Sochga oq tushishi bilan namoyon bo‘ladigan kasalliklar
Agar sochlar siyraklashsa, ularni mustahkamlovchi shampunlardan foydalanish mumkin. Lekin soch tolalari oqara boshlasa, uni bo‘yash bilan hammasi yaxshilanib ketmaydi. Bu sog‘liqdagi jiddiy muammolarning belgisi hisoblanadi.
Foto: “Vkontakte”Qalqonsimon bez faoliyati bilan bog‘liq muammolar
Agar sochlar erta oqara boshlasa, albatta, tibbiy tekshiruvlardan o‘tish zarur. Ayniqsa, bu qalqonsimon bez bilan bog‘liq bo‘lsa, endokrinolog bilan maslahatlashib, gormon darajasini aniqlash zarur. Qalqonsimon bez bilan bog‘liq muammolar uyqusizlik va ruhiy kasallik bilan bezovta qilishi mumkin va bu aynan soch orqali belgi beradi. Ular juda mo‘rt, yog‘li bo‘lib qoladi va ularda oqarish jarayoni namoyon bo‘la boshlaydi.
Vitaminlar yetishmasligi
Erta oqargan sochlar B12 vitamini yetishmasligini ham ko‘rsatishi mumkin. B guruhi vitaminlarining yetishmasligi asab o‘tkazuvchanligini susaytiradi va ko‘proq stressga moyil qiladi. Alomatlarning yana biri sochlarning erta oqarishidir. Vitamin yetishmasligi bilan bog‘liq muammolardan qochish uchun ko‘proq qizil baliq, mol go‘shti va tuxum iste’mol qilish kerak. Sochlar aynan vitaminlar yetishmasligi tufayli rangini yo‘qotishi mumkin. Vitaminlar qabul qilishdan oldin, albatta, shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Stress
2020-yilning muammolari tufayli stress ko‘pchilikning sochiga oq tushirdi. U soch pigmentini ishlab chiqaradigan va erta qarishni keltirib chiqaradigan ildiz hujayralariga ta’sir qiladi. Shuning uchun ham o‘zgarmaydigan narsalar haqida qattiq tashvishlanmaslik kerak. Jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelganda psixolog yoki psixoterapevt bilan bog‘lanish zarur.
Sochlar uchun zararli mahsulotlar
Soch uchun parvarish yetarli darajada bo‘lmaganida ularda oqarish holatlari kuzatiladi. Shuningdek, ba’zi bo‘yoq va shampunlar zararli kimyoviy moddalarni o‘z ichiga oladi, ular soch pigmentidan mahrum etadi. Shuning uchun soch parvarishida ishonchli hamda sifatli mahsulotlardan foydalanish kerak.
Irsiy moyillik
Agar sochlar orasida oq tolalar paydo bo‘lsa, bu irsiyat bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Agar ota-ona yoki boshqa oila a’zolarida sochga oq erta tushgan bo‘lsa, u holda jiddiy muammo bo‘lmaydi. Hozirda avvalgidek oqargan sochlarni bo‘yash yoki kesish shart emas, jamiyat har kimni boricha qabul qilishga moslashib bo‘lgan.
Shuningdek, sochlarni kuchli va sog‘lom saqlash va erta oqarishdan saqlash uchun yaxshilab parvarish qilish zarur. Issiq va sovuq ob-havoda bosh kiyimsiz chiqmaslik zarur. Soch quritgichdan kamroq foydalanish kerak. Bosh terisiga muntazam ravishda kokos yog‘i surish hamda brokkoli, bodom, sabzi va karam iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Manba