Yosh bolalar ayrim harflarni ayta olmasligiga sabab nima? Davo choralari va foydali mashqlar
Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev yosh bolalarning ayrim harflarni talaffuz qila olmasligi — dislaliya haqida ma’lumot beradi.
Foto: Getty ImagesDislaliya — o‘z ona tilida biror tovush talaffuzining kamchiligi, ko‘pincha “Sh”, “Ch”, “Z”, “R” tovushlar kamchiligi uchraydi.
Kelib chiqish sabablari:
- Homiladorlik davrida bo‘lib o‘tgan asoratlar: kamqonlik, infeksiya, jarohat, shu jumladan, ruhiy jarohat, qarindoshlar orasidagi nikoh va boshqa omillar ta’sirida;
- Til rivojlanishida;
- Jag‘, tanglay rivojlanishida;
- Eshitish a’zolarida;
- Asab tizimi rivojlanishida nuqson paydo bo‘lishi mumkin.
Bosh miya jarohati, og‘iz bo‘shlig‘i a’zolari jarohati, tishlash nuqsoni(“prikus” noto‘g‘riligi)– ko‘pincha tomoq, burun kasalliklari(adenoid, surunkali rinit va boshqalar)oqibatida kelib chiqadi.
Murojaat qilgan bemorlarni logoped, stomatolog, nevropatolog, LOR shifokorlari tekshiruvidan o‘tkaziladi. Og‘iz bo‘shlig‘i, til, tishlar nuqsonlari, asab tizimi kasalliklari bor, yo‘qligi aniqlanadi. Fonetika, grammatika va shakllangan so‘z boyligini o‘rganishga qaratilgan logopedik tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Davolash:
Logoped bemor bolalarni to‘g‘ri talaffuz qilishga, nutq buzilishining rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tilni bir xilda bo‘lgan harakatlarni shakllantirishga o‘rgatadi. Nutq terapiyasi, nafas olish mashqlari bajariladi, til massaj qilinadi. Shuni ta’kidlash kerakki, logoped davolashni boshlagandan so‘ng bemor uyida mustaqil ravishda shug‘ullanishi ham kerak, shunda natija samarali va tezroq bo‘ladi. Bemorlar bolalik davridan qunt bilan davolansa, bola 7-8 yoshga to‘lguncha undan xalos bo‘ladi, bu bolani ijtimoiy psixologik bosim oqibatlaridan saqlaydi.
Olimlar bolaning barmoqlari, aniq harakatlari rivojlanishi uning nutqi va tafakkurining rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqligini isbotlashgan. Rossiyalik olimalar Kolsova M.M. va Ruzina M.S. “Bola gapirishni o‘rganadi. Barmoqlar o‘yini” kitobida keltirilishicha, barmoqlar harakatlari yuqori darajada rivojlangan bolalarda nutq, fikrlash, xotira, e’tibor rivojlangan bo‘ladi, bundan tashqari, maktabga intellektual tayyorgarlik yuqori bo‘ladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, barmoq harakatlarning rivojlanish darajasi bolalar nutqining rivojlanish darajasiga to‘g‘ri keladi. Barmoqlar harakatlari erkin bo‘lmaguncha bolalarda nutqning rivojlanishiga erishish imkonsiz.
Bolalarda barmoqlar mashqi bo‘yicha ishni 6-7 oyligidan boshlash mumkin.
Har kuni umumiy uqalash va gimnastika paytida qo‘llarni 2-3 daqiqa davomida yengil uqalash kerak.
Rag‘batlantiruvchi qo‘l mashqlari besh bosqichdan iborat:
- Bolaning qo‘lini barmoq uchidan tirsagigacha tashqi tomondan 8-10 marta silash.
- Barmoqlarni, bosh barmoqdan tashqari, bukish va to‘g‘rilash, 5-6 marta.
- Bosh barmoqni o‘ng, chap tomonga bukish, dumaloq shaklda harakat.
- Kaftni faollashtirish: barmoq bilan bolaning kaftini sekin spiral ko‘rinishida silash, spiral kengayib borib oxiri bola bosh barmog‘ida tugaydi, 2-3 marta.
- Bolani qo‘lining barmoq uchidan tirsagigacha tashqi tomondan 8-10 marta silash.
Bola katta bo‘lib, es-hushini tanigan sari o‘yinchoqlardan tashqari uy xo‘jaligida foydalanadigan anjomlardan har xil o‘yin shaklida: “mohir oshpaz”, “mohir chevar”, “bog‘bon”, “qo‘li gul usta” yo‘nalishida mashqlardan foydalanish kerak, har bir yutug‘ini so‘z, erkalash bilan rag‘batlantirish kerak. Bu bolani o‘yinchoqlardan zerikishini kamaytiradi, fikrlashini, qunt bilan ishlashini oshiradi. Barmoqlar bilan turli xil mashqlarni bajarib, bolalarning barmoqlari, qo‘llarining nozik harakatlari yaxshi rivojlanishiga erishiladi, bu nafaqat nutqning rivojlanishiga foydali ta’sir ko‘rsatadi, balki bolani chizishga, yozishga tayyorlaydi. Qo‘llar yaxshi harakatchanlikka ega bo‘ladi, elastikligi oshadi, bu yozish harakatlarini egallashni osonlashtiradi.
Mavzuga doir: Nima sababdan bolalar tunda tagini “ho‘llab qo‘yadi?”. Enurezning sababi va davo choralari
Manba