Vazn ortishiga sabab bo‘ladigan salomatlikdagi 5 muammo
Kishining vazni ortishiga ratsionning balansda bo‘lmasligi, kam harakatlik sabab bo‘ladi. Shuningdek, salomatlikdagi muammolar ham to‘satdan semirishga olib kelishi mumkin.
Foto: FreepikKushing sindromi
Tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan ushbu sindrom, buyrak usti bezlarining haddan ortiq faol ravishda stress gormoni — kortizol ishlab chiqarganida yuz beradi. Aksari hollarda 20-40 yosh atrofidagi ayollar ushbu sindromdan aziyat chekadi. Turli sabablar bois rivojlanishi mumkin bo‘lgan ushbu sindrom asosan turli kasalliklar, masalan, astma, revmotoid artrit va boshqa autoimmun kasalliklarni davolash uchun foydalanadigan glyukokortikoid preparatlarni katta miqdorda iste’mol qilganda kelib chiqishi mumkin. Shuningdek, ushbu sindrom gipofizning zararsiz o‘simtalarining simptomi bo‘lishi mumkin. Organizmda kortizolning ko‘pligi metabolizmni sekinlashtiradi va bu vazn ortishiga sabab bo‘ladi. Belning orqa qismida, yelka va yuzda yog‘ to‘planishi, tananing pastki qismining ozishi esa ushbu sindromga xos sanaladi. Terining qizarishi, husnbuzar toshishi, qon bosimi ko‘tarilishi, mushaklar kuchsizlanib, depressiyaga tushish holatlari kuzatilishi ham ushbu sindromning alomatlari hisoblanadi. Tashxis labaratoriya tahlili asosida qo‘yiladi.
Revmatoid artrit
Biriktiruvchi to‘qimalarning yallig‘lanishi, bo‘g‘imlar og‘rishi bilan namoyon bo‘ladigan ushbu kasallikda bo‘g‘in sohasida qizarish va shish kuzatiladi, harakatlanish qiyinlashadi. Revmatoid artritdan aziyat chekkan kishilar og‘riq va diskomfortni kamaytirish uchun steroid preparatlarni qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. Bunday preparatlarning nojo‘ya ta’siri organizmda suyuqlikni ushlab turadi va bu shishni keltirib chiqaradi. Buning hisobiga tana vazni ortadi, qomat ham beso‘naqay ko‘rina boshlaydi.
Gipoterioz
To‘lalikning yana bir keng tarqalgan simptomlaridan biri gipoterioz hisoblanadi. Bunda metabolizm me’yorda bo‘lishi uchun muhim rol o‘ynaydigan gormonlar me’yorda bo‘lmaydi. Moddalar almashinuvining yomonlashishi vazn ortishishiga olib keladi. Unga qon tahlili va qalqonsimon bez gormonlarini tekshirish orqali tashxis qo‘yish mumkin. Agar semirishga gipoterioz sabab bo‘ladigan bo‘lsa, ratsionga o‘zgartirish kiritish va jismoniy faollikning o‘zi kamlik qiladi. Organizmdagi gormonlarni me’yorga keltiribgina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. Buning uchun esa endokrinolog shifokorga murojaat qilish kerak bo‘ladi.
Yurak yetishmovchiligi
Mushaklari sustlashganining hisobiga yurak qon haydab berishga qiynaladi. Buning oqibatida a’zolar yetarlicha qon, ya’ni kislorod va ozuqa moddalari bilan ta’minlana olmaydi. Oyoq qo‘llarning uchida, o‘pkada suyuqlik to‘planadi. Tanada shish kuzatiladi, vazn ortadi. Nafas qisishi, tez holdan toyish, jismoniy faollik kamayishi ham yurak yetishmovchiligiga xos belgilar hisoblanadi. Salomatlik bilan bog‘liq jiddiy oqibatlarning oldini olish uchun esa shifokorga murojaat qilish kerak.
Testosteron miqdorining kamayishi
Organizmdagi gormonal tizimning ishdan chiqishidan nafaqat ayollar, balki erkaklar ham aziyat chekadi. Testosteron miqdori kamayganida qorin sohasida yog‘ yig‘iladi. Mushaklar vaznining kamayishi, tez holdan toyish, diqqat bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi ham testosteron gormoni yetishmasligiga xos belgilardan. Shifokor ko‘rsatmasiga binoan, biologik faol qo‘shimchalarni qabul qilish esa vaziyatga yechim topishga yordam berishi mumkin.
Manba