Smartfonlardan tarqaladigan nur teriga zarar yetkazishi haqiqatmi yoki yolg‘on?
Smartfonlardan tarqaladigan ko‘k nurning teriga zararli ta’siri haqidagi bahslar 2005-yilda — birinchi iPhone chiqarilishidan ikki yil oldin boshlangan. O‘shandan beri ushbu qisqa, ammo kuchli yorug‘lik to‘lqinlari(high-energy visible — HEV)organizm bioritmiga ta’sir qilishi, teri hujayralarini o‘ldirishi va qarish jarayonini tezlashtirishi haqida dalillar paydo bo‘la boshladi. Boshqacha qilib aytganda, gadjetlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanganda ularning zararliligi haqida shubhalar paydo bo‘la boshladi: ehtimol bu “qo‘rqitishlar” go‘zallik kompaniyalari tomonidan uyushtirilayotgandir?Axir quyoshda ham ko‘k nurlar bor, lekin undan himoyalanishning hojati yo‘q-ku.
Foto: Getty Images“Quyoshda haqiqatan ham HEV nurlar bor va ular teriga ziyon yetkazish borasida ultrabinafsha nurlardan qolishmaydi, — deydi Uriage dermatologik laboratoriyasi mutaxassisi Oksana Larionova. — Biroq biz ko‘k nurlarning asosiy qismini smartfon, televizor va kompyuter ekranlari orqali olamiz – bu quyosh nuridan 40 foizga ko‘proq demakdir. Ko‘k nur ultrabinafsha nurlanishidan farqli o‘laroq, kuyish yoki qizarishni keltirib chiqarmaydi, ammo sezdirmasdan zarar yetkazadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hamma ham uning xavfli bo‘lishi mumkinligiga ishonmaydi”.
Foto: Getty Images2019-yilda Oregon universiteti olimlari pashshalar ustida tajriba o‘tkazdi: birinchi guruhdagi pashshalar ko‘k nur ostida 12 soat, ikkinchi guruhdagilari esa tabiiy yorug‘lik ostida qoldirildi. Natijada birinchi guruhdagi pashshalarning harakatlanish funksiyasini buzilib, miya neyronlari va ko‘z to‘r pardasiga jiddiy zarar yetgan. “Muammo shundaki, ko‘k nur melatonin ishlab chiqarishni sekinlashtiradi, — deb qo‘shimcha qiladi Aging Control klinikasining kosmetologi Taisiya Petrova. — Oqibatda uyqu yetishmasligi sabab yoshga bog‘liq o‘zgarishlar sodir bo‘ladi”.
Apple 2016-yilda ko‘k nur ta’sirini minimallashtirish uchun smartfonlarida “tungi rejim” funksiyasini taqdim etdi. Shuningdek, endi smartfon sozlamalari yordamida ekranni qizil rangda qilish mumkin. Bunday rangdagi yorug‘lik qorong‘ida noqulaylik tug‘dirmaydi, ko‘z to‘r pardasiga deyarli ta’sir qilmaydi, ammo har qanday rang ham uxlashga xalaqit beradi. Shu sababli shifokorlar uxlashdan ikki-uch soat oldin telefonni o‘chirib qo‘yishni maslahat beradi.
Foto: Getty ImagesAjinlar va pigment dog‘lar
2016-yilda Merz Aesthetics kompaniyasi smartfonlardan faol foydalanadigan odamlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. ERSTA akademiyasi kosmetologi Lyusin Aleksanyanning ta’kidlashicha, ko‘k nur tufayli terida erkin radikallar hosil bo‘lib, ular hujayralar tuzilishini buzadi va erta qarishni keltirib chiqaradi. Ekranning yorqinligi ko‘zni charchatadi — mimik ajinlar hosil bo‘lganligi sababli ko‘pchilik yuz mushaklarining mikrotarangligini sezmay ham qoladi.
Ammo shifokorlar pigment dog‘lar smartfon tufayli paydo bo‘lishi mumkinligiga amin emas. Telefondan ajralmaydigan odamlarning ko‘zi ostida qora halqalar paydo bo‘lishi esa allaqachon o‘z isbotini topgan.
Foto: Getty ImagesTexnobo‘yin(Tech—texno, neck—bo‘yin)
Inson boshining og‘irligi taxminan 4,5 kilogramm. Agar boshni smartfon yoki noutbuk ekrani ustiga qiyshaytirsak, bo‘yinga tushadigan og‘irlik 27 kilogrammgacha oshadi. “Texnobo‘yin birinchi navbatda bo‘yin zonasida yuzga keladigan og‘riq va ko‘ndalang ajinlar bilan namoyon bo‘ladi, — deydi LazerJazz klinikasi kosmetologi Yulianna Kulturbayeva. — Bu muammo noqulay ahvolda kitob o‘qishni yaxshi ko‘radiganlarga tanish holat”.
Texnobo‘yin paydo bo‘lishining oldini olish uchun kollagen ishlab chiqarishni kuchaytiradigan muolajalar ( inyeksiya, termaj)dan, ajinlarni ketkazishda esa gialuron kislotasiga boy bo‘lgan moddalardan foydalanish mumkin. Bo‘yin og‘rig‘idan massaj hamda smartfonni ko‘z balandligi darajasida ushlab turishga odatlanish orqali xalos bo‘lish mumkin.
Foto: Getty ImagesAllergiya va toshmalar
Smartfon yuzasida hojatxonaga qaraganda 7-10 baravar ko‘p bakteriyalar borligi, afsuski, haqiqat. Ko‘pincha kosmetologlar yuz terisining holatidan kelib chiqib, bemor telefonni qaysi qo‘lida ko‘proq ushlab turishini aniqlaydi.
“Nopok yuzaning teriga tegishi yallig‘lanishni qo‘zg‘atadi, — deydi Le Colon kosmetologi Irina Maksimova. — Bu muammo shunchalik keng tarqalganki, u allaqachon o‘z nomiga ega: phacne(phone—telefon + acne—toshma). Yallig‘lanishning oldini olish uchun telefoningizni muntazam ravishda tarkibida spirt bo‘lgan vositalar bilan arting yoki naushniklardan foydalaning”.
Foto: Getty ImagesUnchalik keng tarqalmagan bo‘lsa ham, ammo dermatologlarni tashvishlantiradigan narsa smartfonning teriga tegishi natijasida yuzaga keladigan muammo — allergiyadir. Ko‘pincha teridagi bunday reaksiya telefon korpusidagi nikel moddasi tufayli sodir bo‘ladi, bu esa shish, qizarish, qichishish, toshma paydo bo‘lishiga olib keladi. Hozirda smartfon ishlab chiqaruvchilar ushbu metalldan kamroq foydalanishga, telefon korpusini plastikdan yasashga harakat qilmoqda.
Mikrobioma o‘zgarishi
Foto: Getty Images2017-yilda smartfondan nurlanish teridagi foydali bakteriyalarning ko‘payishini tezlashtirishi yoki sekinlashtirishi mumkinligini aniqlash maqsadida tadqiqot o‘tkazildi. Sezilarli o‘zgarishlar smartfonni kamdan kam ishlatadiganlar terisida aniqlandi. Ammo doimo qo‘lidan telefon tushmaydiganlarning mikrobiomasi barqaror edi. Olimlarning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda bakteriyalar rivojlanib, doimiy nurlanishga moslashgan bo‘lishi mumkin.
“Ko‘k nur tarqalishi uyquga xalaqit beradi va bu stress darajasini sezilarli darajada oshiradi. Stress, o‘z navbatida, teri mikrobiomasiga salbiy ta’sir qiladi. Ushbu himoya qatlamining yaxlitligini tiklash uchun probiotikalar, lipidlar, antioksidantlarga boy o‘simlik ekstraktlari va vitaminlarni qabul qilish lozim. Sog‘lom va kuchli mikrobioma elektromagnit nurlanish yoki ko‘k nurdan o‘zini himoya qila oladi”, — deydi Lancôme mutaxassisi Valeriya Xoxlova.
Manba