Organizmda yetishmasligi ehtimoli katta bo‘lgan vitamin va minerallar
Shifokorlar kundalik muhim vitamin va minerallarning uchdan ikki qismini iste’mol mahsulotlari orqali qabul qilish kerakligini ta’kidlaydi. Ammo ratsionda balans bo‘lmasa, qo‘shimchalar qabul qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Foto: FreepikKaliy
Organizmda kaliy yetishmasligi yurak, buyraklar va hatto mushaklar bilan ham muammo kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Pomidor, brokkoli, kartoshka, sitrus mevalar, banan va quritilgan mevalar kaliyning koni hisoblanadi. Ammo yurak va buyraklarni davolash uchun preparat qabul qilayotgan vaqtda qo‘shimcha kaliy iste’mol qilmaslik kerak.
Yog‘ kislotalari
Omega-3 yog‘ kislotalari inson salomatligi hamda qon-tomirlar salomatligini saqlash uchun muhim sanaladi. Ushbu foydali yog‘ kislotalari yong‘oq, o‘simlik yog‘i, baliq va tuxumda mo‘l bo‘ladi.
C vitamini
Mazkur vitamin immun tizimi va yurak uchun ahamiyatli. Kuniga 75 mg me’yor hisoblangan C vitamini bulg‘or qalampiri, apelsin, kivi, brokkoli va bryussel karamida bisyor bo‘ladi.
D vitamini
Serquyosh hududda yashash bilan ushbu vitaminga bo‘lgan ehtiyoj qoplanib qolmaydi. D vitamini, ayniqsa, kuz va qishda har qachongidan ham muhim bo‘ladi. Shu sabab ham tuxum, losos va pishloq iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Temir moddasi
Vegetarian parheziga amal qiladiganlarda o‘sish, rivojlanish va qon uchun muhim bo‘lgan temir moddasining yetishmasligi ehtimoli katta. Mol go‘shti, non, yormalar, shuningdek, loviya, no‘xat va yasmiq kabi mahsulotlarda esa mazkur modda bisyor bo‘ladi.
Kalsiy
Organizm ikki o‘n yillik davomida kalsiyni zaxira qilishi mumkin, keyinchalik esa ushbu ehtiyojni iste’mol mahsulotlari va qo‘shimchalar orqali qoplashga to‘g‘ri keladi. 50 yoshdan kichik ayollar kuniga 1000 mg, 50 yoshdan kattalar esa undan ko‘proq miqdorda kalsiy iste’mol qilishi kerak.
Probiotiklar
Ichaklar faoliyati uchun muhim bo‘lgan probiotiklarni ko‘pchilik yetarli miqdorda qabul qilmaydi. Yogurt, tuzlangan karam va kefir iste’mol qilish orqali esa yetishmovchilikni qoplash mumkin.
Xolin
Xolin jigar salomatligi, shuningdek, tanadagi hujayralarni yog‘ kislotalari bilan ta’minlash uchun ahamiyatli. 2015-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarda 89 foiz odam kunlik me’yor hisoblangan 550 mg xolinni qabul qilmasligi aniqlangan. Mol go‘shti, losos, tovuq go‘shti va tuxum xolinni o‘z ichiga oladi.
E vitamini
Kuniga 15 mg E vitaminini qabul qilish immunitetni yaxshilab, surunkali kasalliklarda yaxshi samara beradi. Mazkur vitamin yong‘oq, pista, jo‘xori, kungaboqar va soya yog‘ida bisyor bo‘ladi.
Kletchatka
Kletchatkalar yetishmaganda yurak kasalliklari, shuningdek, bir necha turdagi saratonning kelib chiqish xavfi yuqori bo‘ladi, qolaversa, ichaklar faoliyati ham me’yorda bo‘lmaydi. Bu kabi muammolarning oldini olish uchun esa kuniga 25 gramm kletchatkaga boy mahsulot iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Manba