Ko‘proq uglevod iste’mol qilish kerakligidan darak beruvchi 9 belgi
JSST mutaxassislarining tavsiyasiga binoan kundalik me’yor hisoblangan kaloriyaning 45—65 foizi uglevod bo‘lishi kerak. Bu kuniga 2000 kaloriya qabul qilinsa, shundan 225 va 325 grammini uglevod tashkil etishi kerakligini bildiradi. Iloji boricha murakkab uglevodlarni o‘z ichiga oladigan dukkakli mahsulotlar va sabzavotlar iste’mol qilishni kanda qilmaslik kerak. Quyidagi belgilar kuzatiladigan bo‘lsa, organizmga uglevod har qachongidan ham zarur bo‘ladi.
Foto: FreepikOg‘izdan badbo‘y hid anqishi
Ketoz — organizm energiya yetmaganidan keyin ehtiyojni yog‘ va oqsildan olishga urinishidan kelib chiqadigan holat. Kuniga 50 grammdan kam uglevod iste’mol qilganda ketoz kuzatilishi mumkin bo‘ladi va bu og‘iz hidlanishida namoyon bo‘ladi. Buni bartaraf qilish uchun ko‘proq suv ichish va uglevodga boy mahsulotlarni iste’mol qilish kerak.
Kayfiyatning o‘zgarib turishi
Deyarli barcha uglevod miqdorini kamaytirib, parhez qiladiganlarda jizzakilik kuzatilib turadi. Gap shundaki, uglevod kishi o‘zini baxtiyor his qilishiga sabab bo‘ladigan serotonin gormonining ishlab chiqarilishida muhim rol o‘ynaydi. Organizmga uglevod yetishmaganda serotonin ishlab chiqarilishi keskin kamayadi va odam jahldor va asabiy bo‘lib qoladi.
Bosh og‘rig‘i
Uglevod yetarli miqdorda iste’mol qilinmaganda qondagi qand miqdori kamayadi va bu bosh og‘rig‘iga olib keladi.
Qorin shishishi
Uglevodga boy bo‘lgan mahsulotlarda hazm jarayoni uchun muhim bo‘lgan boshqa modda va kletchatkalar ham bisyor bo‘ladi. Kletchatkaning yetishmasligi esa qorin shishiga olib kelishi mumkin.
Qabziyat
Bu muammo ham uglevodga boy mahsulotlarni iste’mol qilmaganlikda kletchatkalar yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Donli, dukkakli mahsulotlar, ko‘katlar va karam organizmdagi me’yorni tiklab, ichaklar faoliyatini yaxshilaydi.
Energiya yetishmasligi
Oddiy yumushlar bajarganda ham charchab qolish va energiya yetishmasligini his qilish ham uglevodlar yetishmasligi bilan bog‘liq. Mushaklar massasining rivojlanishi uchun oqsil muhim, ammo aynan uglevod mashg‘ulot uchun muhim bo‘lgan energiya bilan ta’minlaydi.
Aqliy faoliyat bilan bog‘liq qiyinchiliklarning kuzatilishi
Energiya nafaqat tana, balki miya faoliyati uchun ham muhim sanaladi. Uglevod miqdorining keskin qisqarishi, ma’lumotlarni tahlil qilish, eslab qolish va diqqat qilishda muammolar kuzatiladi.
Ochlik hissi
Yetarlicha tanovul qilganda ham ochlikni his qilish ratsionning to‘g‘ri emasligi, organizmga uglevod yetishmayotganidan darak beradi.
Doimiy ravishda sovuq qotish
Organizmga uglevod yetishmasligi gipotireoz, ya’ni qalqonsimon bez faoliyatining susayishiga olib keladi. Qalqonsimon bez tomonidan ishlab chiqariladigan gormonlar tananing ichki haroratiga ham ta’sir qiladi va shuning hisobiga sovuq qotish holati kuzatiladi.
Manba