik estrogen salomatlikka salbiy ta’sir qiladi.
Guruchli krekerlar va kulcha non
Kun davomida ochlik hissini tuygan taqdiringizda ham bir necha o‘ram kreker va kulcha non iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi. Ushbu mahsulotlar hech qanday vitamin va minerallarga boy emas. Tozalangan uglevod va tuz va ifor taratuvchi moddalar bilan boyitilgan yegulik salomatligingizda muammo ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Manba