Nimaga bola bog‘chaga borishi bilan kasal bo‘lishni boshlaydi?
Bu savol hamma ota-onalarga yaxshi tanish. Ishlaydigan onalar betob bo‘lgan farzandiga qarash uchun “bolnichniy” olishiga to‘g‘ri kelishi ham tez-tez uchrab turadigan holat. Bola bog‘chaga borganidan keyin ketma-ket kasal bo‘lishiga bir qancha omillar sabab bo‘ladi.
Foto: “Domashniy ochag”Bola kontaktda bo‘ladigan ko‘p miqdordagi bakteriya va viruslar
Nafaqat bolalar, balki kattalar ham ish joyini o‘zgartirganida yangi hamkasblar davrasida turli virus va bakteriyalarni yuqtirib olishi mumkin. Barcha bir-birining mikroflorasiga o‘rganmagunicha kasallanish holatlari qaytalanaveradi.
Immun tizimi bilan bog‘liq muammo
Katta odamlar yangi hamkasblar oldiga borganda 1-3 martagacha kasallansa, yosh bolalarda bu holat har 2-4 haftada qaytalanishi mumkin. Gap shundaki, kattalarning immun tizimi bolalardan farqli ravishda to‘liq rivojlanib bo‘lgan.
Turmush tarzining o‘zgarishi, yangi tanishuv va taomlar bilan bog‘liq stress
Bog‘chaga borishni boshlagan bolada hamma narsa: ovqatlanish rejimi, yaqinlari va do‘stlari bilan muloqot qiladigan vaqt, o‘yinchoqlar hamda odatlar ham butkul o‘zgaradi. Stressga sabab bo‘ladigan bu kabi holatlar asab tizimini qo‘shimcha zo‘riqtiradi.
Bola bog‘chaga borishni boshlaganda infeksiya bilan zararlanish holati ko‘p kuzatilmasligi uchun nima qilish kerak?
Bola har gal bog‘chadan yoki ko‘chadan uyga kelganida qo‘llarini sovunlab yuvish kerak. Bunda chang va bir qancha mikroorganizmlar yuvilib ketadi. Bolaga aksirganda og‘zini kaftlari bilan emas, tirsaklari bilan yopish kerakligini o‘rgating. Bu aksirganda ajralgan bakteriyalar atrofga tarqalishining oldini oladi.
Bolaga stress kam bo‘lishi va oson moslashishi uchun to‘liq bog‘chaga berishdan avval biroz muddatga olib borib turing, dastlabki hafta davomida onasi yonida bo‘lsa, yana yaxshi. Bog‘chaga chiqishdan avval pnevmokok, meningokok va shu kabi boshqa infeksiyalarga qarshi emlanishi haqida qayg‘uring. Bu bolani virusli infeksiya bilan kasallanishdan saqlamasa ham, bakterial asoratlarning oldini oladi.
Bolaga ortiqcha qo‘shimcha dori vositalari: polivitaminlar, immunomodulyator va boshqalar berish tavsiya qilinmaydi. Mazkur preparatlar bolaning jigari va buyragiga zarar yetkazib, allergiya keltirib chiqarishi mumkin.
Manba